12:34 / 14.10.2017
24117

Terini deb “ter bosdi”

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Qorako‘l terisi dunyo bozorida juda xaridorgir xom ashyo hisoblanadi. Bundan esa mo‘may daromad orttirishni ko‘zlagan ayrim ustomonlar bu turdagi mahsulotlarni bojxona nazoratidan chetlab olib o‘tishga urinishmoqda, deb xabar berdi Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati 

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “G‘ishtko‘prik” chegara-bojxona kompleksi xodimlari qorako‘l terilarini noqonuniy ravishda olib chiqishga uringan shaxslar faoliyatiga chek qo‘yishdi.

Qo‘shni davlatga yo‘l olgan poytaxtlik A.Ziyamuxammedov bojxona nazoratidan o‘tish davomida yonida ortiqcha buyumlar yo‘qligini ma'lum qiladi. Ammo, unga tegishli yuklar nazorat-rentgan apparatidan o‘tkazilganda bojxona xodimlarida dastlabki shubhalar tug‘iladi.

Shundan so‘ng ushbu yuklar xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, ushbu shaxs yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ham, bojxona xodimlarining og‘zaki so‘rovi paytida ham ma'lum qilmasdan turib 20 dona qorako‘l terilarini yashirin ravishda olib chiqishga uringani aniqlandi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Shuningdek, ayni shu kuni poytaxtlik yana bir shaxs – T.Madjidovning ham xuddi shunday urinishiga chek qo‘yildi. Ushbu shaxs ham bojxona nazoratidan chetlab o‘tib, 25 dona qorako‘l terilarini olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan paytda to‘xtatib qolindi.

Oliy navli ushbu qorako‘l terilarining umumiy bahosi dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 13,5 mln, so‘mni tashkil qilar ekan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv jarayonlari davom ettirilmoqda.

Top