KUN.UZ saytida chaqiruv qilgan fuqaro tomonidan kaltaklangan «tez yordam» vrachi haqidagi maqola e'lon qilingach, shu soha vakillaridan ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Bu holat xalqimiz orasida tizimli ko‘rinish olgani kishini qayg‘uga soladi. Ana shunday xatlardan ikkitasini e'tiboringizga havola etishni ma'qul ko‘rdik. Ularning mazmuni deyarli bir xil.
Salom, KUN.UZ! To‘g‘risini aytsam, o‘qituvchini urgan hokim haqidagi maqolani o‘qiganimda juda achindim, lekin vrachni urishganini o‘qib, rosti, bu ikki kasb xor bo‘layotganini ko‘z o‘ngimda ko‘rib, qonim qaynab ketdi...
O‘zim aynan «tez yordam» vrachi bo‘lib 3 yilga yaqin ishladim va bu maqoladan so‘ng menda ham shunga o‘xshash holatlar bo‘lgani birma bir ko‘z oldimdan o‘tdi.
Agar birinchi holatga nazar soladigan bo‘lsak, hokimning maktab direktorini urishiga, uni haqoratlashiga haddi sig‘ishining sabablari bor. O‘zim o‘qituvchi farzandi bo‘lganligim sababli buni yaxshi bilaman. Ba'zida otamdan so‘rayman: «Ota, maktab direktorining oyligi atigi 700–800 ming atrofida bo‘lsa, hali tumanga, hali viloyatga majlisga chopadi, shuncha ur-so‘klarga shu oylik arziydimi, yana shuncha tarsaki yegan direktor alamini o‘qituvchidan olib, kollektivga yomon ko‘rinishga, elu-xalq oldida kulgu bo‘lishga arziydimi shu», desam, otam: «Ha endi, uniyam oladigan joyi borku, shularga chidab yuribdi», deb qo‘ya qoladi. Mening fikrimcha, oddiy o‘qituvchini shunaqa kaltaklasin hokim, o‘qituvchi o‘zi biladi nima qilishni. Hokimning oldida tili qisiq direktor indamay kaltakni yeb qo‘ya qoladi.
Vrachlar masalasiga kelsak, hamma bosim birlamchi bo‘g‘in boshida sindi: QVP, poliklinikalar, «tez yordam». Hozirda vrachlar noilojlikdangina bu yerlarda ishlashi hech kimga sir emas.
Yaqingacha, aniqrog‘i 31 martgacha hatto dorilarni aytmay, spirtgacha cho‘ntagimizdan sotib olardik. Dorilar berila boshlagandan mash-mashalar boshlandi. Bir «yozuvchi» kasalnikiga borganim esimdan chiqmaydi: bizga berilmaydigan dorini qilishimni talab qilib rosa urishgandi, «seni portalga yozaman», deb rosa dag‘-dag‘a qilgandi. Biz bechoralar yillab cho‘ntagimizdan dori olib borib, yana rahmat o‘rniga tuhmat eshitsak ham og‘ir bo‘lib turgandik.
10 yillik o‘qish 700 ming oylik uchunmidi?! O‘qishga grandga kirish uchun 3 yil topshirganman, hattoki to‘lov-shartnoma asosida o‘qishga kirib, tashlab, qancha qancha repititorlarga pul to‘lab o‘qishga kirib, azob bilan o‘qiganman. Shu 3 yil «tez yordam»da ishlab, rosti, umrimga achindim.
Kasbimni yaxshi ko‘raman, yaxshi ko‘rmasam shuncha yo‘lni bosmasdim, lekin yurakdan o‘ylab ko‘ring, ertaga yangi oila quradigan, oila boqadigan, 10 yil o‘qigan oliy ma'lumotli shifokor 700 ming oylikka ishlashi to‘g‘rimikan? Buning ustiga, unga har kim qo‘l ko‘tarsa, tahqirlasa?







