09:45 / 21.08.2017
13286

Yangi avlodga qanday erishamiz?

Dunyoning rivojlangan davlatlaridagi mashinasozlar elektr quvvati bilan, hattoki haydovchisiz harakatlanuvchi avtomobillarni ommaviy ishlab chiqarish arafasida turgan bir paytda GM Uzbekistan korxonasining o‘zi ishlab chiqarayotgan mashinalarda yangilik o‘laroq, metan gaz ballonlarini o‘rnatishni boshlamoqchiligi O‘zbekistonda ilm fan va texnologiya sohalarining qay saviyada ekanini yaqqol ko‘rsatadi.

Bunday achinarli holatdan chiqishning yagona yo‘li esa millatimiz ongida ilm-fan, izlanishga bo‘lgan qiziqishni uyg‘otish, uni oddiy qiziqishdan hayotiy ehtiyojga aylantira olishdir. Faqat shu yo‘l bilan biz kelajakda buyuk kashfiyotlar qila oladigan olimlarni tarbiyalashga zamin yaratgan bo‘lamiz. Fan sohasida yuksak cho‘qqilarni egallash igna bilan quduq qazishga tenglashtirilishi hech kimga sir emas. Shunday ekan, allaqachon «suyagi qotgan» avlod vakillarini bu xayrli ishga yo‘naltirish amri maholdir (agar ular allaqachon bu yo‘lni tanlab ulgurishgan bo‘lmasa). Qolaversa, inson o‘zining hayotini ilm-fanga bag‘ishlashga va butun umrini ilmiy izlanishlar, yangiliklar yaratish ketidan quvib o‘tkazishga rozi bo‘lishi uchun bunday qiziqish unga hayotining ilk yillaridan singdirilishi lozim.

Mashhur rus adibi Chernishevskiy bergan savol beixtiyor inson xayoliga keladi: «Nima qilmoq kerak?». Qizig‘i shundaki, yosh avlod, ayniqsa maktabgacha ta'lim va boshlang‘ich sinf yoshidagi o‘quvchilarni zamonaviy ilm-fanga qiziqtirish uchun velosipedni qaytadan ixtiro qilishga hojat yo‘q. Ilg‘or tajribalarni mahorat bilan «ko‘chirsak», kifoya (ko‘chirish so‘zi bu o‘rinda balki qo‘polroq yangrar, lekin millatimiz uchun zararli bo‘lgan ko‘plab boshqa narsalar ko‘chirilib yotgan bir paytda, xalq manfaati uchun ilg‘or tajribalarni «ko‘chirish» kechirimli bo‘lsa kerak). Ilg‘or tajribalar haqida batafsil to‘xtalishdan oldin, aynan maktabgacha ta'lim hamda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari haqida fikr yuritayotganimning yana bir sababini aytsam: ayni shu yoshdagi bolajonlar berilgan yangi bilimlarni tez o‘zlashtira oladigan darajada zehnli va hamma narsaga juda qiziquvchan bo‘lishni taqozo qiladigan darajada ijobiy ma'noda bilimsiz bo‘ladilar.

Rivojlangan davlatlardagi muzeylarning O‘zbekiston muzeylaridan bitta katta farqi bor. Odatda, «markaziy» yoki «milliy» mavqeiga ega bunday muzeylarda albatta ilm-fan bo‘limi mavjud. Luvr muzeyiga kirgan ziyoratchi maktab o‘quvchilarining qadimgi Misr bo‘yicha referat tayyorlash uchun «jonli tarix»dan foydalanayotganini ko‘rmay iloji yo‘q. Singapur ilm-fan muzeyida esa salgina chizishni bilgan bog‘cha bolasi ham o‘z ijod namunasi bo‘lmish fazoviy kema rasmini 3 o‘lcham ko‘rinishida fazoda uchayotganiga guvoh bo‘la oladi. Shotlandiya milliy muzeyi ilm-fan bo‘limiga borgan bolakay Dolli ismli qo‘yni klonlashga oid qiziqarli filmni tomosha qilib zavqlanadi. Bunday muhitda maktabda o‘qitilayotgan bilimlarni haqiqiy hayotda jonli tarzda qo‘llay olgan bolada ilm-fanga nisbatan kuchli ishtiyoq tug‘ilishi tabiiy, albatta.

Demak, yuqoridagi «nima qilmoq kerak?» degan savolga javoban bir necha g‘oyalarni berish mumkin.

Avvalo, tarbiyachi va o‘qituvchilar hashar, qishloq xo‘jalik ishlari, shahar obodonchiligi hamda turli ish hujjatlarini to‘ldirishdan bo‘shagan vaqtlarida fanlarni sidqidildan, bolalarni qiziqtirib o‘tishga urinmoqlari lozim. Albatta bu masala pedagogning shaxsiy professional saviyasi va ish uslubiga borib taqaladi.

Keyingi o‘rinda, bola bog‘chada yoki maktabda olgan yangi bilimlarini haqiqiy hayotiy vaziyatlarda qo‘llab ko‘ra olishi uchun ularga atab ilm-fan markazlari (butun boshli muzeydan umid qilishga haddim sig‘maydi) tashkil qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Toki, ular ilm-fanga qiziqqan yoshlar uchun maktabdan keyingi eng sevimli joyga aylansin. Biroq, afsuski, oddiy o‘rta maktablarni eng kerakli moddiy texnika bazasi bilan ta'minlash oqsab turgan bir davrda, ikkinchi taklifning tez orada amalga oshishini kutish aqldan emas.

Har qanday muammoni ko‘targan shaxs, shu muammoni hal qilish uchun ertagayoq qo‘yilishi mumkin bo‘lgan qadamni, yechimni taklif qila olishi shart, deb hisoblayman men. Yuqoridagi ikki taklifning amalga oshish muddatlari mavhum ekanligini hisobga olsak, xohlagan o‘quvchi o‘zi shu maqolani o‘qiboq qo‘l urishi mumkin bo‘lgan bir yechim bor.

Uyingizni ilm-fan markaziga aylantiring! Qanday qilib? Men taklif qilayotgan yechimning qulayligi shuki, uni amalga oshirish uchun sizdan na qimmatbaho asbob uskuna, na noyob moddalar talab qilinadi. Eng oddiy misollarni olaylik: magnit maydoni hocil qilish uchun taroq va sochli bosh yetarli; suv muzlaganda kengayishini ko‘rsatish uchun bir parcha muz va idishda suv kifoya; shiddatli kimyoviy reaksiyaga guvoh bo‘lish uchun gazli suv va oshxona sodasi bo‘lsa, bo‘ldi. Bu ro‘yxatni juda uzoq davom ettirish mumkin.

O‘quvchida tabiiy savol tug‘ilishi mumkin: «Axir, bunga o‘xshagan tajribalar televideniyeda juda ko‘p ko‘rsatiladiku?». To‘g‘ri, lekin hayotni endi tanib kelayotgan bola uchun bunday «mo‘'jiza»ning uning ko‘z oldida ro‘y berishi, va hattoki bolakayning unda shaxsan o‘zi qatnashishi mumkinligi bunday tajribalar ta'sirchanligini ming chandon oshiradi.

G‘oyaga qiziqqan, lekin ishni nimadan boshlashni bilmayotgan ota-onalarga esa, ilhom olish uchun internet kengliklarida kerakli video darslar to‘lib yotibdi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, mamlakatimizda ilm-fan taraqqiyotini keskin rivojlantirish hayotiy zaruratdir, zero bizning millat sifatidagi istiqbolimiz aynan shunga bog‘liq. Garchi davlatimiz tomonidan bu yo‘nalishda ish olib borilayotgani ehtimoldan xoli bo‘lmasada, mamlakat kelajagiga befarq bo‘lmagan fuqaro uchun hoziroq yengni shimarib ishga kirishish imkoniyatining borligi inkor qilib bo‘lmas haqiqat. Tashabbusni biroz o‘z qo‘limizga olishni o‘rgansak, bo‘ldi.

Iskandar Sattiboyev

Mavzuga oid
Top