Jamiyat | 11:23 / 22.09.2017
85152
12 daqiqa o‘qiladi

Samarqand ruhiy kasalliklar shifoxonasidagi mashmashalar-2: zaruriyatsiz mohiyat

Kun.uz Samarqand viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar (jami 14 kishi) tomonidan yo‘llangan murojaat asosida jurnalistik surishtiruv olib bormoqda. Bundan avvalroq tekshiruvlar natijasining birinchi qismi nashr qilingandi.

Surishtiruvlar boshlanganidan buyon o‘tgan muddat ichida shifoxona rahbarlari hujjatlardagi kamchilik-nuqsonlarni tuzatish ustida jiddiy ter to‘kishgani aniq. Biroq ayrim xulosalarni chiqarish mumkin. Hujjatlardagi nomutanosibliklar uchun aybdor topilishi va qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi kerak, albatta. 

Masalan, shifoxonaga tegishli avtomashinalarning hisobdan chiqarilishida to‘g‘ridan to‘g‘ri mansab vakolatini suiiste'mol qilish holati ko‘zga tashlanmoqda.

15 bosh qoramol tirik vazni 2016 yil 18 avgust kuni 11 ming so‘mdan baholanib,  jami 17 mln 72 ming so‘mga sotib yuborilgan. Nazarimizda, qoramollarning narxi pasaytirib baholangan. Qoramollar 9 ta ona sigir, 1 ta ho‘kiz va 5 ta urg‘ochi buzoq bo‘lgani holda ularning umumiy vazni 1552, ya'ni o‘rtacha 101 kilogrammdan ekanligi biroz shubhali. Pasaytirib baholangan har qanday bitim soxta bitim hisoblanadi.

Surishtiruvlar chog‘ida 810 bemorga (har bir bemor uchun davlat tomonidan kuniga 46 ming so‘m ajratiladi) mo‘ljallangan shifoxonada 525 ta to‘liq stavkada 786 kishining ishlashiga ham e'tibor qaratish kerakka o‘xshaydi. Chunki bundan avvalgi boshqaruvda shifoxonada haqiqiy ma'noda ruhiy xasta va davolanishga muhtoj kishilar qoldirilgan, boshqa 300 ga yaqin muvaqqat bemorga javob berilgan. Bemor o‘rinlari soni 500 tagacha kamaytirilgan. Ayni vaqtda esa, koykalar soni oshirilgan. Boz ustiga, shikoyatchilar o‘z arizasida stavkalar qisqartirilishidan emas, ko‘proq qisqartirilgan stavkalar evaziga yangi xodimlar ishga qabul qilinganidan yozg‘irishgan. Buni biz bilan suhbatda odamlarni ish bilan ta'minlayapman, deb bosh vrach ham qisman tan oldi. 

Bizga tushuntirishlaricha, ayrim ruhiy kasal bo‘lgan bemorlarning oila a'zolari ularni shifoxonaga yotqizib, o‘zlari oylab xabar olmay yuradigan holatlar bo‘ladi. Standart tashxislash va davolash haqidagi SSV yo‘riqnomasiga ko‘ra, asosiy ruhiy kasallar shifoxonada 1 oy, uzog‘i 1,5 oy davolanishi kerak. Faqat depressiv kasallar 3 oy yotib davolanishi mumkin. Bemor yaqinlari unga ruhiy kasalligi uchun davlat tomonidan beriladigan nafaqani ishlatib yuraverishadi. Bunday bemorlar nogironlar muruvvat uylariga o‘tkazilsa, umrining so‘ngiga qadar to‘liq davlat hisobidan ta'minlanadi. Biroq qarindoshlar nafaqa pulidan quruq qolishlari sababli bunga aslo ko‘nmaydilar. Bemorlarga yangidan-yangi, paydar-pay ulab kasallik tarixi ochilib, shifoxonada olib qolinaveradi. Iddao qilinishicha, bu xizmat ham tekin emas. 

Albatta, qimmatbaho dori-darmonlar, antibiotiklar davlat hisobidan keltirilib, bemorlarga ishlatildi, deb hujjatlashtirilayotgani, dori vositalari ishlatilmasdan qo‘llarga chiqarib yuborilayotgan bo‘lishi ham mumkin.

Oshxonada pishirilayotgan ovqatlar ham ko‘ngildagidek emasligi, mahsulotlar «tuya» qilib yuborilayotganligiga ham ishonsa bo‘ladi. Bunda ham qat'iy tartib va nazorat kerak bo‘ladi. Chunki bunaqa holatlar bitta shu shifoxonada ro‘y berayotgani yo‘q. 

Yoki shifoxonada davolanayotgan bemorlarni “mehnat terapiyasi” vaji bilan shifoxona hududida ishlatish, hattoki yondosh qishloqdagi xonadonlarga mardikor sifatida berib yuborish (shu holda ham ularning ovqatlanishi shifoxona hisobidan bo‘lib turar emish) hollari yuz berayotgan bo‘lishi mumkin. Biroq bunday holatlar bilan mutasaddi organlar chuqurroq, «arqonni uzunroq tashlab qo‘yib» shug‘ullanganlari ma'qul. Axir, shamol bo‘lmasa, daraxtning uchi qimirlamaydi. Balki bu gaplar hech qanday asosga ega emasdir, ammo tekshiruvga keluvchi mulozimlar bunday gaplarning asossizligini faqatgina qog‘ozdagina ko‘rsatish bilan cheklanib qolmasdan, isbotlashi kerak bo‘ladi.

Shifoxonaga yondosh mahalla faollari ham kelib, bosh vrach qishloqqa keluvchi yo‘llarga shag‘al to‘kib tekislagani-yu, o‘sha zikr etilgan cho‘yan panjaralardan 300 donasini mahalla qabristonini o‘rash uchun bergani (albatta, hujjat va bayonnoma asosida — tahr.), qishloq aholisini ish bilan ta'minlayotganini ta'kidlab o‘tishdi. T.Qodirovning o‘zi ham buni tasdiqladi. Aslida shifoxona mulki (cho‘yan panjara) ni mahalla qabristoniga hadya qilishga bosh vrach qanchalik haqli? 

Biroq, shifoxona hududini o‘rab olish uchun barpo etilayotgan, qurilishi mablag‘ yetishmasligi tufayli vaqtincha to‘xtatilgan devorning eski joyidan emas, davolanish korpuslariga yaqinlashtirilgan holda qurilgani oqibatida eski va yangisi o‘rtasida paydo bo‘lgan anchagina katta bo‘sh hududda (bosh vrach u yer bog‘ qilinadi, dedi) keyinchalik mahalla fuqarolari o‘zlariga noqonuniy tarzda uy-joy qurib olmasligiga kim kafolat bera oladi? Axir yer shifoxona devorining tashqarisida qolib ketyapti-ku? 

Mahalla faolining aytishicha, shifoxonaning avvalgi bosh vrachi (M.O‘tayeva) xodimlarning turar-joy hovlisiga qurgan ruxsatsiz qo‘shimcha yordamchi binolarni buldozer olib kelib buzib tashlagan. M.O‘tayeva sanitariya-gigiyena talablariga mos bo‘lmaganligi, shifoxona hududini xodimlar o‘z bilganicha tasarruf etganlariga toqat qila olmagani bois, binolarni buzishga buyruq berganini ta'kidlaydi. 

Tohirjon Qodirov o‘z shaxsiy fikrlarini bildirar ekan, bu yozdi-yozdilarni, avvalgi bosh vrach (Mohira O‘tayeva) uyushtirayotganini aytadi. 

KUN.UZ suhbatlashgan kishilardan birining aytishicha, bir vaqtlar Qodirov va O‘tayeva oralaridan qil o‘tmaydigan darajada ahil bo‘lishgan (buni O‘tayeva ham, Qodirov ham tasdiqladi). Hattoki, oilaviy bordi-keldi ham bo‘lgan (ikki tomon qayd etgan ayrim ma'lumotlar shaxsiy hayot masalasiga tegishli, shu sababli buni yoritmaslikka qaror qildik). Endilikda, shifoxona bosh vrachi T.Qodirov va M.O‘tayeva yashirincha, sahna ortida kurash olib borayotgan ko‘rinadi. Garchi, O‘tayeva tilda boshqa vajlarni bildirayotgan bo‘lsa-da, uchburchakning uchinchi tomoni ham borligi surishtiruv chog‘ida namoyon bo‘ldi. 

Buning sababini bilishga qiziqqanimizda, M.O‘tayeva bosh vrachlik vaqtlarida, uning Nuriddin degan muovini bir ayolni ishga joylashtirishga va'da berib, undan pora olayotganda milliy xavfsizlik xizmati tomonidan qo‘lga olingani ma'lum bo‘ldi. Shundan so‘ng, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi M.O‘tayevani huzuriga chaqirtirib, ariza yozishni so‘raydi. 

T.Qodirovning aytishicha, M.O‘tayeva pora bilan bog‘liq holatda uning (Qodirovning) qo‘li borligini gumon qilmoqda. Lekin, Qodirov bu shifoxonaga bosh vrach bo‘lish uchun yelib-yugurmagani, balki o‘sha vaqtdagi viloyat hokimi (Z.Mirzayev) tomonidan tayinlanganini iddao etadi. 

M.O‘tayeva ham hech kimdan yomon gumon qilmasligi, aksincha deputatlik surishtiruvini o‘tkazuvchi guruh tarkibida mutaxassis sifatida mazkur shifoxonaga borganida duch kelgan tartibsizliklar, o‘zining ozmi-ko‘pmi qo‘shgan hissasi, mehnatiga achinayotganini ta'kidladi. Xolislik uchun qayd etish kerak, O‘tayeva bosh vrach bo‘lgan vaqtlarda bu yerda jiddiy tartib o‘rnatilgan. Shifoxonaning shaxsiy yordamchi xo‘jalikdan oladigan daromadi keskin oshgan, yer hududlari dehqonlarga ijaraga qonuniy asosda berilgan, ulardan sabzavotlar kirim qilingan, qoramollar soni 97 boshga yetgan. Aynan u rahbar bo‘lgan vaqtda shifoxonada kapital ta'mirlash ishlari boshlangan.

Eng qizig‘i “yozuvchilar” izimiz sovimasdan bizning ham ustimizdan yozishdi...

Maqola arizachilarning, tekshirishga kelganlar shifoxonada sodir bo‘layotgan o‘zlashtirishlar, o‘g‘riliklar va zo‘ravonliklarni ochmasdan ketib qolishmoqda, degan iddaosi bilan boshlangan edi. 

Bizning maqsadimiz mazkur shifoxonadagi muammolarda kimnidir aybdor qilish, xulosa-yu hukm chiqarish emas, balki o‘zimiz ko‘rgan-eshitgan narsalarni xolis yoritish, shu bilan keng jamoatchilik e'tiborini Samarqand ruhiy kasalliklar shifoxonasiga qaratish edi. 

Biz borib, ko‘rsatilgan vajlar bo‘yicha savollarni berib, joylarni s'yomka qilib, material uchun ma'lumotlar to‘plab qaytib, ertasi kuni Ishtixon tumanida boshqa bir arizachining shikoyatlarini o‘rganish uchun yurganimizda KUN.UZ tahririyatiga va sayyod.com sayti rahbariga «RKSh bosh vrachi tomonidan KUN.UZ jurnalistlariga pora berilib, ish bosdi-bosdi etilgani» haqida xabar yetkazilgan. Ya'ni arizachalar yoki manfaatdor tomon o‘sha kuniyoq KUN.UZ saytida fosh etuvchi tanqidiy maqola chiqishi, bosh vrach ishdan olinishini kutishgan, shekilli.

Hattoki, arizani uyushtirganlar turli idoralarda ishlovchi tanishlari orqali ham bosim o‘tkazishga urinishdi hamda maqolani ularning maqsadiga mos ravishda yoritilishiga harakat qilishdi. Biz saytimizda anons berganimizdan so‘ng uzr so‘ralgani uchun ham bunday insonlarning ism-familiyasini fosh etmaslikka ahd qildik, lekin hech qanday amaldor, mulozim va yoki xodimning jurnalistlar tekshiruviga aralashishga, ularga nimani yozish bo‘yicha ko‘rsatma berishga haqi yo‘qligini yana bir karra eslatib qo‘yishni joiz deb bildik. 

Shu o‘rinda bir jihat kishini o‘yga soladi. Aytaylik, bizga murojaat qilganlar xolis, huquqbuzarliklarga ko‘z yuma olmagan, vijdonlari pok insonlar ekan, unda nima uchun 2016 yilda uyushtirilgan obuna, paxta mavsumida berilgan pullar kabi masalalar ustidan nega o‘sha vaqtda emas, bugunga kelib arz qilinmoqda? Ikkinchidan, nima uchun jurnalistlarga bosim o‘tkazishga urinishlar bo‘ldi? 

Ular o‘zlarining bu kabi harakatlari bilan aynan biz aytgandek, istagandek yozishlaring shart, boshqacha bo‘lishi mumkin emas, deyayotgandek. Niyatlari yo‘lida tekshiruvchilarni ham, jurnalistlarni bemalol yomonotliq qilishdan tap tortmasliklari kishini hayratga soladi. Holbuki, tekshiruvchilar ham, biz ham qonunbuzarliklarni aniqladik. O‘z xulosalarimizda qayd etdik.

Ularning o‘zaro xusumati kasriga jurnalist qolishi kerakmi yoki jurnalistni o‘zlari chalgan kuyga o‘ynatish mumkin, ularning beg‘araz va xolis faoliyatidan o‘z niyatlarini amalga oshirishda qurol sifatida foydalansa bo‘ladi, deb o‘ylashmoqdami? Qattiq adashishadi!

«Okkama ustarasi» degan uslubiy prinsip bor. Unda «Hech bir zaruriyatsiz mohiyat  ko‘paytirilmasligi kerak», deyiladi. Ya'ni, unga ko‘ra, bir voqelikni tushuntirish uchun ikki gap yetarli bo‘lsa, uchinchi gapga hojat yo‘q. Alohida ta'kidlaymizki, biz bu mavzuga boshqa qaytmaymiz.

KUN.UZ maxsus muxbirlari:

Shuhrat Shokirjonov
Tolib Rahmatov

Operator: Ma'rufjon Asqarov

Samarqand viloyati

 

Mavzuga oid