Ikkinchi jahon urushi yakunlanganidan so‘ng sobiq ittifoqda yozuvchi atalganlarning aksariyati memuar yozishga kirishib ketgan ekan. Tabiiyki, necha kishi bunday asar yozsa, shuncha talqin yuzaga keladi, tarix haqiqatlari taxmin, nuqtai nazar va eng yomoni yolg‘on ta'sirida ko‘milib ketadi. Shunda hukumat hammasiga chek qo‘yib, bunday asarlar chop etilishini to‘xtatib qo‘ygan, chuqur o‘rganishlar va nazoratdan keyingina ayrimlariga ruxsat bergan ekan.

Tarix shundayki, unda kechgan jarayonlarga, ayniqsa ma'lum shaxslar faoliyatiga darhol baho berish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Oxirgi paytlarda so‘z erkinligi epkinlaridan ruhlanibmi, yoki bu mavzu ommabopligidan ilhomlanibmi, birinchi prezidentimiz Islom Karimov faoliyatiga baho berish, uning islohotlarini tahlil qilish, u qoldirgan davlatning har bir tizimini taroziga solib ko‘rish urf bo‘ldi.

Albatta, har bir davlat rahbari faoliyati ko‘p yillar, hatto asrlar muhokama qilinadi, davr sinovlarida turlicha baholanaveradi. Ammo yuzaki qarash, shoshma- shosharlik bilan qiyoslash, ayniqsa vaziyatni tushunmay xulosa chiqarish durust emas.

Keling, hatto siyosatdan uzoq bo‘lgan oddiy inson ham tahlil qilishi mumkin bo‘lgan ayrim jihatlarni yodga olamiz.

1. Mustaqillikka erishgan yillarimizda o‘spirin yoshda edim. Narx-navo shiddat bilan o‘sib borar, inson jon saqlashi uchun zarur bo‘lgan oziq ovqatlar tanqisligi yuzaga kelgandi.

Non uchun soatlab navbatda turardik, kechasi borib tongda non sotib olgan paytlarimiz bo‘lgan. Ota-onalarimiz bizning qornimizni to‘ydirish uchun nima qilishni bilmay bir-birlariga tikilib qolganlarining guvohi bo‘lganmiz. Keyinchalik un sotilmay qoldi, hamma bug‘doy tortib non yopa boshladi. Tegirmon ko‘paydi. Qishloqlardagi oldi-sotdida pul o‘rniga g‘alla ishlatila boshlandi.

Shunday kunlarda bir ayolning bug‘doy olish uchun kombaynga yaqinlashib yanchilib ketganini eshitib, dahshatga tushgandim. Bu voqea aslida bo‘lganmi, yo‘qmi, bilmayman. Lekin har bir ta'sirli voqeani baholashda albatta davlat rahbarlarini ayblash menda ham bo‘lgan. «Bechora ayol bolalarini boqish uchun parcha-parcha bo‘lib ketsaya. Yuqoridagilarda insof bormi?..» Ammo baribir bu masalada qat'iy turildi, har bir boshoq don davlat nazoratiga olindi va nihoyat g‘alla mustaqilligiga erishildi. Bugun, yaratganga shukr, non muammosi yo‘q. Albatta, baho berguvchilar nazdida bu juda oddiy yutuq tuyilishi mumkin, ammo butun bir xalqning ochlik changaliga tushib qolmay o‘zini o‘zi eplab ketganini, buning uchun to‘g‘ri yo‘l tanlab olinganini tushunganlar tushunadi.