20:00 / 17.09.2017
24768

O‘tirish - chekishning bir ko‘rinishi

Foto: LiveInternet

So‘nggi paytda kishilar ko‘p vaqtini o‘tirgan holda, kunini ortiqcha jismoniy harakatlarsiz o‘tkazishga odatlanib qoldi. Bunga avvalo, zamonaviy ofis ish tartibi hamda ish stolida ishlashning bir necha qulayliklari sabab bo‘layotgan bo‘lsa, texnologik inqiloblar «o‘tirish» jarayonini tezlashtirib yubordi. Negaki, xodim endilikda pochtaga chopib chiqishi, murojaatlar bo‘yicha uzoq yo‘l yurishi shart emas, hattoki, tushlikni ham ish joyiga buyurtma qilish mumkin. Buning uchun birgina kompyuter sichqonchasining harakati yetarli.

Bir necha yillar davomida ta'kidlab kelinganidek, uzoq vaqt o‘tirib ishlash sog‘liq uchun ziyon, demoqchi emasmiz, balki u o‘ta xavfli jarayonga aylanib ulgurdi. Bir guruh nemis olimlarining tadqiqotlari natijasi shuni ko‘rsatadiki, kun davomidagi harakatsizlik yurak kasalliklari, diabet, o‘simta dardini paydo qilishidan tashqari, inson o‘limiga sababchi bo‘lishi mumkin. Bu xulosa sport bilan shug‘ullanib kelgan «​o‘tiruvchi»​ga ham tegishli ekanini unutmaslik lozim. Shuning uchun, zamonaviy qarash bilan aytsak, harakatsizlik yoki o‘tirish - zamonaviy chekish turi.

Bu o‘rinda kishining sog‘lig‘iga putur yetishi necha soat o‘tirib ishlaganiga emas, balki tanaffuslar chog‘ida harakatlanishi, qadam tashlab, mashqlar bajarishiga bog‘liq. Kelib chiqishi Janubiy Amerikadan bo‘lgan 12 ming nafar 40 yosh atrofidagi erkak va ayol qatnashgan kuzatuvlar chog‘ida bu masalaga yanada oydinlik kiritildi. Xulosa yuqoridagi nazariyani isbotlab bera oldi.

Nyu-Yorkdagi Kolumbiya Universiteti xodimi Keyt Diazning Circulation maxsus jurnaliga aytishicha, bir sutkada 10 soatga yaqin harakatsiz, o‘rindiqda o‘tirib ishlagan xodim, agar u har 30 daqiqada tanaffus olmasa, organizmida insulin garmoniga javob berish susayadi. Xalqchil qilib aytganda, o‘tirgan sari qon tarkibi qandga boyib boradi. Qand kasalligini keltirib chiqarayotgan uzoq vaqt harakatsiz o‘tirish va glyukoza metabolizmining buzilishini hech qanday sport, uyqu, to‘g‘ri ovqatlanish ham «​to‘g‘rilab»​​ keta olmaydi.

Muntazam ofisda ishlaydigan xodimlar bunday xavfdan qanday qutulishi mumkin? Remsheyd kardiologi, shifokor Gerbert Lyollgenning aytishicha, maslahat o‘sha-o‘sha, o‘zgarmaydi: 30 daqiqadan oshmay, tanaffus qilish va harakatlanish kerak.

Masalan, ofisda harakatlanishni ko‘paytirish uchun sun'iy ravishda printerni bitta o‘rnatish, ichimlik, sovutkichni burchakka qo‘yish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ish kunida mayda xaridlar uchun chiqib-kelish ham foydali. Ayrim nemis shifokorlari esa dori-darmon o‘rniga bemorga harakatlanish zarurligi qayd etilgan yo‘riqnoma yozib berishi odatiy holga aylanib bormoqda.

Top