19:00 / 23.08.2017
16243

Bolangizni zombi «quti»dagi tuzoqdan asrang

Bolaning rivojlanib borishi juda murakkab va uzoq jarayonda yuz beradigan ijtimoiy hodisa hisoblanadi. Psixologlarning aytishicha, ulg‘ayib o‘sayotgan bolakayning har bir nojo‘ya harakati uchun jazolash va baland ovozda cho‘chitib qo‘yish yaramaydi. Balki, qilgan xatosini tezkorlik bilan tuzatishni, o‘zida mas'uliyat hissini paydo qilishga ko‘maklashish lozim. Bunda ota-ona namuna ko‘rsatib bersa, u balog‘at yoshida har bir ishi va so‘zi uchun faqat o‘zi javobgar ekanligini unutmaydi. Shunga qaramay, sog‘lig‘iga ziyon yetish mumkin bo‘lgan holatda, masalan issiq suvni ushlamoqchi bo‘lsa, unga tanbeh berib, jazolash kerak. Bu bilan kelgusida issiq suvga yaqinlashgan bola, avval bu bilan nima yuz berganini eslaydi, tabiiyki, issiq suvdan qochishga harakat qiladi.

Demak, yangi navnihol kabi yuksaklikka intilgan bolakayning har tomonlama sog‘lom o‘sishi juda ko‘p atrofdagi omillarga bog‘liq. E'tibor qilganmisiz, xonaning burchagida turgan televizor qarshisidagi 4-5 yoshlar atrofidagi bolakay undan qanday ehtiros olib, qiziqish bilan tomosha qiladi?! Ayniqsa, u multfilm bo‘lsa!

Bolaning tabiat haqidagi tasavvurlarini kengaytirib, ilk odatlar, insoniy qadriyatlardan saboq berishi ko‘zda tutilgan bir necha multfilmlarni tomosha qilgan bolaning og‘zidan beixtiyor «men ham hammaga yaxshilik qilaman» degan so‘zlarni eshitib qolishingiz mumkin. Ammo masalaning so‘l tarafida boshqa manzara paydo bo‘lmoqda. Yaxshisi uni aniq misollar bilan tahlil qilib chiqsak.

Multfilm qahramonlari boy lug‘at boyligiga ega emas, balki «soxta» so‘zlardan ko‘p foydalanadi

Sariq va quvnoq minionlar yodingizdami? Ularning ajabtovur tili, aslida ispan, rus, ingliz, italyan va bir nechta jahonda keng tarqalgan so‘zlarning «guldastasi», bolaning nutqiga salbiy ta'sir o‘tkazadi. Ularga talqin qilish bilan har qanday psixik diskoordinatsiya yuz berishi mumkin hamda nutq rivojlanishida muayyan til qoidalari muhim emas, degan tushuncha paydo bo‘ladi.

Pedagog Anderson va Neggi o‘tkazgan tadqiqotlarga ko‘ra, boshlag‘ich sinf o‘quvchilari yiliga 3000tagacha yangi so‘zni o‘zlashtiradi. Yangi so‘zlarni o‘zlashtirib, uni o‘z nutqida erkin ifoda etishlik ko‘rsatkichi bolani kelgusi davrda ilm olishga rag‘batlantiradi va bu holatni osonlashtiradi.

Multfilm qahramonlari ayrim hollarda jinsiy mansublikni chalkashtirib yuboradi

Yaqin-yaqin davrgacha juda ko‘plab mult obrazlarni yaratishda jinsiy mansublik (ayol yoki erkak) aniq ajralib turadigan darajada tasvirlanar edi. Vaqt o‘tgani sayin bu tasvir o‘zgarib, o‘g‘il bolaning erkak kishiga moyilligi, «ayolning erkakka aylanishida to‘siq yo‘q» yoki uning aksini targ‘ib qilish boshlanadi.

Yangi talqinda ishlab chiqarilgan «Sohibjamol va maxluq» kartinasidagi Gastonga hamrohlik qilib yurgan sadoqatli do‘sti ayni yuqoridagi fikrni tasdiqlaydi. Undan tashqari, kichik minionlarning ham jinsi noma'lum qilib, faqat kiyim bilan farqlanadigan tarzda aks ettiriladi. Nogahon bolaning fikrida kiyim va harakatlargina jinsning farqini bildirib turadi, deb o‘ylashi mumkin.

Behayo sahnalar yuksak insoniy tuyg‘u sifatida targ‘ib qilinadi

Davlat telekanallaridan birida quyidagi multfilmga ko‘zim tushib qoldi. Alhazar, o‘ylab qolamanki, bu kattalar uchun ishlab chiqarilgan multfilm kartinasi emasmi? Lekin bundan lavha bolajonlar sevib tomosha qilayotgan «Bolajon»da nima qilyapti? Masalaning mohiyatiga yaxshi tushungan bo‘lsangiz, behayo qiliqlarni ko‘rib, ko‘zi «pishgan» bolakay, undan battar holatni ham normal qabul qiladi.

Kichkintoy sevgan qahramon uning uchun ideal shaxs, balki bu vaqtincha yuz berar, ammo bola aynan super-qahramonning harakatlaridan ilhomlanib ish yuritadi. Garchi bu vaziyat vaqtlar o‘tishi bilan unutilishga mahkum etilsa ham, «ong ostidagi ong» yoxud ongchada bu «ajib» manzara gavdalanaveradi. Va bu miya tomonidan haqiqat sifatida qabul qilinadi, behayolik emas!

Yuqorida keltirilgan argumentlar multfilm aslida bolaning faqat ruhiy va ma'naviy sog‘lig‘iga ziyon yetkazishini isbotlaydi. Uning jismoniy va aqliy rivojlanishiga qanchalik putur yetkazishi haqida to‘xtalib o‘tirmoqchi emasman, shunchaki xona burchagida turgan televizor qarshisida bolakayning qanday axborotlarni qabul qilishiga e'tiborli bo‘ling. Hattoki, bu multfilm davlat markaziy kanallaridan birida efirga uzatilsa-da, sezgirlikni yo‘qotmang.

Top