17:10 / 24.08.2017
21649

Sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari birinchi darajali Davlat mukofoti bilan taqdirlandi

Foto: President.uz

Prezident Shavkat Mirziyoyevning  “O‘zbekiston Respublikasining fan va texnika, adabiyot, san'at va me'morchilik sohasidagi Davlat mukofotlarini berish to‘g‘risida”gi farmoni bilan mamlakatimiz mustaqilligining 26 yillik tantanalari arafasida tibbiyot sohasining bir guruh yetakchi olimlari taqdirlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar bergan.

Birinchi darajali Davlat mukofotlari bilan taqdirlanganlar orasida Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi ilmiy bo‘lim rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Flora Inoyatova, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Dilorom Ahmedova, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi professori, ToshPTI kafedra mudiri va tibbiyot fanlari doktori Shavkat Amonovlar borligi tibbiyot sohasining yana bir yutug‘i bo‘ldi. 

Markaz olimlariga ushbu yuksak darajadagi mukofot “Og‘ir eshitish zaifligi va karligi bo‘lgan bolalarning reabilitatsiyasi” amaliy tadqiqoti uchun berildi. Prezidentning mazkur e'tirofi muassasaning bu borada olib borayotgan izlanishlariga berilgan yuqori bahoning yorqin ifodasi bo‘ldi. 

Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida yaratilgan shart-sharoitlar bugungi kun talabiga to‘la mos keladi. Markaz qoshida 40 o‘ringa mo‘ljallangan maxsus “Tug‘ma va orttirilgan LOR a'zolari kasalliklari” yangi bo‘limi ishga tushirildi, u zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlandi hamda mahalliy yosh shifokorlar Rossiya, Avstriya, Fransiya, Rossiya, Polsha, Slovakiya, Italiya, Ukraina kabi davlatlarning yetakchi klinikalarida tahsil olib qaytishdi. 

Shu o‘rinda tadqiqot mualliflarining ushbu yo‘nalishdagi dolzarb mavzuni amalga oshirish jarayoni, O‘zbekistonda ushbu muammoning yechimi qanday hal qilinayotganligi va uning samaradorligi xususidagi fikrlari bilan qiziqdik. 

—  Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, har 1000 nafar chaqaloqdan 1 nafari kar bo‘lib tug‘iladi va bola 1-2 yoshga to‘lganda bu ko‘rsatkich 2 baravarga ko‘payadi, — deydi Dilorom Ahmedova. — 2014 yilgacha og‘ir eshitish zaifligi va karlik mavjud bo‘lgan bolalar koxlear implantatsiya uchun chet ellarga borishga majbur edi. Bu esa katta moliyaviy sarf-xarajatlarni talab qilar, ammo shunchalik ovoragarchilik ham ish bermas edi. Negaki, implantatsiya qilingan o‘g‘il-qizlarda operatsiyadan keyingi reabilitatsiya tadbirlari o‘tkazilmas, natijada jarrohlik amaliyoti samarasi sezilmasdi.  Hamkasblarimiz bilan olib borgan tadqiqotimiz ayni  shu muammo yechimiga qaratilgan.  2014 — 2016 yillarda eng zamonaviy eshitish implantlari qo‘llanilishi asosida 300 nafar bolada koxlear implantatsiya operatsiyasi bajarilishi rejalashtirilib, davlatimiz tomonidan barcha sharoit yaratib berildi. 

Markaz olimlari  tomonidan “Og‘ir eshitish zaifligi va karligi bo‘lgan bolalar reabilitatsiyasi (O‘zbek modeli)” ilmiy-amaliy dasturi doirasida 4000 dan ortiq o‘g‘il-qizlar tekshiruvlardan o‘tkazildi. 5 yoshgacha bo‘lgan 300 nafar kichkintoyga davlat byudjyeti hisobidan, 54 nafariga implant ishlab chiqaruvchi kompaniyaning muruvvat yordami va 5 yoshdan katta bo‘lgan 29 nafar bolaga imtiyozli kredit hisobidan koxlear implantatsiya bajarildi. Olimlarimizning og‘ir eshitish zaifligi va karligi bo‘lgan bolalarning reabilitatsiyasiga bag‘ishlangan tadqiqoti birinchi darajali Davlat mukofotiga munosib ko‘rilgani O‘zbekistonda ushbu masala yechimiga katta e'tibor qaratilayotganini yana bir karra isbotlaydi.

— Prezidentimizning bugungi ishonchi bizga katta mas'uliyat yuklamoqda, — deya so‘zida davom etadi tibbiyot fanlari doktori Dilorom Ahmedova. — Uni oqlash, bolalar salomatligi yo‘lidagi izlanish va tadqiqotlarimizni jadal olib borish, fan-texnika yutuqlarini yanada rivojlantirish va eng muhimi xalqimizni tibbiyotdan rozi qilish yo‘lida bor ilm hamda kuch-g‘ayratimizni ayamaymiz.

Har bir harakat natijasiga ko‘ra baholanadi. Shu ma'noda implantatsiya qilingan bolalar salomatligi bo‘yicha o‘tkazilgan monitoringga e'tibor qaratsak: kuzatuv natijalari 90 foiz ijobiy. Ya'ni bemor bolalarning eshitish qobiliyati tiklanib, gapira boshladi. 7 yoshga kirganlari esa umumta'lim maktablarida o‘z tengqurlari qatorida tahsil olishayotganligi esa olimlarimiz amaliy tadqiqotlarining mo‘'jizaviy natijasidir.

Top