15:50 / 24.09.2017
9632

Samarqandda «Bolalar kitobi» festivali o‘tkazildi

Samarqandda viloyat xalq ta'limi boshqarmasi tasarrufidagi axborot-resurs markazida «Sog‘lom va ma'naviy yetuk avlod – yurt kelajagi!» shiori ostida «Bolalar kitobi» festivali bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi viloyat hokimligi rasmiy sayti.

Viloyat hokimligi, viloyat matbuot va axborot hamda madaniyat boshqarmalari hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ijodkorlar, tuman va shaharlarda faoliyat yuritayotgan axborot-resurs markazlari mutasaddilari hamda o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.

Festivalning ochilish marosimida viloyat axborot-resurs markazi direktori Yu.Muhammadiyev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari T.Tugalov, shoira O‘.Karimova yoshlarni milliy g‘urur va iftixor ruhida tarbiyalashda kitobning ahamiyati, bugun mutolaa madaniyatini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritdi.

— Mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan o‘nlab nashriyotlar tomonidan har yili 4 ming nomdan ziyod, umumiy adadi 50 million nusxadan ortiq turli kitob mahsulotlari chop etilmoqda, — deydi Yu.Muhammadiyev. — Ushbu nashriyotlarning ellikdan ortig‘i bolalarga bag‘ishlangan kitob mahsulotlarini nashr etish bilan shug‘ullanmoqda. Jumladan, «Yangi asr avlodi» nashriyot-manbaa markazi tomonidan keyingi uch yilda yuzdan ziyod o‘zbek va jahon adabiyoti vakillari asarlari nashrdan chiqdi. G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa markazi «Maktab adabiyoti xrestomatiyasi» ruknida 44 nomdagi asar, «O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari» nomli 100 tomdan iborat doston, xalq qo‘shiqlari, ertaklar, topishmoqlar, bolalar o‘yinlarini o‘zida mujassam etgan kitoblar majmuasini chop etdi.

Festival doirasida bolalar adabiyotiga ixtisoslashgan nashriyotlar tomonidan keyingi yillarda nashr etilgan bolalar adabiyoti, o‘quv-ma'rifiy kitoblar, ensiklopedik lug‘atlar namoyish etildi. Shoir va yozuvchilar, taniqli yosh ijodkorlar ishtirokida mushoiralar, noshir va matbaachilar bilan muloqotlar uyushtirildi.

Top