10:40 / 11.10.2017
24639

Abramovichga «Chelsi»dan nima foyda?

2003 yilning iyul oyida u yoki bu jihatidan butun odamzodni qiziqtirgan boylik va futbol katta shov-shuv bilan bir nuqtada kesishdi hamda bu voqea Angliya va Rossiyada hamma joydan ham ko‘ra ko‘proq aks-sado berdi.

Rossiyalik milliarder Roman Abramovich Londonning «Chelsi» klubi aksiyalarining nazorat paketini sotib oldi.

Ommaviy axborot vositalari bu haqda shunchalik ko‘p yoritishdiki, Abramovichning o‘zi ham intervyularining birida bu xarid bunchalik vahimaga sabab bo‘lishini kutmaganligini e'tirof etdi. Rossiyaliklar iqtisodi endi-endi tiklanayotgan o‘z davlatlaridan shuncha pul olib chiqib ketilishidan, angliyaliklar kelib chiqishi ham, topayotgan pullarining manbasi ham o‘z shaxsiyati singari mavhum bu milliarderning Tumanli Albion ramzlaridan biriga egalik qilishidan norozi ohangda bong urishardi. Oradan yillar o‘tdi. «Chelsi» Abramovich orzu qilganidek dunyoning eng yetakchi jamoalaridan biriga aylandi. Zero 2003 yildayoq tuzilgan rivojlanish dasturiga ko‘ra, 2010-2011 yilga kelib «Chelsi» eng qimmatbaho klubga aylanishi ko‘zda tutilgandi. Lekin hali-hanuz ko‘pchilikni bir savol qiynaydi. Abramovichga «Chelsi» dan nima foyda?!

Dastlab, Abramovich ayni shu xarid uchun maxsus tashkil etgan «Chelsea Limited» firmasi «Chelsi»ga egalik qiluvchi «Chelsea Village» kompaniyasidan klubning 50,09 foiz aksiyasini nominal qiymati 1 pens bo‘lgan har bir aksiya uchun 35 pensdan pul to‘lab sotib oldi. O‘sha paytlarda «Chelsi» boy tarixga ega, turnir jadvalida yuqori o‘rinlarda bo‘lsada, qarz botqog‘iga botayotgan, iqtisodi anchagina nochor klubga aylanib qolgan edi. Abramovich «Chelsi» uchun 140 mln. funt sterling sarflash bilan birga uning 90 million miqdordagi qarzlarini to‘lashni ham o‘z zimmasiga oldi. Bu xarid orqali Roman Abramovich Angliya futbol klubini to‘liq sotib olgan birinchi chet ellik bo‘ldi. Shu oyning o‘zidayoq «Chelsi» Rimdagi «Flaminio» stadionida «Latsio»ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida, Abramovich va oilasi ko‘z o‘ngida 0:2 hisobida yutqazdi. 25 sentabrga borib Abramovich aksiyalarining miqdori 97,01 foizga yetdi va milliarder Angliyaning eng yaxshi futbol menejyeri hisoblanadigan Piter Kenonni «MYu»dan avrab olib keldi. 2004 yilning yanvaridayoq Abramovich «Chelsi»ning 100 foizlik xo‘jayiniga aylandi hamda bor kuch va pullarini klubni rivojlantirish uchun sarflay boshladi. 

Birinchi navbatda u italiyalik murabbiy Klaudio Ranerini shartnomasi muddati tugamasdanoq ishdan bo‘shatdi va Angliya futboli uchun rekord summa - 6 million funt tovon to‘ladi. 2 iyunda klubga haftasiga 100 ming funt maosh evaziga Chempionlar Ligasi g‘olibi Joze Mourino bosh murabbiy etib tayinlandi. Abramovich «Portu» bilan shartnomani muddatidan avval buzgan murabbiy uchun 1,7 million funt to‘lab berdi. Shunday qilib murabbiy operatsiyasining o‘ziyoq milliarder hamyonini deyarli 12 mln funtga kamaytirdi. 2004 yilni «Chelsi» rekord summa - 88 million funt zarar bilan yakunladi. Lekin shu bilan birga klub 152 million funt pul ham ishlagan, bu oldingi yillarga nisbatan 40 foizga ko‘proq edi. Futbolchilarning maoshi ikki barobar oshgan va 115 million funtni tashkil qilgandi. Solishtirish uchun, 2004 yilda «Manchester Yunayted» futbolchilarining jami maoshi miqdori 77 million funt bo‘lgan. 

2005 yilning 27 fevralida «Chelsi» Abramovich davridagi birinchi sovrin – Angliya Kubogini qo‘lga kiritdi.

O‘sha yilning may oyida esa «aristokrat»lar 50 yil ichida ilk bor mamlakat chempioni bo‘ldi.

«Chelsi»ning yutuqlari bilan birga Abramovichning shuhrati ham oshgandan oshib boraverdi. Milliarder futbol fanatlarining haqiqiy yoqimtoyiga aylandi. O‘shanda Angliya matbuoti Abramovich va «Chelsi» ittifoqining iqtisodiy tomonini tahlil qildi va ommaga aql bovar qilmas faktlarni taqdim etdi. Ma'lum bo‘lishicha, «Chelsi»ga egalik qilgan davrida milliarder kuniga 1 mln. funt sterlingdan ko‘proq mablag‘ sarflagan ekan (670 kun ichida 683,4 million). Yil yakuniga ko‘ra, klubning zarari 100 million funtdan oshdi. 2006 yilda «Chelsi» yana chempion bo‘ldi va shu bilgan birga zararlari ham kamaya bordi. 

2007 yilga kelib OAVda «Abramovich «Chelsi»ni sotarmish», degan gaplar oralab qoldi. Bunga sabab milliarderning Sochi olimpiadasiga 1 mlrd dollar mablag‘ ajratishi lozimligi, xotini Irina bilan ajrashishi tufayli yirik tovon to‘layotgani va nihoyat katta sarf-xarajatlardan charchagani ko‘rsatildi. Lekin Abramovichning vakili Jon Mann barcha mish-mishlarni rad etdi va «Chelsi» milliarder uchun uzoq muddatli loyiha ekanligini va unga sarflanadigan pul Abramovich boyligining arzimas qismini tashkil etishini aytib o‘tdi. Vakilning gaplari tez orada o‘z isbotini topdi. Abramovich 10 mln funt pul to‘lab, Joze Mourinoni ishdan bo‘shatdi va eski qadrdoni Avraam Grantni bosh murabbiylikka tayinladi. Lekin 2007-2008 yilgi mavsumda ilk bor Chempionlar ligasi finaligacha yetib borgan «aristokrat»lar Moskvada «MYu»dan alamli tarzda mag‘lubiyatga uchrashdi va Abramovichning Chempionlar Ligasi bosh sovrinini qo‘lga kiritish orzusi yana amalga oshmay qoldi.

Boz ustiga Mourino ishdan bo‘shatilganidan norozi bo‘lgan fanatlar «Chelsi» sohibini e'tirozlarga ko‘mib tashladilar. Abramovich o‘yinlarni kuzatish uchun «Stemford Brij»dagi VIP o‘rindiqlari sonini 10tadan 27taga oshirishga majbur bo‘ldi. Oldinlari birgina tansoqchi kuzatuvida stadionga tashrif buyuradigan milliarder endilikda o‘nlab tansoqchilar qurshovida o‘yinni tomosha qila boshladi. Abramovich shaxsan o‘zi bormasligi uchun Kobhemdagi «Chelsi» bazasi eng so‘nggi rusumdagi videokuzatuv tizimi bilan jihozlandi va milliarder dunyoning istalgan nuqtasidan ish jarayonini kuzatish imkoniga ega bo‘ldi. Bu bazadagi butun binolarni va 34ta (!) maydonni butkul qaytadan barpo etish Abramovichga 20 mln funtga tushgandi. 

Milliarderning umumiy xarajatlari 1 mlrd dollarga yaqinlashdi va hammani yana o‘sha savol qiynay boshladi – Abramovichga bu loyiha nimaga kerak?!

Bu savolga quyidagicha javob berish mumkin: 
1. Dunyoda minglab milliarderlar bordir, lekin Abramovich bitta. Biz mingtasini emas, o‘sha bittani taniymiz;
2.Angliya futbol vatani bo‘lish bilan bir paytda dunyo madaniyati va boyligi markazi hisoblanadi. Zodagonlikning asl ko‘rinishi Angliyada. Shunday ekan, bu davlatga kirib borish va e'tibor qozonish uchun «aristokrat»lar klubini sotib olishdan ham ko‘ra kuchliroq g‘oya bo‘lishi mumkinmi?!;
3. Futbol o‘ynamagan Roman Abramovich uchun futbol olamiga kirib borish bolalikdagi orzu edi. Yillar o‘tib katta boylikka ega bo‘lganida mo‘ljal ham shunga yarasha bo‘ldi. Bolalik orzusi uchun, eng kuchli davlat, eng tezkor chempionatdagi eng zo‘r klub uchun qancha pul sarflasa arziydi axir;
4. Dunyo bo‘ylab kezadigan Abramovich uchun turli toifadagi odamlar bilan uchrashganda tashrif qog‘ozidagi yoki imzosi yoniga ilova qilinadigan «Chelsi» sohibi» degan nom juda nufuzli hisoblanadi.
Abramovichning 2003-2004 yillarda tuzilgan rivojlanish dasturiga ko‘ra, «Chelsi» 2010 yilda foydaga kiradigan va 2014 yilda birinchi raqamli futbol brendiga aylanadigan klubga aylanishi lozim edi. Bu reja ko‘ngildagidek amalga oshdi va aytish mumkinki, bugungi «Chelsi» har qanday klub bilan bemalol bellasha oladi. Shuncha pastga sho‘ng‘ishga qaramasdan uzoq kutilgan YeChL chempioni va qatorasiga Anglida birinchi bo‘lganligi buning yaqqol isbotidir.

Abror Zohidov.

Shu o‘rinda latifa
Roman Abramovich detektiv va jangari filmlar tomosha qilishni yoqtirmaydi. Chunki u arzimagan 10-15 million pul uchun odamlar bir-birlarini nega o‘ldirayotganlarini mutlaqo tushunmaydi.

Top