Jahon | 12:50 / 03.10.2017
24485
3 daqiqa o‘qiladi

IKEA Turkmanistonda ishlab chiqarilgan paxtadan foydalanishga taqiq joriy qildi

IKEA savdo belgisi mamlakatda majburiy va beixtiyor mehnatdan foydalanish borasida «to‘g‘ri yo‘nalishda harakat» kuzatilmayotgani bois, Turkmanistonda ishlab chiqarilgan paxtadan foydalanishga taqiq joriy etdi, deyiladi kompaniyaning bayonotida.

Ilgari IKEA Turkmanistonni «og‘ir» hudud deb atar, lekin aholining mehnat huquqlari bilan bog‘liq muammolarini qayd etmagan edi.

2015 yildan e'tiboran IKEA bu mamlakatda paxta sanoatida ijobiy o‘zgarishlarini rag‘batlantirish bo‘yicha pilot loyiha bilan ish boshlagan edi. Loyihaning maqsadi mahsulot yetkazib berishning barcha bo‘g‘inlari IKEA ta'minotchilarining axloq kodeksiga to‘g‘ri kelishini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishdan iborat edi.

«Mamlakatda mavjudligimiz fermerlarni aholining mehnat huquqlari nechog‘lik muhim ekanligiga o‘rgatish imkonini berdi», — deyiladi kompaniya bayonotida.

IKEA kompaniyasidagilar qayd etishicha, loyiha o‘tkazilgan so‘nggi 2 yil mobaynida kompaniya va chetdan taklif etilgan auditorlar ta'minotchilar xulqi kodeksiga to‘g‘ri kelishini doimiy ravishda baholab borishgan. Baholashlar paxta terish kampaniyasi vaqtida, terimchilar ishtirokida o‘tkazilgan va hech qanday qoidbuzarlik aniqlanmagan.

Lekin majburiy va beixtiyor mehnatdan foydalanish borasida paydo bo‘layotgan xabarlarga asoslanib, kompaniya Turkmaniston bilan loyihani davom ettirmaslikka qaror qildi va buni «rivojlanish to‘g‘ri yo‘nalishda bormayapti», deb tushuntirdi.

«Biz mehnat shart-sharoitlarining xalqaro va mahalliy mustaqil fuqarolik jamiyati tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan shaffof monitoringni yuksaltirish bilan bir qatorda mamlakatning butun paxtachilik sohasida munosib mehnat dasturi rivojining aniq misollarini ko‘rmoqchimiz», — deyiladi kompaniya bayonotida.

IKEA o‘zining Turkmanistondagi paxtachilik sohasiga ta'sir etish qobiliyatini «cheklangan» deb baholaydi. Turkmanistonda loyihani davom ettirishdan voz kechayotganiga qaramasdan, IKEA bu mamlakatdagi tajribasini muvaffaqiyatli, deb atagan.

Eslatib o‘tamiz, IKEA O‘zbekistonda yetishtirilgan paxtadan foydalanishga ham taqiq joriy etgan.

Mavzuga oid