O‘zbekiston yana Jahon chempionatiga chiqishdan mosuvo bo‘ldi. Chinakam tragediya aslida bu. Og‘zimizda turgan oshni oldirdik. Bugun o‘zbek futbol muxlisining ko‘ngliga qil sig‘maydi. Chunki yana aldandik hammamiz. Bunga kim aybdor? Albatta, O‘zbekiston futbol federatsiyasi rahbarligida turganlar to‘liq aybdor.

Har qanday tashkilot rivojlanish bosqichida yuksaklikka intiladi, halollik va izchillik bilan rivojlanish ro‘y beradi, yangi muvaffaqiyatlar taqdim etadi. Biroq, O‘zbekiston futbol federatsiyasi haqida aslo bunday deb bo‘lmaydi. Tashkilotga Mirabror Usmonov rahbar etib tayinlangach, garchi boshida futbolimizda yuz bergan, inkor etib bo‘lmaydigan chiroyli o‘zgarishlar muxlislarga yangi umid va ishonch taqdim etgan bo‘lsa-da, keyinchalik bu tashkilotning ishlari faqat orqaga ketdi. Futbol muxlislar uchun bo‘lsa-da, go‘yoki muxlislarni undan bezdirish uchun ishlar amalga oshirilgandek bo‘ldi. Buni bugun stadionlarimizdagi muxlislar soni ham isbotlab turibdi.

Ha, terma jamoamizni barcha yaxshi ko‘radi, eng yoqimsiz natijalarga qaramasdan, muxlislar yigitlarga ishonib, olibsotarlar qo‘liga chiqib ketgan chiptalarni hamisha 2-3 barobar qimmatiga sotib olib, stadionni to‘ldirishadi, so‘nggi soniyagacha qo‘llab-quvvatlashadi, ishonishadi.

Masalan, Saudiya Arabistoni kecha Ar-Riyodda so‘nggi o‘yinda Yaponiya ustidan g‘alaba qozonib, JCh-2018ga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. O‘yinga esa muxlislar uchun kirish chiptasi tekin qilib qo‘yildi. Mana, jahon chempionatiga qanday qilib chiqiladi!

Bizda-chi? Bizda o‘yinlar muxlis va jurnalistlardan obdon berkitiladi. Yana bu narsa Futbol federatsiyamizning tashabbusi bilan qilindi, deyishdan hayo qilinmaydi.

4 yil muqaddam ham yozgan edim: agar bizning federatsiyadagi futbol mutasaddilarida o‘zbek futbolini jahonga tanitish, jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritish istagi bo‘lganida edi, muhim bosqich oldidan hech narsani eplolmayotgan bo‘lsa-da, o‘ziga tegishli futbolchilarni ko‘rgazma sifatida MTJ safida bot-bot tushirib reklama qiladigan pul ilinjidagi «menejyer»ga emas, allaqachon xorijdan yetuk murabbiylar jamoasini olib kelib, terma jamoani ularga topshirgan bo‘lar edi. Yaponiya, Xitoy, Eron kabi jahon chempionatlarining doimiy ishtirokchilari ana shunday yo‘l tutishyapti-ku?!

Lekin bizda doimo o‘zimizning mahalliy mutaxassislarga ishoniladi. Avval tushunarsiz vaziyatda Abramov ishdan olib tashlandi. Terma jamoamiz o‘yiniga mazmun kirgan bir paytda hammani norozi etib, Qosimov tayinlandi. Qosimov matbuot anjumanida «iste'foga chiqaman», deb o‘zi aytganidan so‘ng ham uni majburlab ushlab turishdi. Keyin esa terma jamoa qallobligi va «jallob»ligi bilan nom qozongan «egasi»ga topshirildi.