11:50 / 04.10.2017
11819

KUN.UZ’dan malakali jurnalistlarni ishga qabul qilish uchun tanlov

Foto: Freepik

Mojo, storitelling, longrid, kopirayter... Bu so‘zlar sizga tanishmi? Kundalik ish jarayonida shu kabi masalalar bilan ishlashga to‘g‘ri keladimi? Demak, KUN.UZ aynan ​Sizni qidirmoqda!

KUN.UZ​ jamoasi o‘z safini kengaytirishi munosabati bilan O‘zbekistondagi professional, malakali va ijodkor jurnalistlarni ishga taklif qiladi. Nomzodlar tanlov asosida ishga qabul qilinadi va quyidagi yo‘nalishda arizalar ko‘rib chiqiladi:

- jurnalist-muxbir (brifing, press konferensiya, tadbir va marosimlarda ishtirok etish, jurnalistik materiallarni yig‘ib borish, davlat idoralari va tashkilotlari, keng jamoatchilik bilan doimiy aloqada bo‘lish, tahririyatga kelib tushayotgan aholi murojaatlarini joylarga chiqib o‘rganish, dolzarb mavzularda maqola va yangiliklar tayyorlash uchun)

- korrektor (sayt va saytning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida e'lon qilinadigan maqola va yangiliklarni o‘zbek tili grammatik hamda imloviy qoidalari asosida tekshirish va tuzatishlar kiritish uchun)

Tanlovda ishtirok etishni istagan nomzodlardan:

- oliy ma'lumot to‘g‘risidagi diplom;

- kamida 3 yillik ish tajribasi (yoki jurnalistik faoliyatga doir mehnat staji);

- o‘zbek tilida mukammal darajada muloqot qila olish va yozish, shuningdek, kamida bitta xorijiy tilni* o‘zlashtirganligi;

- jurnalistik axloq-odob mas'uliyatini chuqur anglagan holda faoliyatga doir bilimlarga** ega bo‘lishi so‘raladi.

KUN.UZ ​— O‘zbekistondagi eng faol onlayn nashrlardan biri. Sayt o‘z oldiga O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng muhim voqea-hodisalar haqida tezkor, aniq va xolis axborot berishni maqsad qilib qo‘ygan. Google Analytics ma'lumotlariga ko‘ra, KUN.UZ​’ga har kuni 350 ming kishi tashrif buyuradi. Sayt O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat olib boruvchi davlat va jamoat tashkilotlari bilan qonunda belgilangan tartibda hamkorlik o‘rnatgan holda ish olib boradi.​

Tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarga:

- rasmiy mehnat shartnomasi hamda boshlang‘ich 1,5 mln. so‘m yoki undan ortiq oylik maosh;

- to‘liq stavka bo‘yicha, kun davomida erkin ish grafik soati (bir haftada 6 kunlik ish soat normasidan kam bo‘lmagan tartibda);

- Toshkent shahridagi ofisga qatnab ishlaydigan jurnalistlar uchun bepul, mazali tushlik va qulay ish sharoiti taqdim etiladi

- jurnalistlar erkin ijod qilishi uchun zarur texnikaviy vositalar bilan ta'minlanadi

Ishga qabul qilish bo‘yicha tanlov shu yilning 20 oktabriga qadar davom etadi. Nomzodlardan info@kun.uz elektron pochta manziliga kichik hajm va erkin tarzda o‘zi haqida bayon etilgan ma'lumotlarni (F.I.Sh., yashash va ish joyi, telefon raqami, ish tajribasi, sohadagi faoliyatiga doir ma'lumotlar — chop etilgan maqolalaridan nusxalar va internetda e'lon qilingan ishlariga havolalar) yuborishi so‘raladi.  

--------------

*) xorijiy tillardan rus va ingliz tilini mukammal bilish ishga qabul qilinishda ustunlik beradi.

**) jurnalistning dolzarb va ma'lum bir yo‘nalishda ixtisoslashganiga e'tibor qaratiladi.

Top