12:13 / 12.10.2017
15722

Chempion hikoyalari: Marselo

Nimadan boshlasam ekan… Men sizlarga bobom va u qanday qilib mening hayotimni o‘zgartirib yuborgani haqida so‘zlab bermoqchiman. Yana Ronaldo haqida. Romario haqida...
Gaplar ko‘p. 

Olti yosh edim, yozgi ta'til bo‘lsa-da, har kuni ertalab soat 7:30da turar, Botafogo plyajiga, futbol o‘ynagani ketardim. Plyaj yaqinida kichik futbol maydonchasi, uning yaqinida esa, avtomobillar turar joyi, doim «bir dollar, bir dollar» deya qichqirib turadigan kishi turardi. U bir dollar evaziga avtomashinangizni «himoya qilardi». Uning qiyosi yo‘q ovozi bilan birgalikda, o‘sha davrdan menga yerdan taraladigan o‘ziga xos hid yodimda qolgan.   

Bu xudud Botafogo fanatlariga tegishli edi. Ba'zida futbol maydonchasi ular bilan to‘lar, men chetdan aylanib o‘tardim, ba'zida hech kim yo‘q, huvillab yotar, lekin har kuni. Xudoning bergan kuni u yerda Marselitoni – ya'ni meni topish mumkin edi. 

Men o‘sha hidni ham, ikki oyog‘im ostidagi koptokni ham yaxshi eslayman, menimcha, aynan o‘sha paytlarda hozirchaga men bilan bo‘lgan haqiqatni tushunib yetgandirman: agar to‘p sizning oyoqlaringiz ostida bo‘lsa, aqldan ozdiruvchi baxt, atrofingizda birga o‘ynayotgan sheriklaringiz bormi, yo‘qmi, boshqa masala, barchasi mana shu to‘pda mujassam. 

O‘sha yozda Amerikada 1994 yilgi jahon chempionati davom etayotgandi. Chempionat boshlanmasidan Braziliya bayramona tusga kiradi, atrof yashillikka burkanadi, ko‘chalar, devorlar, oynalar, odamlarning yuzlari ko‘k va sariq ranglarga bo‘yaladi. Braziliyada ulg‘aygan har bir bola o‘zida buni his qiladi. Bir paytlar Ronaldoning bolalik xotiralarini o‘qigandim, u ham bolalik chog‘ida, 1982 yilgi mundial oldidan ko‘chaga chiqqan va Zikoning rasmini bo‘yashda qarashgan ekan. 

Ey Ronaldo, agar sen buni o‘qiyotgan bo‘lsang, bilib qo‘y, men olti yoshimda, o‘rtoqlarim bilan sening rasmingni bo‘yab chiqqanmiz. Sen biz uchun qahramon eding. Bu doimo qalbimni larzaga keltiradigan xotira. 

Xotiralar qiziq bo‘ladi, men masalan, o‘shanda Braziliya qanday qilib finalda g‘alaba qozonganini eslay olmayman, hammasi elas-elas, lekin keyingi kuni chiqqan gazetaning bosh sahifasidagi rasm ko‘z oldimda turibdi: Samolyotdan Braziliya bayrog‘iga burkangan holda tushib kelayotgan Romario go‘yoki biz uchun dunyoni zabt etgandek edi. Bu rasm menda ulkan faxr tuyg‘usini paydo qilgan, ichimda «e xudoyim, men ham bir kun shunday qilishim kerak» deb o‘ylaganman.  

Albatta, bu juda kulgili xomxayol. Avvalo, Braziliyada 200 milliondan ortiq odam yashaydi va ularning har biri, hatto yoshi kattalari ham futbolchi bo‘lishni orzu qilishadi. Ikkinchidan, men hali haqiqiy futbolchi ham emasdim. Shunchaki, mahalliy futzalda shug‘ullanib yurar, futbol klublari bo‘ylab sayohat qilish oilam uchun imkonsiz edi. Balki, Amerika yoki Angliyada yashaydiganlar meni tushunmaslar, ammo rostan ham o‘sha paytlari benzin juda qimmat bo‘lgan. 

Baxtimga buvam men uchun bor narsasini qurbon qilishga tayyor bo‘ladi. U mening hikoyamdagi eng muhim inson bo‘lgani shubhasiz. U o‘zining eski, adashmasam 1969 yilgi bo‘lsa kerak, Volkswagen mashinasida meni futzal o‘yinlariga olib borardi. Sakkiz yoki to‘qqiz yoshimda edim, doimo ko‘chada yurish, gazga, tushliklar uchun hxarajat qilish og‘irlik qilib qolayozgan bir pallada, buvamning bir qarori mening kelajagimni o‘zgartirib yuborgandi. 

U mashinasini sotib yubordi va bor pulini men o‘yinlarga borishim uchun avtobus chiptalariga sarfladi.  Bu holat uni xafa qilgan yoki u achingan deb o‘ylaysizmi? Yo‘q. U doimo bitta gapni takrorlashdan charchamasdi – «Mening nabiram Riodagi eng buyuk futbolchi. Braziliyada uning tengi yo‘q. Uni to‘xtatib bo‘lmaydi!»

Uning ko‘zida go‘yoki men hech qachon xato qilmas edim. U mening o‘yinlarimni tomosha qilib, uyga kelganida otamga «uning o‘yinini ko‘rgani borsanglar bo‘lmaydimi, Marselo bugun nimalar qilib tashladi-ya, ajoyib» -  derdi. Afsuski, otam mening o‘yinlarimni ko‘rishga vaqt topa olmas, chunki u erta-yu kech ishlashi kerak edi. Menimcha, u buvamni biroz tentak deb ham o‘ylagan bo‘lsa kerak. Hatto men juda yomon o‘ynab, yutqazgan paytlarimda ham buvam meni yupatish yo‘lini topardi. Xullas u to‘qqiz yoshimda o‘zimni Ronaldodek his qilishga o‘rgatardi. Rostanam bu ta'sir qilardi, ishonavering.  

Bir kuni, men o‘shanda o‘n yoshlarda edim, o‘yindan keyin buvam oldimga keldi va Volkswagen Beetle avtomobilini ko‘rsatdi:
- Chiq, ketdik uyga.
- Nima bo‘lyapti, qayerdan olding mashinani?
- Jogo do bisho

Bizda shunaqa lotereya turi bor edi. Unchalik qonuniy emas, menimcha, lekin shaharchamizda ko‘pchilik o‘ynardi. Qaysidir hayvon bilan bog‘liq biror raqam tanlaysiz va har kuni yangi rasm paydo bo‘ladi. Buvam o‘sha o‘yinda qanchadir pul yutib olgan va shu mashinani sotib olgandi. 

Ajoyib. Biz hamma yerga shu mashinada borardik. O‘n besh yoshimda, meni «Fluminense»ga, haqiqiy futbol jamoasiga taklif qilishganda esa, muammolar boshlandi. Ularning bazasi bizdan ikki soatlik yo‘l bo‘lgan Xeremda joylashgan, u yerga borish uchun yoqilg‘iga pul topa olmasdik. Oqibatda men u yerda qoladigan bo‘ldim, buvam har shanba meni olib ketgani kelar va yakshanbani Rioda, oilam bilan o‘tkazardim. 

Qanchadir vaqt o‘tgach, aniq esimda yo‘q, men hammasidan zerikdim. O‘zimni futbolning quli deb his etishni boshlagandim, chunki do‘stlarimning yozgi ta'tilda mazza qilib plyajlarda dam olayotganini ko‘rar, men bu imkoniyatdan o‘z xohishim bilan voz kechayotgandek edim. Bir kuni buvam kelganida unga ham aytdim.
- Men tugatdim. Bu yerdan ketaman va uyga qaytaman.
- Yo‘q, yo‘q. Sen bunday qilmaysan. Shuncha kurashganimizga qaramasdan-a?
- Men zaxirada o‘tirib qoldim. Men o‘z yoshligimni qurbon qilyapman. Jonga tegdi.

Shunday deb men ho‘ngrab yig‘lashni boshladim.
«Marselo, shunchaki, xotirjam bo‘l», – dedi u – «Sen hozir bu ishni qilishga haqqing yo‘q. Bir kuni men sening Marakanada o‘ynayotganingni ko‘rishim kerak».

Bu gap menga ta'sir qildi. «Bo‘pti, yana bir hafta o‘ynayman», – dedim, lekin ichimda fikrim o‘zgara boshlagandi. 

Ikki yil o‘tib, buvam tribunada o‘tirar, men esa, «Fluminense»ning asosiy tarkibida Marakanaga chiqib kelardim. Nazarimda, u hammasini bilgan, menga ishongan va menga tikkan edi. Men uning uchun shunchaki lotereya emasdim.

18 yoshga to‘lganimda Yevropa klublari paydo bo‘la boshlashdi. TsSKA menga qiziqayotganini eshitdim, «Sevilya» ham bor edi. U paytlarda «Sevilya» juda kuchli namoyish etayotgan, jamoa tarkibida bir nechta braziliyalik bor edi – «bu juda zo‘r-ku!».

Kunlardan birida esa, bir agent menga telefon qilib so‘radi:
«Real Madrid»ga borishni istaysanmi?»

Bo‘lmasamchi! Men bu agent kim ekanini bilmasdim, ammo u meni «Real»ga borishim mumkinligiga ishontirdi. 
Bir necha hafta o‘tib, Portu Alegrida o‘ynayotganimizda, «Real» men bilan uchrashishga kimnidir yuborgan ekan. U odam men bilan uchrashdi va kim bilan yashashim, sevganim bormi yoki yo‘qmi, surishtira boshladi. U odamda «Real»ning emblemasini ham, biror hujjatni ham ko‘rmaganim uchun shubhalana boshladim: Rostanam u «Real»dan kelganmi yoki samolyotga o‘tkazib, qanaqadir Sibirga jo‘natib yuborsa-ya?

Ikki kundan keyin telefon qilishdi va «tibbiy ko‘rik»dan o‘tish uchun Madridga borishim kerakligini aytishdi. Yana shubhalar kemira boshladi. Nahotki bu ishlar shunday amalga oshsa?

Meni ham tushuninglar, bilasizmi 16 yoshimgacha Chempionlar Ligasi degan turnir borligini ham bilmaganman. Bir voqea esimda, Xeremdagi dam olish xonasida o‘tirardik, bir necha sheriklarim «Portu» va «Monako» o‘rtasidagi o‘yinni tomosha qilayotgandi. O‘yin qanaqadir tezkor, stadionning chimi, muxlislar hammasi ajoyib ko‘rindi. O‘sha paytlarda Braziliya ligalarida yorug‘lik bu darajada bo‘lmasdi. Maysalar ham bu qadar yashil emasdi. O‘yin go‘yoki, umuman men bilmaydigan boshqa planetada bo‘layotgan translyatsiyaga o‘xshardi. 
- Nima bu, qanaqa liga?
- Chempionlar Ligasi.
- Qanaqa chempionlar?
- Ovsar, bu Chempionlar Ligasi finali!

Men uning nima haqida gapirayotganini bilmasdim. Braziliyada Chempionlar Ligasi faqat pullik kanallarda berilar, bizga o‘xshagan oddiy odamlar ko‘ra olmasdik. 

Xullas, men Madrid samolyotidaman. Aytdim-ku, men hali ham nima bo‘layotganini tushunmasdim, hozir boraman, ozgina gaplashamiz, tamom. Uchrashuvga borgach, stolda tayyor shartnoma turganini ko‘rib, aqldan ozayozdim va o‘sha la'nati qog‘ozga darrov imzo chekdim. Xodimlar menga kostyum-shim kiygizib, jurnalistlarga namoyish qildilar. Oilamdagilarning aytishicha, bu haqida Globo Esporte efirida ko‘rsatilmaguncha, ular ham hech narsaga ishonmay o‘tirishgan ekan. 

Bu holat men uchun fantastika tuyulganining yana bir sababi, Roberto Karlos mening kumirim edi. U men uchun haqiqiy qahramon, u bilan bir jamoada bo‘lishga ishonishim juda qiyin bo‘layotgandi. 

Kichkina Marselito kompyuter o‘yinlaridagi jamoada paydo bo‘lib qolgandi. 

Ular meni tiriklayin yeb qo‘yishlari mumkin edi. Ammo ruxsat bersangiz, «Real»dagi eng muhim jihatini aytsam. Uning o‘ziga xos ekani ham shunda. Birinchi kuniyoq  Roberto Karlos yonimga keldi va o‘z telefon raqamini berib, agar yordam kerak bo‘lsa, murojaat qilishim mumkinligini aytdi. 

Madriddagi ilk Rojdestvo kunida u meni va rafiqamni uyiga taklif qildi. U mening kumirim, bir pozitsiya uchun raqobat qilamiz. Balki ko‘pchilik men bilan bunday munosabatda bo‘lmasdi. Lekin u Roberto Karlos, shu qadar o‘ziga bo‘lgan ishonchi kuchli ediki...

Men uning maydondagi harakatlaridan ham zavqlanardim. Roberto Karlos chap qanotning boshidan oxirigacha xukmron bo‘lib olardi. 

«Meni yoqtirasizmi yoki yo‘qmi, men shu yerda bo‘lishim kerak. Men hujum qilishim kerak. Men buni istayman. Orqada muammo bo‘lishi mumkinmi? Balki. Buni tuzatamiz, lekin avvalo, hujum qilishimiz kerak».

Bu darajada ishonch bilan o‘ynash uchun sheriklar bilan ham zo‘r munosabat bo‘lishi kerak. Fabio Kannavaro menga yaqin bo‘lgan tomonda o‘ynardi va doim menga – «Marselo, boraver, men qarab turaman. Qo‘rqma, men Kannavaroman» derdi.

Hozir xuddi shu ishni Kazemiro qilyapti. U doim menga hujumga boraverishimni, himoyaga qarab turishini aytadi. Oh, Kazemiro, bu mening hayotimni qutqardi. U tufayli, uning yonida men 45 yoshgacha mana shunday xotirjam o‘ynashim mumkin.

Yozda Roberto Karlos jamoani tark etdi va endi men ko‘proq maydonga tusha boshladim. Kichkina Marselito ucha boshladi. 

Dam olgani Braziliyaga borganimda, buvamning xonasiga albatta kirardim. U qanday xona, aytaymi? U olti yoshimdan boshlab, menga tegishli hamma narsani yig‘ar va eski shkafiga yasatib qo‘yardi. Urgan gollarim, rasmlar, men haqimda gazetalarda chiqqan maqolalar, hammasini qirqib, ramkaga solar va shkafga qo‘yardi. «Real»dan borib qarasam, hali ham o‘sha ishni qilyapti. Biz La Ligani yutgandik, demak shkaf rosa to‘ladigan bo‘pti-da. U hech narsani o‘tkazib yubormasdi. Men doim bu xonaga ikki narsani qo‘shishni xohlardim. Chempionlar Ligasi kubogini ko‘tarib turgan rasmim va xuddi Romario kabi, jahon chempioni sifatida Braziliya bayrog‘iga o‘ralib olganimni. 

2014 yilda Chempionlar Ligasi finaliga chiqdik. Men o‘sha o‘yingacha to‘rt o‘yinda asosiy tarkibda tushdim, ammo murabbiy finalda zaxira o‘rindig‘ida qoldirgach, ochig‘ini aytsam, juda xafa bo‘ldim. Avval shunaqa bo‘ldi, lekin negadir o‘sha oqshom men bilan qandaydir buyuk voqea sodir bo‘lishini sezardim va o‘z vaqtimni kutib o‘tirdim. 

Biz o‘yin oxirlarigacha hisobda orqada bordik. Keyin esa, Serxio Ramos yana boshi bilan bizni qutqarib qoldi. Bu bola nega shunaqa bilmayman. Balki hamma gap uning sochidadir. Xullas, murabbiy men va Iskoni oldiga chaqirib, maydonga tushishimiz kerakligini aytganida, o‘ta jahldor holatda edim. Yaxshi ma'noda, albatta. Men g‘alaba qozonish o‘tida yonardim. 

Qo‘shimcha vaqtda gol urganimda, xuddi miyam ishlamay qolganga o‘xshardi. Nima qilishni bilmay qoldim, avvaliga futbolkamni yechaymikin, deb o‘yladim, keyin sariq kartochkadan qo‘rqdim. Jiddiy bo‘lib oldim. Qayerdandir yig‘i keldi. Bu tentakona hissiyotlar edi. 

O‘n yil oldin men Xeremdagi televizorda ko‘rib, nima ekanini bilmaganim Chempionlar Ligasi kubogini qo‘limda ko‘tarib turardim. «Real» tarixidagi o‘ninchi mana shunday kubokni. 

Finaldagi g‘alabamizdan bir necha oy o‘tib, Rioda buvam vafot etdi. Men mana shunday odam yashaganidan faxrlanaman va aynan u tufayli men mana shu darajagacha yetib kelgandim. Ba'zida o‘ylab qolaman, o‘n bir yildan beri «Real»daman, shuncha yildan beri Braziliya terma jamoasida o‘ynayman. Men kabi tentak himoyachi uchun ko‘p emasmi? Qanday qilib haligacha o‘ynab yuribman, hayronman. 

Har kuni, «Real» bazasiga kelar ekanman, meni juda katta hissiyotlar cho‘lg‘ab oladi, mana shu buyuk klub tarixining bir bo‘lagi bo‘lib qolishimga ishona olmayman. Bu yuzimda bilinmasligi mumkin, ammo ichimda haliyam bu klubning buyukligi meni qo‘rqitadi, ishoning. 

Ammo mening yana bir katta orzuim bor. 2018 yilda Braziliya yana jahon chempionatida o‘ynaydi. Bir narsani yozib, saqlab qo‘ying, Tite ajoyib murabbiy va biz u bilan yana chempionlik shohsupasiga qaytamiz. Ishonasizmi, u murabbiylikka tayinlangan ilk kuniyoq menga qo‘ng‘iroq qildi:
«Men albatta kafolat bermayman, lekin bir kuni terma jamoada o‘ynashga taklif qilish uchun sizga qo‘ng‘iroq qilsam, tayyormisiz?»

Bu men uchun juda katta narsa edi. O‘n bir yillik davrda birinchi marta terma jamoa murabbiyi menga shaxsan qo‘ng‘iroq qilgandi. Men Titedek odam uchun urushga borishim mumkin hatto, u uchun va buvamning xonasiga jahon kubogini qo‘shib qo‘yish uchun qo‘limdan keladigan hamma narsaga tayyorman. 

Lekin agar buni eplay olmasam, nima deyishim mumkin? Baribir Marseloligimcha qolaman. Baxtli Marselo...

Marselo/ThePlayersTribune

Mavzu
G‘oliblar tarixi
Hayotda o‘z intilishlari va irodasi kuchi bilan muvaffaqiyatga erishgan shaxslar bisyor. Ularning har birining qiziq tarixi va hikoyasi bor
Barchasi
Mavzuga oid
Top