15:36 / 25.08.2017
11021

BMT: O‘zbekistonda mahalla instituti mustahkamlanmoqda

O‘zbekiston hukumatining Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ma'lum qilishicha, u mamlakatda fuqarolik jamiyatini mustahkamlashga harakat qilmoqda. Ushbu mamlakatdagi turmushning turli sohalarida o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining ishtirokini 100 dan ortiq me'yoriy-huquqiy hujjatlar tartibga soladi. Mahalla - O‘zbekistondagi fuqarolik jamiyatining o‘ziga xos instituti hisoblanadi. BMT rasmiy saytida e'lon qilingan xabarda shu haqda so‘z yuritiladi.

Shu haftada BMT bosh qarorgohida Islom hamkorlik tashkilotiga raislikni O‘zbekistondan Kot d'Ivuar (Fil suyagi qirg‘og‘i)ga topshirish tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonning doimiy vakili o‘zining rais sifatidagi so‘nggi yig‘ilishida: «Mahalla – O‘zbekistondagi fuqarolik institutining noyob namunasi» mavzusida brifing o‘tkazdi. 

Shu munosabat bilan BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida BMT Bosh Assambleyasi 71-sessiyasi rasmiy hujjati sifatida O‘zbekistondagi fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish instituti –mahalla faoliyatiga bag‘ishlangan material tarqatildi. 

«Ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqining milliy va umuminsoniy, madaniy, turmush tarzi, fikrlash va ma'naviy qadriyatlarini avloddan-avlodga berib kelishda mahallaning o‘rni va ahamiyati beqiyosdir», - deyiladi hujjatda.
 
Unda ta'kidlanishicha, fuqarolarning bu birlashmasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 105-moddasida hududiy o‘zini-o‘zi boshqarish birlashmalari sifatida qayd etilgan. 

««Kuchli davlatdan — kuchli fuqarolik jamiyati sari» konsepsiyasini hayotga tatbiq qilinishi munosabati bilan 100 dan ortiq me'yoriy-huquqiy hujjatlarda o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining jamiyat turmushining ma'lum bir sohasidagi o‘rni aniq belgilab berilgan», - deyiladi hujjatda. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda 10 mingga yaqin fuqarolar yig‘ini, avvallari mahalliy hokimiyat organlari vakolatlariga kirgan 30 dan ortiq ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga molik vazifalarni muvaffaqiyatli bajarib kelmoqda. 

O‘zbekiston rahbariyati mahalla yanada jiddiy tuzilmaga, «o‘zbek xalqining haqiqiy yordamchisi»ga - fuqarolar o‘z fikrlari, taklifi, muammolari xususida bemalol gapira oladigan institutga aylanishi kerak deb hisoblaydi. O‘zini-o‘zi boshqarishning bu instituti O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanmoqda. 

Top