20:25 / 09.08.2017
10823

Spiker: Vagonlarga tosh otganlar jazolanishi kerak

2017 yil 9 avgust kuni Xalqaro Press-klubda “O‘zbekiston temir yo‘llari: yangi loyihalar va zamonaviy xizmat” mavzusida navbatdagi sessiya bo‘lib o‘tdi. Tadbirda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruv raisi o‘rinbosari Oybek Xudoyqulov va Davron Dehkanov, Angren-Pop loyihasi boshlig‘i Navro‘z Erkinov hamda “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Sog‘liqni saqlash xizmati boshlig‘i Toshpo‘lat Matibayev spiker sifatida OAV vakillarining savollariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob berishdi. 

Muloqot chog‘ida Xalqaro Press-klub rahbari Sherzod Qudratxo‘jayev temir yo‘l qatnovi chog‘ida ro‘y beradigan ayrim ko‘ngilsiz voqealar - ya'ni yoshlarning poyezdga tosh otishi va buning natijasida ayrim yo‘lovchilarga jarohat yetkazilishi haqida ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Bu masalani hal etishda amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Sog‘liqni saqlash xizmati boshlig‘i Toshpo‘lat Matibayev ma'lumot berib o‘tdi. 
Spikerning so‘zlariga ko‘ra, hozirda yoshlarning temir yo‘l poyezdariga nisbatan madaniyatini shakllantirish muhim o‘rin tutadi. 

"Germaniyadagi vagonlarga tosh otgan yoki poyezdlarga zarar keltirgan yo‘lovchilarga nisbatan jarima solinadi. Shu o‘rinda qonunchilikka qo‘shimcha o‘zgartirishlar kiritishni, yo‘lovchilar harakatini tartibga soluvchi me'yoriy hujjat ishlab chiqilishini tavsiya qilaman. Bunday nomaqbul ishlarni amalga oshirgan yoshlarga nisbatan tegishli jazo choralari ko‘rilmasa, tushuntirish ishlari olib borilmasa, ular insonlar sog‘lig‘iga qanchalar xavf solayotganini tushunib yetmaydi", deya qayd etdi Toshpo‘lat Matibayev.

Top