20:24 / 28.08.2017
16162

Navoiy viloyatining olis ovullarida tibbiyot muassasalari, umumta'lim maktabi ochildi

Foto: Navoiy viloyati hokimligi matbuot xizmati

O‘zbekiston mustaqilligining 26 yilligi munosabati bilan Navoiy viloyatining eng olis tumanlarida barpo etilgan zamonaviy uy-joy hamda ijtimoiy obektlarning foydalanishga topshirilgani hudud aholisining kayfiyatiga yanada ko‘tarinkilik ulashib, ular hayotida tub burilish yasadi. 

Xususan, viloyatning Uchquduq va Tomdi tumanining olis ovullarida tibbiyot muassasalari, umumta'lim maktabi, maktabgacha ta'lim maskani, zamonaviy uy-joylarning ochilish marosimi tashkil etildi. 

Ayniqsa, davlat rahbarining joriy yil 25 apreldagi “Navoiy viloyatining olis cho‘l tumanlari aholisi turmush darajasini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori uzoq ovullarga zamonaviy infratuzilmani olib kirish, hudud aholisiga munosib turmush sharoitlarini yaratishga xizmat qilmoqda.

Mazkur hujjat viloyatning Uchquduq, Tomdi, Konimex tumanlarida yashayotgan 80 mingdan ortiq turli millat vakillarining farovon hayot kechirishi, og‘iri yengil qilishda keng imkoniyatlar yaratmoqda. Bu hududlarda asosan, qozoq va o‘zbek millatiga mansub aholi qo‘nim topgan. Chorvachilik, yilqichilik rivojlangan ovullarda ikki millat vakillari ahil-inoq, quda-anda bo‘lib yashab kelmoqda.

Uchquduq tumanining “Juzquduq” ovuli eng olis hududlardan. Hudud yoshlarining zamonaviy sharoitlarda ta'lim olishi uchun 2-umumiy o‘rta ta'lim maktabining yangi binosi foydalanishga topshirildi. 

Ta'lim maskanining tantanali ochilish marosimida Qozog‘istonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Erik O‘tembayev va boshqalar ishtirok etdi. O‘zbek va qozoq millatining ahillikda yashab, Vatan ravnaqi uchun birgalikda mehnat qilayotgani bunday ezgu ishlarning yanada samarali bo‘lishida muhim omildir.

Yangi maktabga Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchixonasi va Respublika Qozoq milliy madaniy markazi tomonidan zarur o‘quv jihozlari, planshet hamda 300 dona qozoq tilidagi adabiyotlar topshirildi. 

Ovulga raqamli televideniye signalini qabul qilish moslamasi o‘rnatilib, milliy kanallarimizni tomosha qilish imkoniyati yaratildi. Tez orada hududga internet aloqasi yo‘lga qo‘yilib, maktab o‘quvchilari virtual olamdan samarali foydalana boshlaydi.

Shu kuni “Juzquduq” qishloq vrachlik punktiga “Damas” rusumli tez tibbiy yordam mashinasi topshirildi. 2000 yilda qurilgan tibbiyot muassasi rekonstruksiya qilinib, “Salomatlik-2” loyihasi asosida zarur tibbiy uskunalar bilan jihozlangan. 

Ovulda 30 o‘rinli mo‘ljallangan 2-son “Quyoshjon” nomli maktabgacha ta'lim muassasasining “Bobek” 4-filiali to‘liq rekonstruksiya qilinib foydalanishga topshirildi. Endilikda maskanda 7 nafar tarbiyachi ovul bolalaridan doim xabardor. Jajjilar maskanining 60 o‘rinli konsert zali zamonaviy fortepiano bilan jihozlangan bo‘lib, turli bayram tadbirlarini o‘tkazishga mo‘ljallangan. 

Davlat rahbarining yuqoridagi qaroriga asosan, ovuldagi bo‘shab qolgan va egasiz 4 turar joy zamonaviy ko‘rinishga keltirilib, ixtiyoriy ravishda ko‘chib keladigan uy-joyga muhtoj oilalarga tekin berildi.

Tomdi tumani markazida ham tantanali bayramona tadbirlar boshlandi. 

Tumandagi 12-son bolalar musiqa va san'at maktabi yosh iste'dodlarni tarbiyalashga xizmat qiladi. Zamonaviy madaniyat maskanining ochilishi minglab iqtidor egalarini kashf etish imkonini beradi. 55 o‘rinli maktabda 6 to‘garak faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Yoshlar xalq cholg‘ulari, xoreografiya, dutor, estrada yo‘nalishlarida san'at sirlarini puxta o‘rganadi. 6 nafar o‘qituvchi yoshlarning iqtidorini namoyon etishi uchun o‘z mehnatini ayamaydi.

Tuman markazidagi 2 qavatli turar joy binosi to‘liq ta'mirlanib zamonaviy ko‘rinish foydalanishga topshirildi. Uy-joyga muhtoj, mehnatga layoqatlilik darajasi cheklangan 3 oila yangi uylarga ko‘chib kirdi.

Tomdi tumanining eng olis hududlaridan biri – “O‘temurat” ovulida bugungi sharoit avvalgisidan mutlaqo farq qiladi. Tuman markazidan 170 kilometr uzoqlikda joylashgan aholi punktida 140 xonadon yashab kelmoqda.

Ovuldagi 8-umumta'lim maktabining to‘liq rekonstruksiya qilinib yangi o‘quv yiliga foydalanishga toshirilgani hudud aholisi va yoshlar uchun munosib sovg‘a bo‘ldi. 190 o‘rinli maktabning sinf xonalari yangi o‘quv jihozlari bilan ta'minlandi. Maktabga Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchixonasi va Respublika Qozoq milliy madaniy markazi tomonidan zarur zamonaviy o‘quv jihozlari hamda 250 dona qozoq tilidagi adabiyotlar topshirildi.

“O‘temurat” qishloq vrachlik punkti ham to‘liq ta'mirlangan zamonaviy binoda faoliyat boshladi. Qariyb bir ming 700 aholiga xizmat ko‘rsatadigan muassasaning ovuldan 8 va 20 kilometr olisda joylashgan “Oqqovoq” hamda “Pirsha” filiallari xodimlari ham aholi salomatligi yo‘lida mehnat qilmoqda.

Ovulda istiqomat qilayotgan chorvador Serikbay Sagatov munosib xizmatlari uchun 2003 yilda Birinchi Prezident farmoni bilan “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan. Bugun el ardog‘idagi nuroniy farzandlari va nevaralarini komil insonlar etib voyaga yetkazmoqda. Eng ulug‘, eng aziz bayram arafasida Serikbay Sagatov holidan xabar olinib, sovg‘a-salomlar ulashildi. 

Tantanali tadbirlarda Navoiy viloyati hokimi Q.Tursunov so‘zga chiqdi.

Suratlar manbasi: Navoiy viloyati hokimligi matbuot xizmati 

Top