Uy-joy oldi-sotdisi bilan ro‘baro‘ kelmagan odamni topish qiyin bo‘lsa kerak. Mutaxassislarning fikricha, xaridor 5-10 daqiqa ichidayoq uyni olish-olmasligi haqidagi qarorni chiqarar ekan, uning e'tiborini birinchi navbatda uyning ahvoli va shipning balandligi tortarkan. Bu haqda Norma.uz yozmoqda.
Uyga xaridor topildi, deylik. Hujjatlarni rasmiylashtirish sanasini kelishib oldingiz, mana, shu bosqichda ko‘pchilik sotuvchilar bir xatoga yo‘l qo‘yishadi. Ular telefonni o‘chirib qo‘yishadi: qo‘ng‘iroq qilayotganlarga uy sotilganini aytishadi, har qanday reklamani olib tashlashadi. Chunki ular xaridor o‘zi uchun yanada foydaliroq bo‘lgan variantlarni izlayotgan bo‘lishi mumkinligini xayollariga keltirishmaydi.
Kelishilgan kunda xaridordan darak topolmagan sotuvchi xavotirga tusha boshlaydi. Qo‘ng‘iroqlarga javoban xaridor hammasi joyida ekani, mablag‘ni to‘playotganini ma'lum qiladi (ertaga qarzni qaytarishadi, uch kundan keyin mashinaning pulini olib kelishadi, ertaga qarindoshim qarz berib turadi, xullas, bahonalar ko‘p). Bir oy o‘tar-o‘tmas esa u boshqa uyni sotib olgani va hujjatlarni ham rasmiylashtirib ulgurganini bildiradi...
Shu bois sotuvchi xaridor to‘liq hisob-kitob qilmaguniga qadar, oldi-sotdi shartnomasi notarius tomonidan tasdiqlanmagunicha uy sotilishi haqidagi e'lonni olib tashlamasligi kerak. Bundan tashqari, xaridor bilan uy oldi-sotdisi bo‘yicha to‘liq kelishuvga kelingandan keyin dastlabki to‘lov masalasini darhol ko‘tarish zarar qilmaydi.
Deylik, xaridor uyni olishi aniq ekanini tasdiqlovchi dastlabki to‘lovni kiritishga rozi bo‘ldi va uning summasi ham kelishib olindi. Bu jarayonni qanday qilib to‘g‘ri hujjatlashtirish kerak, keyin nizolar kelib chiqmasligi uchun pulni qanday qilib olish/berish kerak.
Zakalatmi yoki avans (bo‘nak)
Fuqarolik kodeksining 311-moddasida shunday deyilgan: «Shartnoma tuzayotgan taraflardan biri shartnoma tuzilganligini isbotlash va uning ijrosini ta'minlash yuzasidan beradigan pul summasi zakalat hisoblanadi. Zakalat to‘g‘risidagi kelishuv zakalatning summasidan qat'i nazar, yozma ravishda tuzilishi kerak. Shartnomadagi taraf amalga oshipishi kerak bo‘lgan to‘lovlap hisobidan to‘langan summa zakalat ekanligiga, xususan ushbu moddaning ikkinchi qismida belgilangan qoidaga rioya qilinmasligi oqibatida, shubha tug‘ilgan taqdirda, bu summa, agar boshqa hol isbotlangan bo‘lmasa, bo‘nak sifatida to‘langan deb hisoblanadi».
Fuqarolik kodeksining 312-moddasida esa zakalat bilan ta'minlangan majburiyatni bekor qilish va bajarmaslik oqibatlari keltirilgan: «Majburiyat uni bajarishdan oldin taraflarning kelishuviga muvofiq yoki bajarishning imkoni yo‘qligi oqibatida bekor qilingan taqdirda zakalat puli qaytarib berilishi kerak. Agar shartnomaning bajarilmasligi uchun zakalat puli bergan taraf javobgar bo‘lsa, zakalat ikkinchi tarafda qoladi. Agar shartnomaning bajarilmasligi uchun zakalat olgan taraf javobgar bo‘lsa, u ikkinchi tarafga zakalatni ikki baravar qilib qaytarishi shart. Bundan tashqari, shartnomaning bajarilmasligi uchun javobgar bo‘lgan taraf, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, zakalat summasini hisobga olgan holda ikkinchi tarafga zararlarni to‘lashi shart».











