15:49 / 29.08.2017
10001

Mirobod IIBning sobiq binosi oldidagi yong‘in haqida rasmiy ma'lumot berildi

Foto: Toshkent shahar IIBB

Poytaxt IIBBning xabar berishicha, 2017 yilning 26 avgust kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi “Voditeli Tashkenta” guruhida Mirobod tumani IIBning sobiq binosini oldida kuchli yong‘in yuz berganligi, izohlardan ma'lum bo‘lishicha yong‘inga portlashlar ham “hamkorlik qilgan”, so‘ng yo‘l yopib qo‘yilganligi haqida ma'lumot berilgan. Shundan so‘ng, guruh foydalanuvchilardan biri, o‘sha joy yaqinida mashinalarga gaz uskunalari o‘rnatilganligi, butun tumanni evakuatsiya qilish lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan. 

Toshkent shahar IIBB Yong‘in xavfsizligi boshqarmasidan olingan xabarga ko‘ra, 2017 yil 26 avgust kuni soat 12 dan 04 daqiqa o‘tganda Toshkent shahar IIBB YoXB “101” telefon raqamiga Mirobod tumani “Inoqobod” maxallasi, 8-mart ko‘chasi 57-uyda joylashgan “Kislorod azot trans servis” MChJga qarashli ta'mirlash ustaxonasida yong‘in sodir bo‘lganligi haqida xabar kelib tushgan. Yong‘in sodir bo‘lgan joyga 5 ta jangovar bo‘linmalari yuborilib, mazkur jamiyatga qarashli ta'mirlash ustaxonasining ichki qismi taxminan 200 m2 yonayotganligi aniqlanib, soat 12 dan 25 daqiqa o‘tganda yong‘in qurshab olinib, soat 12 dan 34 daqiqa o‘tganda o‘chirilganligi  ma'lum bo‘ldi. 

Foto: Toshkent shahar IIBB

Yong‘in oqibatida, “Kislorod azot trans servis” MChJga qarashli kislorod va gaz ballonlarini ta'mirlash ustaxonasining ichki qismi hamda jihozlari, qurilish elementlari 200 m2 maydonda yong‘indan zarar ko‘rdi.

Gaz ballonini ta'mirlash vaqtida yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilinmaganligi oqibatida yong‘in kelib chiqqanligi aniqlangan. 

Foto: Toshkent shahar IIBB

Dastlabki yong‘in surishtirish ishlari Mirobod tuman Yong‘in xavfsizligi bo‘limi xodimlari tomonidan olib borilmoqda.

Top