Borini el-yurt bilan baham ko‘rishni istaydigan xalqimiz o‘zining to‘ylari bilan mashhur. «Topganing to‘ylarga buyursin, iloyo», deya duo qilishadi nuroniylarimiz ham. Azal-azaldan shakllanib kelgan, to‘ylarimiz bilan bog‘liq chiroyli urf-odatlarimiz ezgu qadriyat darajasiga ko‘tarilgan. Sababi ularda o‘zbek xalqining boy ma'naviy dunyosi, madaniyati aks etgan.
Ammo keyingi paytlarda dabdababozlik, manmanlik, kimo‘zarga to‘y qilish, odamlar o‘rtasida soxta obro‘ topish, turli to‘qlikka sho‘xlik qiluvchi odamlar tomonidan o‘ylab topilib joriy etilayotgan, qadriyatlarimizga mutlaqo mos kelmaydigan yangicha urf-odatlar avj olayotgani kishining dilini xira qiladi. Ularda xalqimizning ko‘hna va boy madaniyati emas, balki ayrim kimsalarga xos bo‘lgan maqtanchoqlik, xo‘jako‘rsinlik, kibru havo namoyon bo‘lmoqda.
Birgina kelin tomonning mebelu sarpo-suruq hamda kuyovning uyini bezash kabi yaramas illatlar tobora ildiz otayotgani har bir mulohazali kishini tashvishlantirmasdan qolmaydi, albatta.
Bu jiddiy masalani Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ijod ahli bilan uchrashganlarida shaxsan tilga olib o‘tdi. Prezidentimizning Olmaliq shahriga tashrifida ham to‘y mavzusi yana ko‘tarildi. Ushbu uchrashuvlar mobaynida jonkuyarlik bilan aytilgan, behuda odatlardan voz kechgan holda avvalo yurtdoshlarimizning sog‘lig‘ini, moddiy va ma'naviy dunyosini asrashga qaratilgan so‘zlar aytildi.
Ammo keyingi kunlarda internet nashrlarida prezident so‘zlari noto‘g‘ri talqin etilib, (kontekstdan so‘zlar ajratib olingan holda) o‘ziga xos axborot xuruji amalga oshirilishi kuzatilmoqda.
Bunday xabarlarda to‘ylarni ixchamlashtirish ortidan to‘y industriyasi talofat ko‘rayotgani dastak qilinadi. Bu yana qanaqa industriya bo‘ldi? O‘sha to‘ylarimizda paydo bo‘layotgan yaramas odatlarni urchitayotganlar, yangidan-yangi odatlarni joriy etayotganlar norozimi endi bu tavsiyadan?
Chindan ham, o‘sha «kelinnavkar», «Love story», o‘nlab mashinalardan kortej yasash, odamlardan ortib qolib chiqindiga tashlanadigan ulkan tort kesish kabi yangicha odatlar qadriyatlarimiz, o‘zbekchiligimizga mutlaqo yot narsalar emasmi? Axir, nonning uvog‘ini ham uvol qilishni katta gunoh deb biladigan xalqqa yarashadimi shu odatlar?!
Prezident to‘y qilayotgan oilalarga qiyin bo‘lmasligini — yangi paydo bo‘lgan urf-odatlarni bajaraman, deya mutlaqo o‘zini oqlamaydigan ortiqcha sarf-xarajatlarga kirib, qarzga botib, sog‘lig‘idan ayrilib qolayotgan hamyurtlarimizni o‘ylab, bunday ko‘ngilsizliklarning oldini olish haqida kuyunchaklik bilan gapirib o‘tdi. Ayni paytda jamiyatimizda yosh oilalarning buzilib ketayotganiga bosh sabab ana shunday to‘ylar ortidan kelayotgan mashmashalar ekanligi hamma joyda aytilayapti-ku!? Hamma ko‘rib-bilib, o‘zi guvoh bo‘lib turibdi bunday «tomosha»larga. Bunday dabdabali to‘ylarga ich-ichidan qarshi bo‘lgan, ammo «odamlar qilyapti, men ham qilishga majburman, qaniydi hammani birday tartibga soluvchi qonun-qoidalar bo‘lsa» deb o‘ylovchi yurtdoshlarimiz ham ko‘pligini bilamiz.










