23:12 / 16.08.2017
100199

Din ishlari qo‘mitasi: “Ro‘mol - diniy libos emas”

15 avgust kuni Milliy matbuot markazida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Toshkent islom universiteti, O‘zbekistondagi Islom madaniyati markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari ishtirokida anjuman tashkil etildi. Anjuman "Mustaqillik yillarida vijdon va e'tiqod erkinligi sohasida erishilgan yutuqlar" mavzusiga bag‘ishlandi. 

Tadbir vaqtida diniy ta'limni rivojlantirishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumotlar berildi. Ishtirokchilar orasida diniy libos masalasi ham o‘rtaga tashlandi.  Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonunning yangi tahriri, 14-moddasida "Fuqarolarning jamoat joyida diniy libosda yurishiga yo‘l qo‘yilmaydi" deyilgani, aslida diniy libos deyilganda qanday kiyimlar nazarda tutilishi haqida savollar yo‘llandi. 

"Muayyan bir dinlarda ayrim rasm-rusumlarni bajarish uchun kiyiladigan kiyimlar belgilab qo‘yilgan bo‘ladi. Aholimizning 94 foizidan ortig‘i islom diniga e'tiqod qiladi. Islom dinida ibodat qilish uchun "bunisi - islom kiyimi, bunisi esa islom diniga zid", degan tushunchalar yo‘q. Boshqa dinlarda esa ibodat marosimlarini o‘tkazish uchun alohida liboslar kiyiladi. Islom dinida esa ibodat uchun diniy kiyim, degan mulohazalar noo‘rin", deya qayd etdi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari O‘tkir Hasanboyev.

Shuningdek, anjuman davomida ayollar o‘rab yuradigan ro‘mol - diniy libos toifasiga kirish-kirmasligi ham muhokama qilindi. 

"Din ishlari qo‘mitasi, mutasaddi tashkilotlar, maslahatchi-ekspertlar ham ro‘molni hech qachon diniy libos sifatida e'tirof etmagan. Agar ro‘molni diniy libos sifatida qaralayotgan vaziyatga duch kelsangiz, bizga murojaat qilishingiz mumkin. Biz bu masalani ko‘rib chiqishga tayyormiz", dedi qo‘mita raisi o‘rinbosari.

Top