21:22 / 11.09.2017
22349

Yiliga 3 mln yengil avtomobil shinasi ishlab chiqaruvchi zavod qurilishiga start berildi

Foto: Kun.uz

Joriy yilning 11 senyatbr kuni Toshkent viloyati hokimligining kichik majlislar zalida viloyat hokimi Sh.Boboyevning Xitoy respublikasidan tashrif buyurgan delegatlar, xususan «Poly Technologies» kompaniyasi prezidenti Vang Lin boshchiligidagi delegatsiya hamda «Rezinatexnika Mahsulotlari Zavodi» MChJning qurilish bo‘yicha direksiyasi rahbari Sh.Aminov bilan o‘zaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Suhbat chog‘ida Angren shahri, sanoat xududida joylashgan «Rezinatexnika Mahsulotlari Zavodi»ning ikkinchi bosqichini qurish va ishga tushirish masalalari kelishib olindi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, «Rezinatexnika Mahsulotlari Zavodi» xorijiy investor «Poly Technologies» (kompaniya prezidenti Vang Lin) va loyiha tashabbuskori, mahalliy «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda barpo etilishi rejalashtirilgan.

Ushbu rejaga ko‘ra, «Rezinatexnika Mahsulotlari Zavodi»ni Xitoyning «Poly Technologies» kompaniyasi 34 oy ichida «kalitini topshirish»gacha quradi. Moliyalashtirish Xitoyning «Eksimbank»i, «O‘zkimyosanoat»ning o‘z mablag‘lari va O‘zbekiston taraqqiyot va tiklanish jamg‘armasi kreditlari hisobidan amalga oshiriladi.

Loyihadan ko‘zda tutilgan maqsad — birinchi bosqida yengil avtomobillar uchun shinalar ishlab chiqarish bo‘lsa, ikkinchi bosqichda konveyer tasmalari va qishloq xo‘jaligi texnikalari uchun shinalar ishlab chiqariladi. 

Loyihaga ko‘ra, «Rezinatexnika Mahsulotlari Zavodi» Angren shahridagi sanoat hududida barpo etiladi. Uning umumiy qiymati 213,97 mln. AQSh dollari ekvivalentiga teng. Yiliga yengil avtomashinalar uchun 3 million dona shina ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan birinchi bosqichni ishga tushirish uchun mablag‘ning 135,42 million dollari saflansa, 200 ming pogonometr konveyer tasmasi va 200 ming dona qishloq xo‘jaligi texnikalari shinasi ishlab chiqarish mo‘ljallangan ikkinchi bosqich uchun 78,55 million dollar xarajat qilinadi. Zavodga asbob-uskunalar «Poly Technologies Inc.» tomonidan yetkazib beriladi.

Zavod to‘liq quvvat bilan ishga tushirilgach, 1119 ta ish o‘rinlari yaratiladi. 1 sentabr kuni birinchi bosqich loyihasini amalga oshirish boshlab yuborildi. 2018 yilning I choragidan 2-bosqich loyihasi ishga tushiriladi.


 

Top