17:56 / 10.08.2017
29407

Video: O‘zbekistonlik ziyoratchilarning ilk guruhi Saudiya Arabistonida

«Haj—2017» mavsumi doirasida o‘zbekistonlik ziyoratchilar Saudiya Arabistoniga yo‘l olishmoqda. 7 avgust kuni jo‘nab ketgan ilk guruhlar (459 kishidan iborat ikki delegatsiya) ayni vaqtda Madina shahrida.

Madinadagi aeroportda o‘zbekistonlik hojilar kutib olgani tasvirlangan video tarmoqda paydo bo‘ldi.

Ma'lumot uchun, 7—23 avgust kunlari davomida o‘zbekistonlik 7350 nafar ziyoratchini «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasining «Toshkent — Madina», «Buxoro — Madina», «Samarqand — Madina», «Qarshi — Madina», «Namangan — Madina» hamda «Urganch — Madina» yo‘nalishlarida Haj safariga kuzatish tashkil etiladi.

Hojilar uchun mehmonxona, tibbiy markaz, oshxona va boshqa tashkiliy masalalarni hal etish maqsadida 10 nafar ishchi guruhi a'zolari Saudiya Arabistoniga safarbar etilgan.

Kuzatish va kutib olish tadbirlari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, mutasaddi vazirlik va idoralar hamkorligida amalga oshirilmoqda.

O‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun Madina shahrida «Masjid an-Nabaviy»dan 100—150 metr uzoqlikda joylashgan «Javharat ar-Roshid», Makka shahrida esa Haramdan 5000 metr uzoqlikdagi to‘rt yulduzli «Abroj al-Hidoya» mehmonxonasi tayyorlab qo‘yilgan. Har bir xona muzlatkich, televizor hamda konditsionerlar bilan jihozlangan. 24 soat davomida zamonaviy avtobuslarda ziyoratchilarni Makka shahridagi Haram masjidiga tashish yo‘lga qo‘yilgan.

O‘zbekistonlik hojilar Madina shahrida 3 kecha 4 kunduz bo‘lib, bu yerdagi muqaddas qadamjolarni ziyorat qilganlaridan so‘ng, Makka shahriga yo‘l oladi. Ziyoratchilarga mavsum davomida o‘zbekistonlik 35 nafardan iborat ishchi guruhi, 140 nafar guruh rahbari, 35 nafar shifokor va 15 nafar oshpaz xizmat ko‘rsatadi.

8—24 sentabr kunlari o‘zbekistonlik hojilarni «O‘zbekiston havo yo‘llari» samolyotlarida Toshkent, Buxoro, Samarqand, Qarshi, Namangan hamda Urganchga olib kelish rejalashtirilgan.

Top