Qachon harorat xavfli hisoblanadi? Uning belgilari qanday bo‘ladi? Qanday dorilarni qo‘llash kerak? Buvilarimizning maslahatlariga quloq tutsak bo‘ladimi? "Layfxaker" shu kabi savollarga javob beruvchi maqolasi bilan bo‘lishdi.

Qanday harorat baland hisoblanadi?

Dastlab shuni ta'kidlash lozimki, aslida harorat har bir insonda bo‘ladi va u me'yorda aynan 36,6 darajada bo‘lishi shart emas. Bu o‘rtacha ko‘rsatkich hisoblanadi, chunki sog‘lom odamda u 36,1 dan to 37,2 darajagacha bo‘lishi va hatto kun davomida o‘zgarishi mumkin. Masalan, ovqatlangandan so‘ng yoki jismoniy harakatlardan keyin harorat ko‘tarilishi hech gap emas.

"Bolaning issig‘i chiqdi" deganda tana haroratining 37,2 darajadan yuqorilashi nazarda tutiladi.

Nima uchun tana harorati ko‘tariladi?

Istimalash - organizmning turli infeksiyalarga nisbatan himoya reaksiyasi. Yuqori tana haroratida bakteriya va viruslarning omon qolishi qiyin, organizm shu tariqa xavfli mikroorganizmlarni yo‘q qiladi va biryo‘la immun tizimini faollashtiradi.

Bolalarda harorat ko‘pincha biz shamollash deb ataydigan raspiratorli virus infeksiyalari tufayli ko‘tariladi. Biroq bunday bo‘lmasligi ham mumkin. Harorat, shuningdek, yana turli jarohatlar, qizish, onkologik, gormonal va autoimmun kasalliklari va hatto ba'zi dori vositalarining aks ta'siri natijasida ham yuzaga kelishi mumkin.

Bolaning istimasi chiqayotganini qanday anglash mumkin?

Kattalar yuqori haroratni odatda quyidagi belgilarga ko‘ra aniqlashadi:

  1. Zaiflashish;
  2. Bosh og‘riqlari;
  3. Titroq;
  4. Ishtahaning yo‘qolishi;
  5. Mushaklardagi og‘riqlar;
  6. Terlash.

Gapirishni biladigan yoshdagi bolalar yoqimsiz holatdan shikoyat qilishlari mumkin. Biroq hali tilga kirib ulgurmagan bolakaylarda ham harorat ko‘tarilishi kuzatiladi.