Jahon | 18:34 / 18.10.2017
59848
6 daqiqa o‘qiladi

Almazbek Atamboyev: Babanovni qo‘llashim uchun 20 million dollar pora taklif etishdi (video)

Foto: Kaktus.media

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atamboyev mamlakat prezidentligi saylovlaridan so‘ng muxolifat partiyasi nomzodi O‘murbek Babanov haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.

— Birinchidan, saylov natijalarini bekor qilishga hech kim yo‘l qo‘yib bermaydi. Xalq kimni saylagan bo‘lsa o‘sha prezident bo‘ladi. Modomiki, Babanov haqidagi fikrlarini so‘ragan ekansiz, xafa bo‘lmaysizlar, u qanday bo‘lsa shunday javob beraman. Chunki men haqiqatni gapirishga odatlanganman.

To‘g‘risini aytaman, men Babanovni Qirg‘izistonning navbatdagi prezidenti bo‘ladi, deb o‘ylagan edim. Uni men juda azaldan — 2005 yildan beri bilaman.

Keling, yaxshisi, munosabatlarimiz tarixidan hikoya qilib beray. Rafiqalarimiz xuddi ikki opa-singildek, doim qalin do‘st-dugona bo‘lib kelishgan. Men 2007 yilda bosh vazir bo‘lganimda, u mening uyimdan chiqmasdi. Men bosh vazirlik lavozimidan ketganimdan so‘ng u 2010 yilgacha yo‘q bo‘lib qoldi. 2010 yilda Babanov yana paydo bo‘ldi. U o‘zining chiroyli ko‘zlari, shirin so‘zlari bilan insonni maftun eta oladi.

Yashirmayman, 2010 yildan boshlab Babanovga turli yo‘llar bilan yordam berib, muammolardan himoya qilardim. Bugun ochiq aytishim mumkin, Babanov huzurimga firmasining Rossiyadagi sement zavodi oldidagi 15 milliard so‘m qarzini restrukturizatsiya qilishda yordam so‘rab kelganida men bu masalani Dmitriy Medvedev bilan gaplashib hal qildim. Bu borada kerakli hujjatlar ham bor. Men undan «O‘murbek Toktogulovich, nega savdo markazi qurilishini tugallamayapsan? Axir bu yerda «Instrumetalshchik» stadioni bulardi, nega unda stadionni yo‘q qilding?» deb so‘raganimda, u mendan bu masalada ham yordam qilishni so‘radi va u yerda ham unga 2 milliard so‘m olishda yordamlashdim.

Babanov mana shu yilning o‘zi har ikki haftada bir marta uyimda mehmon bo‘lar edi. Oilalarimiz Babanovning shahar yaqinidagi allaqanday xo‘jaligida yetishtirilgan qulupnay, malina kabi mevalarni birgalikda tanovvul qilishgan edi. Bir yarim oycha oldin kuzata boshladimki, Babanov mening ustimdan mag‘zava ag‘dara boshladi. Meni turkchalab doim «abey» deb chaqirgan Babanov, hech kimdan eshitmaganim maqtovlar bilan meni maqtab yurgan Babanov, menga «sizning yo‘lingizni faqat men davom ettiraman», degan Babanov kutilmaganda biz noto‘g‘ri yo‘ldan yurayotganimiz haqida bayonot bera boshladi.

Bundan tashqari, ochiq aytaman, oldimga xorijiy oligarxlardan biri Babanov nomidan kelib, O‘murbekni qo‘llab-quvvatlashga rozi bo‘lishim uchun 20 million dollar taklif qildi. O‘zi kelib taklif etishga qo‘rqqan-da. Men unga: «Ey, azizim, dunyoda sotilmaydigan narsalar ham bor», dedim. Bundan tashqari, tartibsizliklarga tayyorgarlik ko‘rilayotgani va ular qayerdan turib moliyalashtirilayotgani oydinlashgach, men Qirg‘iziston xalqi singari ishonuvchan inson ekanligim tufayli doimo aldanishim haqida o‘ylanib qoldim. Xudoga shukrki, Babanovning basharasini o‘z vaqtida fosh qilishga ulgurdim.

Rahmatli Tamir Jumagaliyev va boshqalar u haqida aytgan gaplarni eslay boshladim. Ular Babanovning Aydar Akayevni, Maksim Bakiyevni qanday chuv tushirganini aytib berishgan, “sizni ham aldaydi”, deyishgan edi. Babanov o‘z vaqtida kerak bo‘lganida Akayevlar oilasi, xususan Aydar Akayev bilan, zarur bo‘lganda Bakiyevlar bilan, xususan Maksim Bakiyev bilan do‘stlashgan edi. Kerak bo‘lganida Atamboyev bilan do‘stlashdi, endi Atamboyev mansabdan ketayapti, uni oyog‘osti qilish mumkin, deb o‘yladi chog‘i.

Eshitib olinglar: men hech kimga o‘zimni oyoqosti qildirib qo‘ymayman! O‘zimni oyog‘osti qilishlariga yo‘l qo‘ygan taqdirimda ham, mamlakatimni oyoqosti qildirib qo‘ymayman va oldindan sotmayman! Men Chuy orqali Issiqko‘lga borayotganimda Chuy vodiysining yarmini 40ta otga ayriboshlashganini ko‘rganman, unaqalar 40 million dollarga undan ham ko‘proq joyni sotishsa kerak? Lekin odamlarning o‘zlari hal qilishlari kerak, kimni istashsa o‘shani saylashsin.

Yashirmayman, men juda ko‘p aldanaman. Siz mendan so‘radingiz, ayniqsa meni unchalik yoqtirmaydigan sayt, sizlarga rostini aytdim. Hozir aytgan har bir so‘zim uchun sudda ham, Xudo oldida ham javob berishga tayyorman. Chunki mening o‘zim shu Babanchikni shuncha yillar ichida himoya qilib kelganman, kuchishlatar organlar 2011 yildayoq menga uning joyi mutlaqo boshqa yerda ekanligini aytishgan, lekin men aldanishi oson bo‘lgan insonman, meni sotganlarni osongina kechira oladigan odamman. Juda ko‘plab insonlar menga xiyonat qilishgan, men esa ularni kechirib yana ko‘targanman. Natijani ko‘ryapsizku, menimcha inson kechirimli bo‘lishi kerak baribir. Unaqa yaramaslarni Xudoning o‘zi jazolaydi. Bizning sotqin muxolifatimiz, eski siyosatdonlarimiz eshitib qo‘ysin: men har bir gapimga istalgan sudda javob bera olaman.

Mavzuga oid