Jahon | 10:25 / 18.10.2017
11006
5 daqiqa o‘qiladi

Britaniya razvedkasi rahbari bayonot bilan chiqdi

Foto: Reuters

Britaniya razvedka xizmatlari terrorizmga qarshi tobora ko‘proq kurash olib bormoqda, deya ma'lum qildi MI-5 razvedka xizmati rahbari Endryu Parker Londondagi maxsus brifingda.

Parkerning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunda uning bo‘linmasi ortib borayotgan terrorizm tahdidiga duch kelmoqda va uni aniqlash qiyinroq holga aylandi.

Bu yil Buyuk Britaniyada beshta terakt sodir etildi. Parkerning ta'kidlashicha, ular MI-5 xodimlariga jiddiy ma'naviy ta'sir ko‘rsatgan.

Mahkama boshlig‘ining aytishicha, IShID guruhi safida jang qilishga jo‘nab ketgan britaniyaliklardan 130 nafari halok bo‘lgan.

Parkerning ta'kidlashicha, MI-5 hozirda 500 ga yaqin amaliyotni o‘tkazmoqda, ular ekstremistik faoliyatiga u yoki bu jihatdan aloqador bo‘lgan taxminan 3000 kishini qamrab oladi.

O‘tgan to‘rt yil mobaynida 20 ta hujumning oldi olindi, shu jumladan oxirgi yetti oyda yettita. Ularning barchasi ekstremizm bilan bog‘liq, deya qo‘shimcha qilgan u.

Terrorchilar bu yil amalga oshirgan beshta hujumdan eng qonlisi «Manchester Arena» konsert zalining foyesida qo‘shiqchi Ariana Grandening konsertidan so‘ng sodir bo‘lgan xudkushlik hujumi bo‘lib, hodisa oqibatida 22 kishi halok bo‘ldi.

Bundan tashqari, mart oyida parlament yaqinidagi hujum paytida besh kishi hayotdan ko‘z yumdi. London ko‘prigi yaqinida esa mashinaning odamlar ustiga haydab borilishi, so‘ng undan uch kishining tushib, o‘tkinchilarga pichoq bilan tashlanishi tufayli yana sakkiz kishi halok bo‘lgan.

Iyun oyida erkak kishi London shimolidagi masjid yaqinida odamlar ustiga mashinani haydab bordi, sentabrda Parsons-grin bekatidagi metro vagonida qo‘lbola bomba qisman portlatildi, natijada 30 kishi jabrlandi.

Ba'zi holatlarda, masalan, London ko‘prigidagi hujum kabi, jinoyatchilardan biri – Huram Batt – MI-5’ga yaxshi ma'lum bo‘lgan, unga nisbatan tergov olib borilgan.

Jurnalistlar Parkerdan MI-5 kuzatuvining ma'nosi nimada ekanini so‘rashgan. Ularning bildirishicha, o‘sha shaxslar ekstremistlar bilan aloqalarini yashirishmagan hamda terakt sodir etish imkoniyatini qo‘lga kiritishgan.

Uning javobiga ko‘ra, har bir maxsus kuzatuv obekti har kunlik va har haftalik asosda baholanadi hamda shu asosda ustuvor vazifalar belgilanadi.

«Asosiy muammolarimizdan biri - bizda faqat ma'lumotlarning bir qismi bo‘ladi, hamda ularni nima sodir bo‘lishi bo‘yicha yagona kartinaga birlashtirish kerak bo‘ladi», - dedi MI-5 rahbari.

Uning ta'kidlashicha, hujum yuz berganda, uni mahkamaga tanish bo‘lgan shaxs amalga oshirishi ehtimoli yuqoridir. Aks holda, maxsus xizmatlar noto‘g‘ri yo‘nalishda qidirishgan.

MI-5 rahbarining xabar berishicha, Britaniyadan 800 kishi Suriya va Iroqda jang qilish uchun jo‘nab ketgan.

Ularning ba'zilari bir necha yil o‘tgach, qaytib kelishganidan so‘ng maxsus xizmatlar tomonidan jiddiy kuzatuvga olinadi, hamda xavf keltirish darajasi baholanadi.

Parkerning ta'kidlashicha, so‘nggi vaqtlarda kutilganidan kamroq odam qaytib kelgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, Suriya va Iroqda qolganlar, ehtimol, hibsga olinishlari mumkinligini bilib, qaytishdan bosh tortishgan.

Uning qayd etishicha, xalqaro hamkorlik muhim rol o‘ynashda davom etmoqda. Shuningdek, MI-5 rahbari Hollandiyadagi qo‘shma aksilterrorchilik tezkor markazi haqida ilk bor gapirdi. Unda turli mamlakatlarning aksilrazvedka xizmatlari vakillari ishlashadi va axborot almashadilar.

Ularning ishi tufayli Yevropada 12 kishi hibsga olindi, deya xabar berdi.

Boshqa davlatlardan keladigan tahdidlar haqida gapirar ekan, Parker mahkama turli mamlakatlar, shu jumladan Rossiya manfaatlari uchun keng ko‘lamli yashirin harakatlarni kuzatib borayotganini aytdi. U Britaniya hududidagi tajovuzkor kiberhujumlar, an'anaviy josuslik va aniq qotilliklarni o‘z ichiga oladi.

Ammo u Britaniyada bunday faoliyatga nisbatan kuchli himoya mexanizmlari mavjudligini ta'kidladi.

Mavzuga oid