21:00 / 27.10.2017
24998

Kataloniya hukumati mustaqillik e'lon qildi. Endi ular «bir to‘da jinoyatchilar»

© AP Photo / Paul White

Ispaniya bosh vaziri Mariano Raxoy Kataloniya parlamentining mustaqillik e'lon qilish haqidagi qarorini jinoyatkorona harakat deb baholadi.

«Bugun Kataloniya parlamenti ma'qullagan qaror qonunlarga zid va bu jinoyatkorona harakatdir», degan u Konstitutsiyaning 155-moddasini qo‘llashni ma'qullagan Senat yig‘ilishi yakunida.

«Biz bir to‘da kishilar konstitutsiyamizni yo‘q qilishlariga yo‘l qo‘ymaymiz. Davlat o‘z javobini qaytaradi», deya qo‘shimcha qilgan bosh vazir. U kataloniyaliklarni barchasi yaxshi bo‘lishiga ishontirgan.

Bugun, 27 oktabr kuni Kataloniya parlamenti mintaqa Ispaniyadan mustaqil bo‘lganini rasman tasdiqlaydigan rezolyutsiyani imzoladi.

Ushbu hujjatni yoqlab 70 deputat ovoz berdi, o‘n kishi qarshi fikr bildirdi, ikki vakil betaraf bo‘ldi. 135 o‘rinli parlamentning qolgan a'zolari ovoz berishga boykot e'lon qilgandi. Shu tariqa, deputatlarning yarmidan ko‘p qismining ma'qullashi bilan rezolyutsiya kuchga kirdi.

26 oktabr kuni Kataloniya jyeneraliteti rahbari Karles Puchdemon Madridning talabiga ko‘ra parlamentni tarqatib, navbatdan tashqari saylov o‘tkazishdan bosh tortgan edi.

Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilinishiga javoban federal hukumat mintaqada to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqaruv joriy etish harakatlarini boshladi. 

Kataloniyadagi voqealardan ko‘p o‘tmasdan Ispaniya bosh vaziri Senatning shoshilinch yig‘ilishini chaqirdi. Unda senat Kataloniya muxtoriyati rahbariyatini hokimiyatdan chetlashtirib, mintaqada Madridning bevosita boshqaruvini joriy etish haqidagi rezolyutsiyani qabul qildi. 

Hujjatni yoqlab 214 senator ovoz berdi, 47 kishi qarshi chiqdi, bir vakil betaraflik qildi.

Senatorlar konstitutsiyaning 155-moddasini qo‘lladi. Bu moddada Kataloniya mamlakatdagi tartibga daxl qilgan paytda muxtoriyat huquqi to‘xtatilishi belgilangan.

Bundan tashqari, Ispaniya bosh prokuraturasi Kataloniya hukumati a'zolari isyonda ayblangan da'volarni tayyorlashga kirishgan.

Mavzu
Kataloniyada mustaqillik referendumi

Ispaniyaning shimoliy-sharqiy hududida, Kataloniya avtonomiyasida, istiqomat qiluvchi aholi 1 oktabr katalonlarning mustaqillik masalasini hal etish uchun ko‘chaga chiqdi. Rasmiy Madrid ushbu harakatni yo‘qqa chiqarish maqsadida mahalliy politsiya kuchidan foydalanmoqda.

Barchasi
Mavzuga oid
Top