O‘zbekiston | 17:41 / 22.11.2017
14131
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi siyosiy hamkorlik

Foto: UzReport

2017 yilning 22-25 noyabr kunlari Koreya Respublikasi prezidenti Mun Chje In taklifiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi bo‘lib o‘tmoqda. 

Ikki mamlakat o‘rtasida bir qator sohalarda barqaror hamkorlik uzoq yillardan buyon davom etib kelmoqda. Quyida siyosat sohasida davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar haqida umumiy ma'lumotlarni havola etamiz.

Koreya Respublikasi davlatimiz mustaqilligini 1991 yil 30 dekabr kuni tan olgan. Davlatlar o‘rtasidagi diplomatik aloqalar 1992 yil 29 yanvardan boshlangan. Bu vaqt mobaynida ikki davlat rahbarlari ishtirokida 14 ta sammit o‘tkazildi. 

2006 yilda O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi Strategik hamkorlik to‘g‘risidagi o‘zaro deklaratsiyani imzoladilar. Bu voqea siyosiy, savdo, iqtisodiy, investitsiya va madaniyat sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqdi.

Mamlakatlar parlamentlararo aloqalar yo‘nalishidagi o‘zaro hamkorlikni ham jadal rivojlantirishmoqda. Jumladan, 1995 yilda Koreya Respublikasining Milliy Assambleyasida “Koreya – O‘zbekiston” parlamentning do‘stlik uyushmasi tashkil etilgan. 2005 yildan boshlab Oliy Majlisning Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi faoliyat yuritmoqda. 2012 yil yanvar oyida ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik aloqalarning 20 yilligi munosabati bilan Koreya Respublikasining Milliy Assambleyasi spikeri Pak Xi Te O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

Ikki mamlakat o‘rtasida hukumatlar darajasidagi delegatsiyalarning o‘zaro tashriflari kengayib bormoqda. Muntazam ravishda tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari darajasida siyosiy maslahatlashuvlar, xalqaro tashkilotlar doirasida muvaffaqiyatli hamkorlik olib borilmoqda.

Tashrif boshlangunga qadar, hamkorlikning huquqiy asosi O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasida imzolangan turli sohalardagi 149 ta ikki tomonlama hujjatlardan iborat bo‘lgan (xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar o‘rtasidagi hujjatlarni hisobga olmagan holda).  

Mavzuga oid