Tahririyatimizga «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga qarashli «Jomboy ko‘mir ombori»da ko‘mir olishda sansalorlik va sun'iy yuzaga keltirilayotgan taqchillik ortidan turli «o‘yinlar»ga duch kelayotgan urgutlik fuqarolardan telefon orqali shikoyat kelib tushdi. 

Vaziyatga oydinlik kiritish, umuman, Samarqand viloyatida tabiiy gaz bilan ta'minlanmagan aholi xonadonlariga ko‘mir yetkazib berish qay ahvolda ekanligi bilan tanishish uchun viloyatdagi «Jomboy», «Zarafshon» va «Maroqand» ko‘mir omborlari bilan tanishdik.

Jomboydagi omborga borar ekanmiz, ko‘chaning ikki tomoni ellik chog‘li yuk mashinalarga to‘la ekanligi, odamlar ombor darvozasi oldida gavjumlashib turganiga guvoh bo‘ldik. Chap tarafdan navbatsiz omborga kirishga uringan avtomashinalardan birining haydovchisini kimdir chiqib so‘kdi. U ombor mudiri Orif Qurbonov ekan. O‘zimni tanishtirib, undan vaziyat haqida so‘radim. 

«Boshqalarga qat'iy navbatga ko‘ra, nogironlarga esa navbatsiz ko‘mir tarqatmoqdamiz», — dedi «Jomboy» ombori mudiri O.Qurbonov.

«Qaysi tumanlarga ko‘mir tarqatyapsizlar?»

«Bu yerdan Jomboy, Tayloq, Urgut, Payariq va Samarqand tumani aholisi ko‘mir olib ketmoqda. Oluvchi juda ko‘p, o‘z-o‘zidan navbat hosil bo‘ladi. 2–3 kunlab turganlar bor, yaxshi xabardorman. Kuniga 8–9 ta vagonni yuklab aholiga ko‘mir tarqatmoqdamiz. Ish vaqtimiz soat 17:00 ga bo‘lsa ham, kechgacha ishlayapmiz». 

Biroq Urgut tumani «Jayratepa» mahallasidan murojaat qilgan 1-guruh nogironi (ko‘zlari ojiz) Temur Nuriyevning hikoya qilishicha, qo‘liga ko‘mir olish uchun chek berilganidan so‘ng, «siz bu yerda turavermang, jiyaningizni qoldirib ketsangiz bo‘ldi, orqangizdan shu bugunoq yetkazamiz», deyilganidan so‘ng u 70 km uzoqlikdagi uyiga ketadi. Ko‘mir olish uchun qolgan jiyani «tog‘a, bular bugun ko‘mir beradiganga o‘xshamayapti», degach, qo‘shnisining mashinasida yana omborga qaytib keladi. «Bugun ombor yopildi, ertaga ertalab, birinchi navbatda olasiz», degan javobni eshitadi.

Ertasi kuni biz omborga yetib borganimizda, soat 15:30 edi. T.Nuriyevga ko‘mir shu vaqtda yuklab berilayotgan edi.

Ko‘chada navbat kutayotgan fuqarolarni sekin suhbatga tortamiz: Tayloq tumani «G‘ulba» mahallasidan kelgan D.Mamatqulova shunday deydi:

— Mahallamiz navbatga qo‘yilganida menga ko‘mir yetmasdan qolib ketdim. Mana endi 3 kundan beri sarsonman. Mahallaga ajratilgan kuni kelib ko‘mir ololsangiz oldingiz, bo‘lmasa mahallangiz keyingi marta navbatga qo‘yilganga qadar kutishga majbur bo‘lar ekansiz.