10:28 / 13.09.2017
6853

Marg‘ilonda «Atlas bayrami» festivalining mahorat darslari boshlandi

Foto: Ahror Ziyo

«Atlas bayrami» festivali milliy hunarmandlikni rivojlantirish va targ‘ib qilish, hunarmandlar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish, turizmni rivojlantirish, aholi, ayniqsa, xotin-qizlar bandligini ta'minlash maqsadida tashkil etilmoqda. Mahorat darsining 1 kunida taniqli mutaxassislar an'anaviy to‘qimachilik va tadbirkorlik bo‘yicha amaliy trening o‘tkazdilar.

60 nafar ishtirokchilarning dastlabki mavzusi qadimiy milliy matolarni qayta tiklash, ularning naqsh va gullarini o‘rganish, 17-18 asrda mashhur bo‘lgan matolar tarixini o‘rganishga qaratildi.

Mahorat darsi davomida milliy mahsulotlarni keng tarqatishda zamonaviy imkoniyatlari bo‘yicha so‘z bordi. Unda mutaxassislar hunarmandlarning mahsulotlarini internet orqali jahon bozoriga olib chiqish, noodatiy buyum yaratish orqali o‘z o‘rniga ega bo‘lish haqida ma'lumot berdilar.

Internetdan to‘g‘ri foydalanish va O‘zbekistondagi ommabop veb-saytlari haqida ma'lumot berib, seminarda avvalgi asrda axborot texnologiyalari va hozirgi zamondagi axborotlar qulayligi haqida aytib o‘tildi.

Joriy yilda festival dasturi sezilarli ravishda kengaytirildi. Unda mamlakatning barcha hududidan ishtirok etadigan hunarmandlar o‘z mahoratini namoyish etadi. Yosh hunarmandlar uchun taniqli ustalar ishtirokida an'anaviy kashtado‘zlik, tabiiy bo‘yash, liboslar dizayni bo‘yicha mahorat saboqlari tashkil etiladi.

Taniqli bangladeshlik dizayner Bibi Rassel ham mahorat darslarining treneri sanaladi. Marg‘ilon shohbekatida dizaynerni kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbek an'analarga xos tarzda kutib olingan Bibi yana bir bor Marg‘ilonga tashrif buyurganidan shod.

Foto: Ahror Ziyo

“Qadrli Marg‘ilon shahriga yana bir bor tashrif buyurdim. Bu yerdagi hunarmandlar meni do‘stlarimga aylanib ulgurgan. Shahringiz mehmondo‘st, mehmonni sevuvchi, uni hamisha ardoqlashi menda katta taassurot qildirgan. Bugun tashrifi chog‘ida bu jarayonga yana bir bor guvoh bo‘ldim. Karnay-surnay sadolari bu maskan men uchun begona emasligimni anglatadi. O‘tgan yilgi festivalda liboslar taqdimotini o‘tkazgan bo‘lsam bu yil o‘zbekistonlik yosh dizaynerlarga mahorat darslarini ulashish maqsadida tashrif buyurdim. Amaliy mashg‘ulotlar davomida yaratiladigan liboslar asl Marg‘ilonga xos bo‘ladi. Yangi saboqlarimni ulashaman. Qolaversa meni sizning dizaynerlaringizdan ham nimalarnidir o‘rganaman. Bu mahorat darsi o‘zaro tajriba almashish imkoni”, – deydi Bibi Rassel.
 
Ma'lumot o‘rnida, bangladeshlik dizayner festivalda 3-marotaba ishtirok etmoqda. O‘tgan yili o‘zining atlas va adras matolaridan yaratilgan liboslar kolleksiyasini taqdim etgan edi. Bu yil esa amaliy mashg‘ulotlar ustozi sifatida qatnashmoqda.

Ahror Ziyo, Farg‘ona

Mavzuga oid
Top