Bank ko‘rinishidagi ilk faoliyat quldorlik jamiyatida paydo bo‘lgan, u savdogarlarning pul bilan munosabatlarini soddalashtirish hamda hisob-kitobni yuritish ishlari bilan shug‘ullangan. Keyinchalik ko‘paya boshlagan sharqdagi sarroflar sayohatga otlangan kishilarning aqchasini mahalliy pulga almashtirib berish, omonatlarni saqlash bilan shug‘ullana boshlaydi. Bugungi kunda rivojlanib zamonaviy banklar xuddi shunday va takomillashgan moliyaviy xizmat turlarini yoki undan ham ortig‘ini taklif etmoqda. Mijozlarning talabini qondiriladi, ma'lum xizmat puli evaziga (tekinga emas!) taklif etilgan imkoniyatdan foydalanish mumkin.
Garchi quldorlik jamiyatini yashab o‘tgan, bugun kuchli fuqarolik jamiyatini qurish yo‘lida birlashib, rivojlanishga intilayotgan bo‘lsak ham, «Agrobank»ning Toshkent shahar filialida oddiy bir mijoz bank xizmatidan foydalanish uchun yalinib, yolvorib, iltimos bilan hamma eshikni bir-bir ochmoqda. Natija esa...
Gap shundaki, Pekindan 180 km masofada joylashgan Beydayhe Xalqaro iqtisodiy munosabatlar va biznes universiteti talabasi, o‘zbekistonlik Muhammadali Ramazonov yozda o‘qishdagi ta'til munosabati bilan Toshkentga, o‘z uyiga qaytib kelgan. Muhammadali 2017/18 yilgi o‘quv mavsumida Xitoydagi ta'limni davom ettirish uchun 3000 AQSh dollari miqdorida to‘lov-kontraktini to‘lashi talab etiladi. U yuqorida nomi zikr etilgan bank muassasasi bilan avvaldan shartnoma tuzib xizmatidan foydalangani uchun keliboq, o‘qishi uchun talab etilgan summani so‘m mablag‘laridan konvertatsiya orqali AQSh dollari ko‘rinishida to‘lab berishlarini iltimos qiladi.
Ammo bank filial rahbari Asad Ashurov «Senga Xitoyda o‘qib nima bor? Jimgina Toshkentda o‘qisang bo‘lmasmidi?» deya unga qo‘pol munosabatda bo‘ladi. Filialda konversion amaliyotlar bilan shug‘ullanuvchi tegishli bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Shahzoda Sodiqova esa «pul yo‘q, resurs yetishmayapti, bizga madad puli berilmayapti» deb xizmat ko‘rsatmaslikka vajlar topa boshlaydi.
Noilojlikda qolgan Ramazonov KUN.UZ tahririyati bilan bog‘landi, uning maqsadi o‘zi kabi sarson yurganlar uchun bir yechim borligini bilish edi. Jurnalist masalaga oydinlik kiritish maqsadida Muhammadalining o‘zi bilan bog‘landi:
«Men bir marta emas, uch marta murojaat qildim. Negaki, men «Agrobank»ning ushbu filiali bilan shartnoma tuzib, plastik kartochkasidan foydalanaman. Avvaldan mijoz bo‘lganim uchun ishim cho‘zilmaydi, tezroq hal bo‘lar, deb o‘ylagandim. Yalinib bormagan joyim qolmadi, KDB, Infin, Kapital banklariga ham bordim. Ba'zida bank eshigidan ham kiritishmadi, «noyabrgacha navbat bor, hozir qabul qilmaymiz» deyishdi.
Lekin 25 avgustgacha shu so‘ralgan 3000 dollarni to‘lamasam, Xitoyda o‘tkazgan umrim, sa'y-harakat va to‘lagan pullarim havoga sovurilib, talabalar safidan chiqarilaman. Agar imkoniyatim bo‘lganda, pulim bo‘lganda shunaqa yalinib yurarmidim? «Qora bozor»da belgilangan kurs bo‘yicha AQSh dollarini sotib olishga qurbim yetmaydi, axir barcha hujjatlar va qonun asosida yalinib bordim-ku? Prezident Virtual qabulxonasiga shikoyat arizasi bilan murojaat qildim, bank mutasaddilari esa portalga shikoyat qilganimdan so‘ng, 300 dollar taklif qildi. Bu esa yetmaydi», deydi u.
















