16:35 / 04.11.2017
16986

YTH tufayli qiymati million dollardan ortiq bo‘lgan asalarilar nobud bo‘ldi

Foto: AFP

AQShning Kaliforniya shtatida qiymati million dollardan ko‘proq bo‘lgan bir necha millionta asalarini olib ketayotgan yuk mashinasi yo‘l-transport hodisasiga uchradi, natijada barcha asalarilar nobud bo‘ldi. Bu haqda Fox 40 telekanali xabar bermoqda.

Telekanal ma'lumotlariga ko‘ra, YTH Obern shahrida payshanba kuni kechqurun yuz berdi. Yuk mashinasi haydovchisining so‘zlariga ko‘ra, yo‘ldagi harakat birdaniga to‘xtagan hamda u shossedan chetlashishga majbur bo‘lgan. Oqibatda mashina yo‘l chetidagi tepalikka kelib urilgan. Bir necha yuzlab asalari yashigi yerga qulagan.

Asalarichi Neytan Smitning so‘zlariga ko‘ra, YTH kechki payt sodir bo‘lgani hamda yomg‘ir yog‘ishni boshlagani tufayli ularga sovunli suv purkalgan va shu tariqa ular nobud bo‘lgan.

Asalarilar Montana shtatidan Kaliforniya vodiysiga olib ketilayotgan bo‘lgan, u yerda arilar bodom daraxtlarini changlatishi lozim bo‘lgan. Smitning ma'lum qilishicha, asalarilar qiymati – bir-ikki million dollar atrofida.

Top