Foto: Islom.uz

Tarix turli voqealarga guvoh. Uning ochilmagan qirralari shu qadar ko‘pki, bilganing sari o‘ziga maftun etib boraveradi. Shu bilan birga senga olam-olam bilim manbai ham bo‘la oladi. Joriy yilning 10 avgust kuni Abdul Qodir ibn Mas'udning arab mamlakatlari tarixiga bag‘ishlangan tarixiy maqolasi e'lon qilindi. Shahnoza To‘raxo‘jayeva tarjimasi asosida tayyorlangan maqola info.islom.uz sayti tomonidan taqdim etilgan. Quyida ana shu maqola havola qilinmoqda.

Fors ko‘rfazidagi inqiroz shu darajaga yetdiki, Qatar hukumati tomonidan Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklarining talablari bajarilmasligi ortidan ayrim kuzatuvchilar bu ikki davlatning Qatarga qarshi harbiy bosqin boshlashi ehtimoli haqida gapira boshladi.

Ayni paytda mutaxassislarning fikricha, bu talablar shunday ifodalangandiki, ularni bajarish imkonsiz bo‘lib, harbiy aralashuvni naqd qilib qo‘yadi.

“Arablar arablarni o‘ldiradilar, ularning shaharlarini vayron qiladilar  va arab qonini daryo qilib oqizadilar” – bir necha o‘n yillar davomidagi arab hayotining qayg‘uli manzarasi bu, sabablari esa yerga ko‘mib tashlangan va bizning nazarimizdan pinhon. Aynan shu tufayli ham biz bugun boshimizdan nimalar o‘tayotganini anglash uchun tarix ummonining tubiga sho‘ng‘ishimizga to‘g‘ri keladi. Axir, bugun o‘tmishning qornida paydo bo‘ladi, tarix esa haqiqatni bilishni istaganlar uchun ustozdir. Quyidagi dokladda Qatarga harbiy bosqin ehtimoli muhokamasi eng qizg‘in nuqtaga yetgan bir sharoitda biz zamonaviy dunyoda arab mamlakatlari orasida bo‘lib o‘tgan beshta eng yirik qurolli to‘qnashuvni yodga olamiz.

1962 yil Yamandagi urush

Yamanliklar tomonidan “26 sentabr inqilobi” deyiladigan Yaman urushi o‘tgan asrning 60-yillarida boshlandi va 1967 yilgacha – Misrning mag‘lubiyati yoki 1967 yilgi “Naqsa” (olti kunlik urush – muh. izohi)gacha  – davom etdi.

Urush respublika tuzumi tarafdorlari imom Al-Badr saroyini o‘rab olishlari bilan boshlandi, buning natijasida Mutavakkil qirolligi qulatildi, imom esa Saudiya Arabistoniga qochdi. Ammo Buyuk Britaniya, Saudiya Arabistoni va Iordaniya o‘z tarafdorlarini 1970 yilgacha qo‘llashda davom etdi, bu vaqtda Jamol Abdul Nosir respublikachilar tomonida bo‘ldi. Bu bilan u o‘z nazarida Misr va Suriya tomonidan tuzilgan birlashgan respublikaning parchalanishi ortida turgan Saudiya Arabistoniga qarshi “ochko” ishlab olmoqchi edi. Bundan tashqari, uning maqsadi arab o‘lkalarida sotsializm g‘oyalarini targ‘ib qilish hamda unda o‘zi ilgari surayotgan panarabizm g‘oyalariga mos tarzda Misrga xayrixoh tuzumlar joriy etish edi.