15:59 / 30.11.2017
21167

MXX narkofurushlar tarmog‘ini fosh qildi

Giyohvand moddalar inson salomatligi va millat genofondiga katta zarar yetkazadi. Shunga qaramay, ular bilan savdo qilish va tarqatishni boyish vositasi deb hisoblaydigan odamlar uchrab turibdi. O‘zbekistonda bu yovuzlikka qarshi kurash huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan birgalikda olib borilmoqda. Ular giyohvand moddalarni noqonuniy olib o‘tish kanallarini aniqlashmoqda va narkofurushlarni qo‘lga olish bo‘yicha tezkor tadbirlar o‘tkazishmoqda.

Kuni kecha Milliy xavfsizlik xizmati Davlat bojxona qo‘mitasi vakillari bilan birgalikda giyohvand moddalar kontrabandasi hamda uni sotish bilan shug‘ullangan shaxslar guruhining jinoiy faoliyatiga chek qo‘ydi.

"O‘zbekiston fuqarolari Oqilbek Mirzayev va Oybek G‘ozibekov, Tojikistonda yashovchi Akrom ismli shaxs bilan jinoiy til biriktirib, Toshkent viloyatining Bekobod tumani hududidagi bojxona postlarini chetlab o‘tib, aylanma yo‘llar orqali respublika hududiga 1 kilogrammdan ortiq ko‘knor olib kirgan. Jinoyatchilar kontrabanda yukini Bekobod hududidagi ko‘prik ostiga yashirib qo‘yishgan bo‘lgan", - deya aytib o‘tdi MXX vakili.

Ertasi kuni Mirzayev yashirilgan joydan narkotiklarni olib ketadi hamda ularni Bekobod markaziy bozoriga olib keladi, ular bu yerda G‘ozibekov bilan uni mijozga yetkazishlari kerak edi. Mijoz esa haydovchisi Faxriddin Qodirov bo‘lgan “Damas” avtomobilida kelgan Ruslan Eshonqulov ekani aniqlandi.

Tezkor xodimlar kelishuvning barcha ishtirokchilarini narkotiklarni “Damas” avtomobilida berish chog‘ida, ashyoviy dalil bilan qo‘lga olishdi.

"Oqil Mirzayevdan rangli sellofan paket olindi, uning ichida skotch bilan o‘ralgan va kuchli hid tarqatuvchi modda bo‘lgan. Ekspertiza natijalarining ko‘rsatishicha, bu og‘irligi 1 kilogrammdan ortiq ko‘knor ekan", - deya aytib o‘tdi huquqni muhofaza qilish idorasi vakili.

Tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, Ruslan Eshonqulov narkotiklarni Doniyor Hasanovga yetkazib berishi kerak bo‘lgan, u esa uni tarqatish bilan shug‘ullangan, olingan pullar esa Tojikistonga jo‘natilishi lozim edi.

Milliy xavfsizlik xizmati jinoiy guruhning barcha a'zolariga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atdi.

Top