Bugun, 23 noyabr kuni Seul shahrida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev o‘zining Janubiy Koreyaga davlat tashrifi doirasida Koreya - O‘zbekiston biznes-forumida ishtirok etdi.

Forumda ikki davlatning iqtisodiy va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari, yetakchi ishbilarmonlari qatnashishdi.

Uchrashuv boshida Koreya savdo-sanoat palatasi raisi Pak Yong-man Koreya Respublikasi prezidenti Mun Jye-Inning biznes-forum qatnashchilariga tabrik murojaatini o‘qib eshittirdi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishi avvalida koreyalik hamkasbining forum qatnashchilariga murojaati ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning mustahkamlanishida katta ahamiyat kasb etishi va muhim ko‘prik bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.

Prezidentning Koreya Respublikasiga tashrifini yoritish bo‘yicha matbuot markazi «Kun.uz»ga ma'lum qilishicha, O‘zbekiston prezidenti Koreya Respublikasi va O‘zbekiston o‘rtasida turli sohalarda o‘xshashliklar ko‘pligini ta'kidlab o‘tdi. U shuningdek, O‘zbekiston koreys tadbirkorlari uchun keng eshik ochganini aytib o‘tdi. O‘zbekiston prezidenti ayni paytda mamlakatda biznes yuritishni yengillashtirish va xorijiy investitsiyalari himoyalashga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar kompleksi amalga oshirilayotganini qayd etib o‘tdi. O‘z chiqishi davomida prezident Mirziyoyev zalda o‘tirgan O‘zbekiston moliya-iqtisodiy idoralari rahbarlariga koreys ishbilarmonlari bilan jips hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muayyan topshiriqlar berdi.

«Mening Koreya Respublikasiga davlat tashrifim aynan sizlar bilan boshlangani bejiz emas. Biz Koreya kompaniyalarning investitsiyalari, ilg‘or texnologiyalari va menejmentini O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirish uchun jalb qilishdan manfaatdormiz. Bizda koreys biznesiga taqdim etishga arzigulik narsalar bor», — dedi prezident Mirziyoyev.

«Alohida qayd etib o‘tishim kerakki, bugun biz mamlakatimizga ishonchni mustahkamlash yo‘li bilan investorlarni jalb qilish, uzoq muddatli va oldindan taxmin qilsa bo‘ladigan siyosat, shaffof ishbilarmonlik va investitsion iqlimni shakllantirishga yo‘naltirilgan qat'iy choralarni joriy etmoqdamiz. Bu biz tomonimizdan tasdiqlangan keyingi 5 yilga O‘zbekistonni rivojlantirish Strategiyasining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Birinchidan, biz shu yilning sentyabridan valuta bozorida kompaniyalar uchun to‘siqlarni butunlay bartaraf etib, milliy valutaning erkin konvertatsiyasini joriy etdik.

Ikkinchidan, biz tashqi savdo siyosatini yanada erkinlashtirish bo‘yicha faol choralar ko‘rishda davom etayapmiz.