23:13 / 21.09.2017
11566

Tramp Shimoliy Koreyaga qarshi sanksiyalarni kengaytirdi

Foto: Joyce N. Boghosian

AQSh prezidenti Donald Tramp Janubiy Koreya va Yaponiya yetakchilari bilan uch tomonlama uchrashuv o‘tkazib, unda Shimoliy Koreya va uning savdo hamkorlariga qarshi yangi sanksiyalar kiritilishi haqidagi farmonni imzolaganini e'lon qildi. 

Trampning aytishicha, sanksiyalardan maqsad Shimoliy Koreyaning muhim kemachilik va savdo tarmoqlariga ta'sir qilishdan iborat. Bundan tashqari, AQSh moliya vazirligi Shimoliy Koreya bilan biznes olib boruvchi va unga qarshi savdo bilan bog‘liq tranzaksiyalarni yengillashtiruvchi istalgan xorijiy bankka qarshi sanksiyalar kiritishi mumkinligi belgilab qo‘yildi.

"Shimoliy Koreya yadro va raketa dasturlarini moliyalashtirish uchun dunyo moliya tizimini uzoq vaqt suiste'mol qilib keldi", deb aytgan Tramp va qolgan davlatlar qilishlari kerak bo‘lgan ishni qilmaganlarini ta'kidlab o‘tgan. Uning aytishicha, endi xorijiy banklarda aniq tanlov bo‘ladi: yo AQSh, yo Shimoliy Koreya bilan ishlash.   

Tramp shu bilan birga agar Pxenyan istasa, Shimoliy Koreya bilan muzokaralar bo‘lib o‘tishi mumkinligini aytdi.

"Nimaga yo‘q ekan?", deb javob bergan Tramp jurnalistlarning tegishli savoliga.

Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe uchrashuvda Trampning qarorini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Sentyabrda BMT Xavfsizlik kengashi Shimoliy Koreyadan to‘qimachilik mahsulotlari eksporti va mamlakatga tabiiy gaz kiritish, neft va neft mahsulotlari sotishni taqiqlovchi rezolyutsiyani qabul qilgandi. Bunday choralar Pxenyanning raketa sinovlariga javoban amalga oshirilgan.

Mavzuga oid
Top