16:05 / 06.11.2017
6523

Janubiy Koreya va Yaponiya KXDRga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar kiritmoqda

Foto: Reuters

Janubiy Koreya hukumati dushanba kuni Shimoliy Koreya banklarining yuqori lavozimli 18 vakiliga qarshi sanksiyalar kiritish qarori haqida e'lon qildi. "Ryonxap" agentligi shu haqida xabar berdi. 

Agentlikning ta'kidlashicha, gap KXDR tashqarisidagi Xitoy, Rossiya, Liviya kabi mamlakatlardagi banklar haqida ketmoqda.

"Bu odamlar KXDR banklarining xorijdagi vakillari bo‘lib ishlashgan. Ular ommaviy qirg‘in qurolini ishlab chiqish uchun zarur pullarni olishga aloqadorlikda gumon qilinmoqda", - deydi Janubiy Koreya TIV vakili. 

Bundan tashqari, Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe 6 noyabr kuni Shimoliy Koreyaga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar kiritish rejasi haqida ma'lum qildi.

"Ertaga biz 35 tashkilot va jismoniy shaxs aktivlarining muzlatilishiga doir qaror qabul qilamiz", - dedi u AQSh prezidenti Donald Trampning Yaponiyaga tashrifi davomida o‘tkazilgan qo‘shma matbuot konferensiyasi davomida. 

Ta'kidlash joizki, sanksiyalar KXDRda yadroviy qurol va ballistik raketa ishlab chiqishga doir dastur ustidagi ishlar davom etayotgani tufayli kiritilmoqda. 

Top