17:18 / 11.08.2017
19000

Xalq banki boshqaruvi raisiga 3 nafar o‘rinbosar tayinlandi

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga binoan Xalq banki boshqaruvi raisiga 3 nafar o‘rinbosar tayinlandi.

Tohirjon Rahmonov Vazirlar Mahkamasining 597-sonli qaroriga muvofiq aksiyadorlik tijorat Xalq banki Boshqaruvi Raisining birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Bungacha u Xalq bankining Ichki audit departamenti direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Tohirjon Rahmonov 1981 yil Navoiy viloyati Navbahor tumanida tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy. 2002 yil Toshkent moliya institutini, 2006 yil O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasini tugatgan.

Nizomiddin Abbosov Vazirlar Mahkamasining 599-sonli qaroriga binoan aksiyadorlik tijorat Xalq banki Boshqaruvi Raisining o‘rinbosari etib tayinlandi. Bungacha u Xalq banki Iqtisodiy tahlil departamenti direktori lavozimida faoliyat yuritayotgan edi. 

Nizomiddin Abbosov 1977 yil Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy. 2000 yil Toshkent moliya institutini, 2010 yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilish akademiyasini tugatgan.

G‘ulomjon Polvonov Vazirlar Mahkamasining 598-sonli qarori bilan aksiyadorlik tijorat Xalq banki Boshqaruvi Raisining o‘rinbosari etib tayinlandi. Bungacha u Xalq bankining Pul muomalasi va kassa operatsiyalari departamenti direktori lavozimida ishlab kelayotgan edi.

G‘ulomjon Polvonov 1979 yil Namangan viloyati, Norin tumanida tug‘ilgan. Ma'lumoti oliy. 2003 yil Andijon muhandislik iqtisodiyot institutini, 2011 yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tugatgan.

Top