Jamiyat | 14:40 / 21.09.2017
51793
5 daqiqa o‘qiladi

Qo‘l uchida qurilgan «namunali uylar» kimga kerak? 

KUN.UZ tahririyatining Farg‘ona viloyatiga safari davomida Dang‘ara tumanining Kichik turk qishlog‘iga ham borildi. Bunga qishloqning mahalla fuqarolar yig‘inida qad ko‘targan namunali uylarning abgor holati sabab bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan bir necha o‘n marotaba murojaat bilan chiqilgan, viloyat hamda poytaxtdan maxsus komissiyalar tuzilib, holat batafsil o‘rganib chiqilgan. Biroq natija hamon yo‘q.

Mazkur uylarning birida istiqomat qiluvchi fuqaroning murojaati asosida borgan KUN.UZ tahririyati jurnalistlarini mahalliy aholi yana bir ko‘zbo‘yamachilik uchun tekshiruv qabilida tushundi. Shunday bo‘lsa-da, vaziyatni xolis yoritish maqsadida bir emas, balki bir necha namunali uylar ko‘zdan kechirildi va xonadon egalari bilan suhbat qilindi.

Ulardan birining aytishicha, fermer xo‘jaligi rahbari namunali uyni qabul qilindi, deb qo‘l qo‘yib bergan. Eshiklar, derazalar, hech qanday jihozlar bo‘lmagan. Qayd etilishicha, hozirda bu yerdagi 16 ta namunali uydan 8 tasida fuqarolar istiqomat qiladi. Qolganlar esa bu yerlar yashashga yaroqli bo‘lmagani uchun hali kelishmagan. 

“Bu uyni men ko‘pchilik singari fermerlar, tashkilotlardan olganman. Eshik, deraza degan narsalar umuman yo‘q edi. Pollar bo‘rtib-bo‘rtib chiqib ketgandi. Polini ko‘tarsangiz, odamni ko‘madigan chuqurlik bor”, - deydi shu uylardan birini olgan fuqaro.

“To‘rt yildan beri shu uyning yamog‘ini yamab yotibmiz. Uyning ichini bemalol kirib ko‘rishingiz mumkin. Biroq, sizlar kabilardan juda ko‘plar keldi. Xullas, yaxshi emas. Bu yerda suvi, gazi, namunali bo‘ladigan hech narsasi yo‘q. Uyni qabul qilayotganda qo‘l qo‘yib berish uchun majburlashgan. Kechqurun soat 23:00da olib borib, qo‘l qo‘ydirib yurishgan ekan. Hamma joyi chala. Kelganimizdan beri usta ishlatamiz. Hattoki suvni ham sotib olamiz. Elektr energiyasi el qatori keladi. Gazni kuzda beradi. Ammo, birinchi navbatdagi muammo – suvdir. Boshqa qishloqdan taksida olib kelamiz. Har bir xo‘jalikda shunday. Hamma joyga, portalgacha ham murojaat bilan chiqdik, “Ko‘rib chiqamiz” degan javob keldi. Suv omboridan ham kelishdi. Bildirgilar olishdi, lekin bir natija ko‘rganimiz yo‘q. 

Bu yerdagi qurilish ishlariga mas'ul bo‘lgan shaxslar orasidan Ilhom degan kishini bilardik. Toshkentdan tekshiruv kelganida, birinchi bizning uyga kirishdi. O‘shanda shu odam “Ozgina qo‘llab-quvvatlab yuboring, hamma joyingizni qilib beraman” degandi. So‘ng hamma joyga kirishdi, s'yomkalar qilishdi. Biroq baribir hech narsa o‘zgarmadi. Natija yo‘q, umidlar so‘ngan. Suv masalasi bo‘yicha portalga ham murojaat qildik, biroq...”, - deydi “namunali uylar”ning egalari bo‘lgan fuqarolar.

Oddiy xalqning murojaat yo‘llayverib tinkasi qurigan. “Qishloq qurilish invest” ham, qurilish tashkilot ham va mahalliy hokimiyat ham bu kamchilikni zimmasiga olishni xohlamayapti. Tekshiruv kelaveradi, ketaveradi. Namunali uyga havas qilib, unga xaridor bo‘lgan oddiy aholi esa o‘z dardi bilan o‘zi ovora. Bu yerda inson hayoti uchun zarur bo‘lgan sharoitlar ham yaratilmagan, namunali uylarni qurish bo‘yicha normativ hujjatlarda keltirilgan talablarga rioya qilinmagan. Shuni alohida ta'kidlab o‘tish lozimki, hisobot uchun qo‘l uchida qurilgan yangi “namunali” uylar bugun fuqarolar tomonidan qaytadan qurilmoqda.  

KUN.UZ tahririyati “Qishloq qurilish invest”, quruvchi tashkilot va mahalliy hokimiyatning mutasaddilaridan Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumani Kichik turk qishlog‘idagi mazkur holat yuzasidan rasmiy izohni kutib qoladi.

Mavzuga oid