22:30 / 17.10.2017
54097

Sirdaryoda 50 ming so‘mlik qalbaki pul yasaganlar ushlandi

Foto: KUN.UZ/Illyustrativ surat

15 oktabr kuni fuqaro H.K. Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani IIBga ariza bilan murojaat qilgan. Arizada yozilishicha shu kuni tungi soat 23:30 larda YaTT «Qambarova Oysha»ga tegishli do‘konda savdo qilayotgan vaqtida, «Epika» rusumli, davlat raqami 10 N 110 FA bo‘lgan avtomashinada to‘rt nafar noma'lum shaxslar kelib, undan 26.000 so‘mga narsalar xarid qilib, to‘lov uchun 50.000 so‘mlik kupyura berib, qaytim olishgani. Ular ketganidan so‘ng H.K.da 50.000 so‘mlik kupyura haqiqiy ekanligiga shubha tug‘ilib, bu haqda IIB xodimlariga xabar berganligini ma'lum qilgan, deb xabar beradi KUN.UZ’ga viloyat IIB yuridik ta'minlash bo‘linmasi.

Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida mazkur holat yuzasidan gumon qilingan Mirzarahmatov U.A., Nosirov F.A., Abdurahimov A.Yu. va Gilyazov F.X.lar ushlangan.

Shuningdek, surishtiruv jarayonida U.Mirzarahmatov, F.Nosirov, A.Abdurahimov va F.Gilyazovlar Toshkent viloyati, Chinoz tumani, «Yallama» MFY hududida joylashgan «Baliq» choyxonasida ovqatlanib, 235.000 so‘m ichiga 1 dona qalbaki 50.000 so‘mlik kupyurani qo‘shib, to‘lov qilganliklari aniqlanib, ushbu kupyura daliliy ashyo sifatida olingan.

VIIB EKBning 812-sonli xulosasida, taqdim qilingan 2 dona seriya raqamlari bir xil bo‘lgan AW 1617005 seriya raqamli 50.000 so‘mlik milliy pul kupyuralari tomchi purkovchi rangli printerda chop etilganligi, ushbu texnologiya O‘zbekiston milliy valyutasini ishlab chiqarish texnalogiyasiga mos kelmasligi ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Oqoltin tumani IIB xuzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan U.A.Mirzaraxmatov va uning jinoiy sheriklariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 176-moddasi, 2-qismi, «a» bandi (qalbaki pul yasash va ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid
Top