Jahon chempionatiga chiqish uchun nima qilish kerak? Uch kun oldin bu savolga «Janubiy Koreya darvozasiga birgina gol urilsa kifoya» deb javob berilgan bo‘lardi. Endi esa, javob yanada murakkab – milliy chempionatni yaxshilash, kelishilgan o‘yinlarga qarshi kurashish, bolalar futbolini rivojlantirish, federatsiyaning har bir xodimini ishdan bo‘shatish va hokazo va hokazo... Nahotki futbolimizda so‘z birikmasiga aylanib ketgan bu og‘ir vazifalarning salmog‘i birgina gol bilan teng bo‘lsa? Nahotki birgina gol urishimiz uchun shuncha ishni amalga oshirishga majbur bulsak?

Umumiy javoblar, katta muammolarni ko‘tarish go‘yoki vaziyatga chuqur baho berilayotgandek tasavvurni paydo qilsa-da, aslida tahlil qilishga halaqit qiladi. Aybdorlarni terma jamoaning, federatsiyaning va hatto futbol sohasining tashqarisidan qidirishga majbur qiladi, bu ahvolimizda bundan ortig‘iga ham loyiq emasdik, deb fikr yuritishga undaydi.

Albatta, javoblarning barchasi to‘g‘ri, har bir muammo, har bir noto‘g‘ri qaror  yakuniy natijaga o‘z salbiy ta'sirini o‘tkazmay qolmaydi. Lekin bu muammolar haqida faqat Janubiy Koreya bilan o‘yinining ertasiga emas, har doim, hatto Janubiy Koreyani yirik hisobda yutayotgan paytimizda ham gapiraverish kerak. Muammo bormi, yakuniy natijadan qat'i nazar, uni yechishga harakat qilish, u haqida gapirish lozim bo‘lib qoladi. Terma jamoa muvaffaqiyatsizlikka uchraganda esa, aynan terma jamoa, uning rahbarlari va murabbiylari, futbolchilari munozaralar markazida bo‘lishi shart.

Qiziq-da, ayb Babayanda emas, boshqa murabbiy bo‘lganidayam, bunday sharoitlarda yaxshiroq natija qila olmasdi, deydiganlar chiqadi, boshqa murabbiylar davridayam chiqqan – qanday qilib, terma jamoaga tarkibni tanlagan, taktikani ishlab chiqqan, tayyorgarlik rejasini tuzgan va o‘yinga futbolchilarni boshlab tushgan shaxsda ayb bo‘lmasligi kerak?

O‘z navbatida, barcha muvaffaqiyatsizliklarni bir shaxsga bog‘lab qo‘yish ham xato, bu holatda bosh murabbiyni iste'foga chiqarish orqali, go‘yoki barcha masalani yechgandek ko‘rinamiz va 4 yildan keyin yana ayni nuqtaga qaytib kelishimiz turgan gap.

Samvel Babayanning iste'fosi muammoning yechimi emas, undan keyin amalga oshiriladigan bir necha harakatlar zanjirining debochasi bo‘lishi kerakki, aynan shu masaladagi fikrlarim bilan o‘rtoqlashmoqchiman.  Ya'ni, mavzuga, maqola avvalida berilgan savolga javob izlab ko‘ramiz.

1. Futbolchilarimizning bugungi ahvolini terma jamoa rakursidan o‘rganish

Mutaxassislardan iborat ilmiy guruh tuziladi va terma jamoamizga nomzodlarning umumiy holati chuqur tahlil qilinadi. Qaysi futbolchilar keyingi sikllarda bizga yordam bera olmaydi, qaysi futbolchilar ularning o‘rnini bosishi mumkin? Ularning o‘yin uslubi qanaqa? Umuman millatimizning, futbolchilarimizning salohiyati, jismoniy ko‘rsatkichlari, o‘ziga xosliklari qanday o‘yinga mosroq keladi? Oldingi o‘yinlarda qaysi chiziqlar bizga ko‘proq pand berdi va qaysi nuqtalarga urg‘u berishimiz kerak? Yoshlar va o‘smirlarning umumiy ahvoli qay darajada? Hali e'tiborimizdan chetda bo‘lgan legionerlardan tortib, oliy ligadagi har bir potensial nomzod, kerak bo‘lsa, yuzlab futbolchilar ustida tahliliy hisobotlar tayyorlanishi kerak bo‘ladi. Yakunda, terma jamoamiz qanday futbol o‘ynashi kerak, futbolchilarimizdan qanday foydalansak, maqsadga muvofiq bo‘ladi, kabi savollarga javob izlanadi.