22:10 / 07.12.2017
10464

Ifloslangan havo go‘daklar miyasiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda

Foto: AFP/GETTY

Bir yoshgacha bo‘lgan 17 million bola zaxarlangan havodan nafas oladi. Ifloslantiruvchi moddalar ularning rivojlanayotgan miyasiga bir umrga ziyon yetkazishi mumkin. BBC BMT Bolalar fondi (YUNISEF)ning ma'ruzasiga asoslanib, shu haqida ma'lum qildi. 

Janubiy Osiyoda yashovchi bolalar hammadan ko‘p xavf ostida. 12 milliondan ortiq kishi xavfsiz darajadan olti karra oshib ketgan ifloslangan tumanlarda yashaydi. Yana 4 million kishi Sharqiy Osiyo va Tinch okeani mintaqasida xavf ostida yashab kelmoqda.

YUNISEF bayonotiga ko‘ra, ifloslangan havoning muayyan zarrachalarini ichga yutish miya to‘qimalariga ziyon yetkazib, bolaning kognitiv rivojlanishiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

Ma'ruzada ta'kidlanishicha, atrof-muhitning zararli ta'siri oqibatlari insonni butun umr davomida ta'qib qiladi. 

YUNISEF himoyalovchi niqoblar va havo filtratsiyasi tizimlaridan ko‘proq foydalanishga chaqirib, havoning ifloslanishi yuqori darajaga ko‘tarilgan davrda bolalar bilan sayohatga chiqishni tavsiya qilmaydi. 

O‘tgan oyda Hindiston poytaxti Dehlini qalin kulrang smog qamrab oldi - shaharning ba'zi tumanlarida havoning ifloslik darajasi me'yordan 30 barobar oshib ketdi. Dehlining bosh vaziri Arvind Kejrival shaharni "gaz kamerasi"ga qiyosladi.

Shimoliy Xitoyda havoning ifloslanishi odamlarning yashash davomiyligini taxminan uch yilga qisqartirdi. Hukumat kompaniyalar uchun sanoat chiqindilariga nisbatan yanada qat'iy qoidalarni joriy qildi, biroq davlat OAVning xabariga ko‘ra, qoidalar muntazam ravishda buzib kelinmoqda.

Ma'ruzaga ko‘ra, ma'lumot to‘plash uchun qo‘llanuvchi sun'iy yo‘ldoshdan olingan suratlar Afrika mamlakatlarida ham bu muammo dolzarbligini ko‘rsatmoqda.

O‘z navbatida, London shifoxonalari olimlari tomonidan olib borilgan alohida tadqiqotlar Britaniya poytaxtining ifloslangan havosi tug‘ilish vaqtida go‘daklar vaznining kamayishiga sabab bo‘layotganidan dalolat bermoqda. 

Tadqiqotchilarning fikricha, ifloslangan havo go‘daklar o‘limi va kattalardagi kasalliklarning asosiy sabablaridan biridir.

Top