19:20 / 30.11.2017
11043

Istanbulda kurash buyicha jahon chempionati boshlanmoqda

Bugun, 30 noyabr kuni Turkiyaning Istanbul shahrida kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi 11-jahon chempionati doirasidagi tadbirlar dasturi boshlandi. O‘zbek milliy sport turi bo‘yicha jahon chempionati 30 noyabrdan 4 dekabrga qadar davom etadi. Bahslar «Suyovushposhsho» majmuasida tashkil etiladi. Bu haqda O‘zbekiston kurash federatsiyasi matbuot xizmati «Kun.uz»ga ma'lum qildi.

Chempionat Xalqaro Kurash Assotsiatsiyasi tashabbusi bilan Turkiya kurash federatsiyasi va Istanbulning Bahcheleevler munitsipaliteti tomonidan tashkil etilgan.

Bugun Pullman Convention Center Istanbul mehmonxonasida Turkiya va xorij davlatlarining ommaviy axborot vositalari  xodimlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Matbuot anjumanida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti Haydar Farmon (Kuvayt), Bahcheleevler munitsipaliteti meri va jahon chempionati tashkiliy qo‘mitasi raisi hamda Turkiya kurash federatsiyasi prezidenti Yusuf Yildirim ishtirok etdi.

Anjuman ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Jumladan, Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti janob Haydar Farmon bu safargi jahon chempionati kurashning xalqaro arenalarda rivojlanishini yangi bosqichga ko‘tarishini ta'kidlagan bo‘lsa, Bahcheleevler munitsipaliteti meri Yusuf Yildirim tashkiliy qo‘mita tomonidan chempionatning yuqori saviyada o‘tishi uchun barcha zaruriy ishlar amalga oshirilganini ta'kidladi.

Jahon chempionatida Osiyo, Afrika, Yevropa va Amerika qit'asidagi 50ga yaqin davlatdan ishtirokchilar bo‘lishi kutilmoqda.

Musobaqalar 2-3 dekabr kunlari 15 ta vazn toifasida (erkaklar 60, 66, 73, 81, 90, 100 va undan yuqori; ayollar  48, 52, 57, 63, 70, 78, 87 va 87 kilogrammdan yuqori vazn toifasida) bo‘lib o‘tadi. Musobaqada ishtirokchi davlatlar har bir vazn toifasidan ikki nafardan kurashchini ro‘yxatdan o‘tkazishga haqlidir.

1 dekabr kuni kurash bo‘yicha jahon chempionati doirasida milliy Kurash federatsiyalarining rahbarlari ishtirokida, XVII Xalqaro Kurash assotsiatsiyasi kongressini o‘tkazish belgilangan. Kongress davomida chempionatlar taqvimi, 2018 yilga mo‘ljallangan turnir va seminarlar hamda Xalqaro kurash assotsiatsiyasi faoliyati bilan bog‘liq boshqa masalalar ko‘rib chiqiladi.

Mavzuga oid
Top