11:40 / 01.09.2017
6843

Foto: Lorente London klubida

«Tottenhem» rasmiy saytida Fernando Lorente «Suonsi Siti»dan transfer qilingani haqida xabar berildi. Transfer qiymati 15 million funtni tashkil qilgan.

Ispaniyalik futbolchi «shporlar» bilan 2019 yilgacha shartnoma tuzgan. «Tottenhem» ushbu futbolchini «Chelsi»dan ilib ketdi.

O‘tgan mavsumda Lorente APLda 33 uchrashuv o‘tkazgan, 15 gol urgan va bir golga uzatma bergan. 32 yoshli bu futbolchi «Suonsi»da 2016 yildan buyon o‘ynab kelayotgandi, bungacha u «Atletiko», «Yuventus» va «Sevilya» klublari sharafini himoya qilgan.

Unga avvaliga Londonning boshqa bir klubi «Chelsi» qiziqish bildirgandi. 30 avgust kuni «Chelsi» uni 15 million funtga sotib olishi kutilgandi. Ammo shu kuni futbolchi uchun raqobatga «Tottenhem» qo‘shildi va yakunda bu raqobatda yutib chiqdi.

Qayd etish kerakki, yozgi transferlar mavsumida «Chelsi» bir necha marta muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Avvaliga «Everton»dan Romelu Lukakuni sotib olish rejalashtirilgandi. Futbolchi esa «MYu»ni tanladi va uning o‘rniga «Real»dan Alvaro Morata xarid qilindi. Keyin «Arsenal»dan Aleks Oksleyd-Chemberlenni sotib olishga harakat qilindi, ammo uni «Liverpul» ilib ketdi. «Everton»ning yana bir futbolchisi Ross Barkli esa oxirgi daqiqalarda fikrini o‘zgartirib, London jamoasida tibbiy ko‘rikdan o‘tishni istamadi va ortiga qaytib ketdi.

Top