17:50 / 06.12.2017
18101

Toshkent viloyati tuman va shaharlarida “namunaviy to‘ylar” bo‘lib o‘tmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil Toshkent viloyatining Olmaliq va Bekobod shaharlariga qilgan tashrifi davomida to‘y-hasham va marakalardagi isrofgarchilik, dabdababozlik holatlariga chek qo‘yish, to‘ylarni milliy urf-odatlar va an'analarni unutmagan holda tashkillashtirish yuzasidan topshiriq bergan edi.

Ushbu topshiriq ijrosi yuzasidan Toshkent viloyat adliya boshqarmasi hokimliklar, xotin-qizlar qo‘mitalari, musulmonlar idorasi vakillari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari va faollari, “Mahalla”, “Nuroniy” jamg‘armalari, yoshlar ittifoqi hududiy kengashlari a'zolari bilan hamkorlikda doimiy ravishda zarur chora-tadbirlar ko‘rmoqda.

Amalga oshirilayotgan ishlar natijasi hamda keng jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda, Toshkent viloyati miqyosida “Namunaviy to‘ylar” loyihasi ostida doimiy ravishda nikoh to‘ylari o‘tkazib kelinmoqda va ushbu namuna viloyat bo‘yicha ommalashtirilmoqda.

Toshkent viloyati adliya boshqarmasining KUN.UZ’ga ma'lum qilishicha, joriy yilning 1 - 4 dekabr kunlari Toshkent viloyatining Chinoz, Oqqo‘rg‘on, Piskent, Yuqorichirchiq va Quyichirchiq tumanlarida yuqoridagi kabi “namunaviy to‘ylar” o‘tkazildi.

Yosh kelin-kuyovlarning baxtli onlari tuman FHDYo bo‘limlari tomonidan tantanali ravishda qayd qilinib, nikohlanuvchi yoshlarga yangi hayot bo‘sag‘asiga kirish uchun aytilayotgan tilak va istaklar bilan bir qatorda ularga oila psixologiyasi, yoshlarning oiladagi huquq va majburiyatlari, yosh avlod tarbiyasiga oid kitoblar ham tuhfa etildi.

Bunday ixcham tarzda o‘tgan to‘y marosimlarida to‘yxona egalari va yoshlarning alohida ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lishi, uning o‘yin-kulgi va alohida bir fayz bilan o‘tganligi kuzatilishi bilan bir qatorda, oila byudjyetini iqtisod qilinishi hamda yosh oila hayotining moliyaviy barqarorligini oshirilishiga zamin yaratganligini ko‘rsatish joiz.

Ushbu to‘y marosimlari markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.

Top