17:50 / 24.11.2017
16282

Sayyor sud. Marg‘ilonda uyini qimorxonaga aylantirgan shaxs javobgarlikka tortildi

Marg‘ilon shahrining «Yo‘rmado‘z» mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi fuqaro A.B. Qo‘shtepa tumanida yashovchi bir guruh shaxslar bilan til biriktirib o‘z turar joyida qimorxona tashkil etgan. Bu haqda Kun.uz muxbiri Farg‘ona viloyatidan xabar bergan.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 278–moddasida «Qimorxona tashkil etish va saqlash» bilan bog‘liq holat bo‘yicha tegishlicha javobgarlik belgilangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudi tomonidan qonun ustuvorligini ta'minlash borasida kelgusida qimorxona tashkillashtirish, saqlash va unda ishtirok etish kabi holatlarning oldini olish maqsadida aynan voqelik aniqlangan mahallada sayyor sud ishi o‘tkazildi.

Ayblanuvchining ishi yuzasidan o‘tkazilgan sayyor sud majlisida o‘z uyida - muqaddas qo‘rg‘onida qimorxona tashkillashtirish nafaqat qonunlar qolipiga, balki odamiylik odobiga ham yarashmaydigan ish ekani ta'kidlandi.

Qonun tili bilan aytganda qimorxona tashkillashtirgan va unda ishtirok etganlar jinoiy va ma'muriy jazoga tortiladi. Sayyor sudda mahalladoshlar holat bo‘yicha o‘z fikrlarini aytib, oldini olishga doir takliflarini bildirishdi. To‘plangan barcha materiallar ko‘rib chiqilgach, sud tomonidan insoniylik tamoyillari oliy o‘ringa qo‘yildi, ayblanuvchiga nisbatan 3 yil muddatga axloq tuzatish va eng kam ish haqining 20 baravarigacha jarima to‘lash jazosi belgilandi.

Xulq atvorida beo‘xshov harakatlar sezilayotgan kishilarga mahalladoshlarning murosasiz munosabatda bo‘lishlari tushuntirilar ekan, yaxshiga yondashib, yomondan yiroq yur, deganlari bekor emasligi eslatildi.

 

Ahror Ziyo, Farg‘ona

Mavzuga oid
Top