O‘tgan haftada talabalar, o‘qituvchilar va shifokorlar paxta dalalaridan qaytarildi. Shu paytgacha bu toifadagi fuqarolar majburiy-ixtiyoriy tarzda paxta terimiga jalb qilib kelingani sir emas. Majburiy mehnat muammosining ham bir kunda hal bo‘lib qolishini kutish qiyin. Barcha fuqarolar ogoh bo‘lishlari va o‘z haq-huquqlarini yaxshi tanib olishlari lozim. Shu maqsadda biz talabalarning paxta dalalariga tilxat asosida, ya'ni go‘yoki ixtiyoriy tarzda olib chiqilishi qanchalik qonuniy ekanini ko‘rib chiqmoqchimiz.

Agar ular shu asosda yana paxta dalalariga olib chiqiladigan bo‘lsa, nima qilish kerak? Quyida shunday holatda ko‘rish lozim bo‘lgan choralar ham keltirilgan.

Talabalardan yozib olinadigan tilxatlarning qisqacha mazmuni shunday:
Tilxat mualliflari «Respublikamizning milliy boyligi bo‘lgan paxta yig‘im-terimiga qatnashib, vatan, xalq va ota-ona oldidagi burchini bajarishlari» haqida aytadilar. Talabalar, shuningdek, agar bu tilxatda berilgan va'dalar bajarilmasa, «kursdan-kursga qoldirish hamda qonunda ko‘rsatilgan barcha choralar qo‘llanishiga roziman» deb yozib beradi. 

2017 yilda ham xuddi shu kabi mazmunda tilxatlar kollej, institut va davlat idoralari xodimlaridan yozdirib olingani to‘g‘risida ma'lumotlar bor.

Talabalar paxtaga o‘z ixtiyori bilan chiqishi haqida bunday tilxat yozishi qanday huquqiy maqomga ega? Talaba tilxatda bergan va'dasining ustidan chiqmasa, paxta terishdan voz kechsa, ma'muriyat mazkur tilxat asosida talabani «jazolashi» mumkinmi?

Tilxat nima?
Avvalo, shu tushuncha haqida biroz ma'lumot bersak.
Kundalik hayotimizda tilxatlardan juda ko‘p foydalaniladi. Qonunchilikda tilxatning ta'rifi berilmagan bo‘lsa ham, uni bitim turlaridan biri deb aytish mumkin. Tilxatlar bir taraflama tuzilgan bitim hisoblanadi. Chunki, uni tuzish uchun bir tarafning xohishi zarur va yetarli bo‘ladi. Bitimlar ba'zi holatlarda haqiqiy emas deb hisoblanadi. Masalan, qonun hujjatlari talablariga muvofiq kelmaydigan mazmundagi bitimlar (FK, 116-modda), o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxs tomonidan tuzilgan bitimlar (FK, 117 modda) va o‘n to‘rt yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmagan shaxslar bitimlarni ota-onalari, farzandlikka oluvchilari yoki homiylari roziligisiz (FK,118-modda) tuzgan holatda haqiqiy hisoblanmaydi. Shu bilan birga, aldash, zo‘rlik, qo‘rqitish, shuningdek, fuqaro og‘ir holatlar yuz berishi tufayli o‘zi uchun o‘ta noqulay shartlar bilan tuzishga majbur bo‘lgan, ikkinchi taraf esa bundan foydalanib qolgan bitim (asoratli bitim) jabrlanuvchi da'vosi bilan sud tomonidan haqiqiy emas, deb topilishi mumkin.  Bitim haqiqiy bo‘lmaganda, taraflarning har biri bitim bo‘yicha olgan hamma narsani ikkinchi tarafga qaytarib berishi kerak. Olingan narsani asl holida qaytarib berish mumkin bo‘lmaganida esa,  uning qiymatini pul bilan to‘lashi shart bo‘ladi.