O‘zbekiston | 14:40 / 31.08.2017
42158
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Islom Karimov haykali ochildi

Foto: O‘zbekiston 24

31 avgust kuni Toshkent shahridagi Oqsaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali ochilish marosimi o‘tkazildi.

Ochilish marosimida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Birinchi Prezidentning turmush o‘rtog‘i Tatyana Karimova, bosh vazir Abdulla Aripov va uning o‘rinbosarlari, vazirlik va idoralarning rahbarlari va xodimlari, parlament va jamoatchilik vakillari qatnashdi.

O‘zA xabariga ko‘ra, majmuaga tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

«Islom Karimov millatning haqiqiy yetakchisi sifatida ona xalqini, go‘zal va betakror O‘zbekistonni jonidan ham ortiq sevar, uning manfaatlarini himoya qilish va ro‘yobga chiqarishni o‘z hayotining bosh maqsadi, deb bilar edilar, dedi davlatimiz rahbari. U kishi o‘zining «Elim deb, yurtim deb, yonib yashash kerak», degan g‘oyasiga bir umr amal qilib, kelajak avlodlar uchun buyuk ibrat maktabini yaratdilar. 

Bugundan boshlab ushbu majmua butun xalqimiz uchun qutlug‘ va tabarruk qadamjo bo‘lib qoladi, albatta», deya prezident so‘zlarini keltirgan O‘zA

Musiqa sadolari ostida Shavkat Mirziyoyev va Birinchi Prezident rafiqasi Tatyana Karimova Islom Karimov haykalini ochdi. Haykal poyiga gul qo‘yilib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirilgan. 

Marosimda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi M.Ahmedov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Sh.Karimov, O‘zbekiston xalq artisti G.Melnikova, Toshkent shahridagi “Chilonzor” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi O.Mutalov, FIFA referisi, “El-yurt hurmati” va “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari sohibi R.Ermatov, Birinchi Prezidentimizning rafiqasi Tatyana Karimova Islom Abdug‘aniyevich Karimov o‘z xalqini cheksiz muhabbat bilan sevgani, o‘zining so‘nggi kunlariga qadar butun hayotini O‘zbekistonga xizmat qilishga bag‘ishlagani, uning so‘nmas xotirasi minnatdor yurtdoshlarimizning, butun xalqimizning qalbida abadiy saqlanib qolishini ta'kidladi. 

Mavzuga oid