15:45 / 19.08.2017
12186

APL anonsi. «Uembli»da London derbisi

Bugun Angliya premer-ligasining ikkinchi turidan o‘rin olgan uchrashuvlarga start beriladi. Tribuna.Uz «Uembli»da kechadigan dastlabki derbi, Manchesterdagi o‘ziga xos kurash va boshqa uchrashuvlar tafsilotiga batafsil to‘xtalib o‘tadi.

Angliya premer-ligasi 2-tur

«Suonsi» – «Manchester Yunayted» (19 avgust, Futbol TV, Match! Futbol 1)

O‘yinoldi qiziqarli faktlar
«Manchester Yunayted» Premer-liga doirasida «Suonsi Siti»ga qarshi so‘nggi uch uchrashuvning ikkitasida g‘alaba qozongan (1 durang), ungacha esa ketma-ket uch uchrashuvda 2:1 hisobda yutqazgandi. «Suonsi» «Yunayted»ga qarshi APL doirasidagi barcha 12 uchrashuvda biror marta ham o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qola olmagan.

Uelsliklar o‘tgan mavsumni ham qo‘shib hisoblaganda so‘nggi 6 uchrashuvdan buyon mag‘lubiyatga (4G‘, 2D) uchramay kelmoqda. Jumladan «MYu»ga qarshi o‘tgan mavsum so‘nggida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham durang qayd etilgan. Bu natija jamoaning 2013 yil yanvaridan buyon qayd etgan eng yaxshi ko‘rsatkichi sanaladi.

Romelu Lukaku yangi jamoadagi ikki debyut uchrashuvida gol urgan beshinchi «MYu» futbolchisi (bungacha Ibrahimovich, Marsial, Makeda va Saa APLdagi debyut ikki o‘yinida ham ketma-ket gol urgan) bo‘lishi mumkin.

Yo‘qotishlar
«Suonsi» tarkibida hujumchisi Fernando Lorente (qo‘lini sindirib olgan) maydonga tusha olmaydi. «Manchester Yunayted» esa Lyuk Shou va Eshli Yang xizmatidan foydalana olmaydi.

«Liverpul» – «Kristal Pelas» (19:00, Futbol TV, Match! Futbol 1)

O‘yinoldi qiziqarli faktlar
Ikki jamoa ham barcha musobaqalar doirasidagi so‘nggi 10 uchrashuvda raqiblar darvozasini ishg‘ol qilib kelmoqda. «Liverpul» «Kristal Pelas» o‘rtasidagi so‘nggi 10 o‘yinda o‘rtacha har bir o‘yinda 3,9tadan gol kiritilmoqda.

«Kristal Pelas» Premer-liga doirasidagi «Enfild»da kechgan so‘nggi uchta uchrashuvda faqat g‘alaba qozongan va bugun, ketma-ket to‘rt marta Liverpuldan g‘alaba bilan qaytgan ilk jamoaga aylanishi mumkin. Kristian Benteke «Enfild»da raqib futbolchisi sifatida uch o‘yinda 5ta gol kiritishga muvaffaq bo‘lgan. Boshqa istalgan joydagi natijadan bu ko‘rsatkich yaxshiroq sanaladi.
Sadio Mane «Kristal Pelas»ga qarshi APL doirasidagi so‘nggi besh uchrashuvda 3 gol va 1 golli uzatma muallifi bo‘lgan.

Yo‘qotishlar
«Liverpul» hujumchisi Daniel Starrij uzoq tanaffusdan so‘ng bu uchrashuvda maydonga tushishi mumkin bo‘ladi. Filipp Koutino, Nataniel Klayn va Adam Lallana jarohati sabab bu uchrashuvda ishtirok etmaydi.
«Kristal Pelas» esa o‘yinni Vilfrid Zaasiz o‘tkazadi, ammo Yoan Kabay va Jyeyms MakArtur jarohatidan tuzalib safga qaytishi kerak.


Stok Siti – Arsenal (21:30, Futbol TV, Match! Futbol 1)

O‘yinoldi qiziqarli faktlar
«Stok Siti» «Arsenal»ga qarshi o‘z uyida kechgan so‘nggi yetti uchrashuvning faqat bittasida (3G‘, 3D, 1M) mag‘lubiyatga uchragan. «Arsenal» 2009/10 yildan buyon ilk marta APLni ketma-ket ikki g‘alaba bilan boshlashi mumkin.

«Arsenal»ga qarshi eng ko‘p boshi bilan (9 marta) gol urgan Piter Krauch so‘nggi ikki golini aynan bet365 stadioinida kiritgan.
Aleksandr Lyakazett ketma-ket ikki debyut uchrashuvida gol urgan «Arsenal» tarixidagi ilk futbolchi bo‘lishi mumkin.

«Stok Siti» yangi hujumchisi Xese Rodriges «Parij Sen-Jyermen»dan ijara olindi va bu uchrashuvda debyut qilishi mumkin. Qiziq tomoni Xesening «Real»dagi faoliyatidagi nuqta qo‘ygan mash'um jarohatni unga aynan bugun «Arsenal» safida maydonga tushishi kutilayotgan Siyod Kolashinats yetkazgandi. Shu ma'noda bu uchrashuv ikki futbolchining qayta uchrashuvi sifatida kichik intrigani keltirib chiqarishi mumkin.

Qayd etish kerakki, «Stok Siti» tarkibida Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan 5 nafar futbolchi bor. Bular Xese Rodriges («Real» safida), Boyan Krkich va Ibrohim Afellay (ikkisi «Barselona»), Shaqiriy («Bavariya») hamda Fletcher («MYu»).

Yo‘qotishlar
Mezbonlar tarkibida Ibrahim Afellay va Stiven Ayrlend maydonga tusha olmaydi. «Arsenal» Shkodran Mustafi va Frensis Koklen bu uchrashuvda safga qaytishi mumkin. Per Mertezaker esa yuzidan olgan jarohati sabab bu uchrashuvda ishtirok eta olmaydi. Shuningdek, Aleksis Sanches maydonga tusha olmasligi aniq. Santi Kasorla uzoq vaqtdan buyon o‘ynamayapti. Loran Koselni esa diskvalifikatsiya qilingan.

«Tottenhem» – «Chelsi» (20 avgust, 20:00, Futbol TV, Match! Futbol 1)

O‘yinoldi qiziqarli faktlar
Bu «Uembli» stadionida bo‘lib o‘tadigan ilk Angliya premer-ligasi ilk uchrashuvi bo‘ladi. Natijada APL o‘yinlari o‘tkazilgan stadionlar soni 58taga yetadi.
«Chelsi» «Tottenhem»ga qarshi barcha musobaqalardagi jami 178 o‘yinning faqat ikkitasida mag‘lubiyatga (8G‘, 7D, 2M) uchragan.
Ammo «Shporlar» o‘z uyida Maurisio Pochettino boshchiligida APLdagi barcha London derbilarini mag‘lubiyatsiz o‘tkazmoqda. Jamoa o‘z uyida kechgan 13 London derbisining 9tasida g‘alaba qozongan, 4 durang.
«Chelsi» amaldagi chempion sifatida APLni ketma-ket ikki mag‘lubiyat bilan boshlagan jamoa bo‘lib qolishi mumkin.

«Tottenhem» tarkibida Denni Rouz, Erik Lamela va Jorj-Kevin Nkudu jarohati sabab maydonga tusha olmaydi. Kiran Tripperning ishtiroki ham so‘roq ostida qolmoqda. «Chelsi» tarkibida jarohatdan tuzalib safga qaytgan Tiyemue Bakayoko debyut qilishi mumkin. Pedro va Eden Azar to‘liq sog‘ayib ketmagan va bu uchrashuvda ishtirok etishi so‘roq ostida qolmoqda. Gari Keyhill va Sesk Fabregas esa o‘tgan turdagi qizil kartochka sabab bu uchrashuvni o‘tkazib yuboradi.

«Manchester Siti» – «Everton» (21 avgust, 23:55, Futbol TV, Match TV)

O‘yinoldi qiziqarli faktlar
«Everton» «Manchester Siti»ga qarshi APL tarixidag eng yirik g‘alabasiga o‘tgan mavsumda erishgan (4:0).
«Manchester Siti» so‘nggi olti uchrashuvdan buyon o‘z uyida «Everton»ga yutqazmay kelmoqda (3G‘, 3D).
Ueyn Runi APLdagi gollari sonini 200taga yetkazib olishi uchun yana bitta gol urishi kerak. 200 gol kiritgan futbolchilar ichida faqatgina Alan Shirer «Siti» darvozasiga (11 gol) Runidan ko‘proq (8 gol) urishga muvaffaq bo‘lgan
Serxio Aguero yana bitta gol kiritsa, APL tarixida yevropalik bo‘lmagan eng yaxshi to‘purarga aylanadi  va bu borada rekordchi bo‘lib turgan Duayt Yorkni ortda qoldiradi (hozirda uning hisobida 123ta gol bor).

«Manchester Siti» tarkibida Ilkay Gundo‘g‘an va Benjamin Mendi to‘liq mashg‘ulotlarga qaytgan, ammo ularning maydonga tushishi so‘roq ostida turibdi. Fabian Delfda ham shu holat.
«Everton» tarkibida jarohati sabab Sheymus Koulmen, Yannik Bolazi va Ramiro Funes-Mori uchrashuvda ishtirok eta olmaydi. Ross Barkli va Jyeyms MakKartini ishtiroki so‘roq ostida.

2-turda shuningdek yana 5 uchrashuv bo‘lib o‘tadi:

19 avgust, 19:00
Lester – Brayton
Byornli – Vest Bromvich
Bornmut – Uotford
Sauthempton – Vest Hem
20 avgust, 17:30
Haddersfild – Nyukasl

Top