21:35 / 10.12.2017
85290

Ibratli kasb tarixi. Qabriston qarovchisi bilan suhbat

Olamlarning sarvari Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam janobimiz aytdilar: «Qabrlarni ziyorat qilishni istagan kishi ziyorat qilsin. Chunki qabr ziyorati bizga oxiratni eslatadi»​. Darhaqiqat, boy va faqir, olim va dehqon ham bir kun kelib mana shu maskanda mangu orom topadi. 

Aytmishlarkim, kimki mamlakatning qudrati va turmushini bilishni istasa, bozor aylansin, mozor kezsin. Ana shu naqlga amal qilib, Kun.uz muxbiri Toshkent shahrida joylashgan qabristonlardan birida mehnat qilib kelayotgan Miroqil ota bilan suhbat uyushtirishga qaror qildi. 

«Men ota kasbini salkam 40 yil mobaynida davom ettirib kelaman, qolaversa, o‘g‘illarimga shu kasbni o‘rgataman. Qabriston qarovchisi, go‘rkov yoxud mangu tinchlik cho‘mgan yerning xizmatchisi bo‘lish o‘ziga yarasha mas'uliyat talab etadi», deydi Miroqil ota. 

Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida joylashgan, xalq orasida «Fozil Ota»​ nomi bilan mashhur ibratxonada xizmat qiluvchi Miroqil Fozilov ota kasbini davom ettirib kelayotgan hudud qarovchisi hisoblanadi. Uning aytishicha, ayni paytda qabristonga aylantirilgan yer bundan salkam bir asr muqaddam Fozil otaga qarashli hovli-joy bo‘lgan. 

«U paytlar kichik bolalar tez-tez vafot etib qolardi. Shunda otam go‘rkovning mas'uliyatini bo‘yniga olib, ularni musulmon taomiliga ko‘ra dafn etishni boshladi. O‘zim ilk marta 17 yoshimda qabr qazib, mayit ko‘mganman», deb so‘z boshladi u. 

Uning aytishicha, har bir mayit uchun joy tayyorlashda alohida qabul qilingan qoidalar bor. Zero, bunday nozik masalalar ushbu ishni pokizalik va toza qalb bilan bajarishga undaydi. 

«Eng avvalo, ozodalik talab qilgan go‘rkovning hayotida mast qiluvchi ichimlik ichish, chekish yo uyat so‘zlar bilan so‘kib, buzuqilik qilish yarashmaydi. Vafot etgan kimsa uchun go‘r qazishda o‘ziga xos odoblari bor: ayvonining sathi ko‘krakdan yuqori turish kerak, lahadning ichida esa bir kishi bemalol tiz cho‘kib o‘tira olishi zarur. Mayit yotqizilganda oyoq tomoni nishabroq bo‘lib, boshi yuqori tomonga qo‘yiladi. Mayitning o‘ng tomoni ham qiya nishab bo‘lib, yuzi qiblagohga qaratib qo‘yiladi. Qadimdan qolgan taomilga ko‘ra, Xo‘jandga oyoq, bosh Turkistonga mos qilib qo‘yiladi», deydi Miroqil ota.

Ayrim holda qarovsiz qolgan murdalarning joyiga kelib, qabr ustidagi o‘t-o‘lanlarni yig‘ishtirar ekan Miroqil ota to‘rtlik she'rni qaytarib turishini ta'kidlab o‘tdi.

Kimningdir qabrini o‘t bosgan tikon, 
Uning farzandlari mutlaq unutgan.
Kimningdir qabrida ochilgan chaman, 
Uning farzandlari gul urug‘in sochgan. 

Ushbu qabristonda Ikkinchi jahon urushidan so‘ng, asirlikda O‘zbekistonga keltirilgan yapon sobiq harbiylari ham dafn etilgan. Fozilovlar o‘zga millat vakillarining joylarini ham obod qilib, ta'mirlab turadi. Uzoq yillar mobaynida ana shu kichik qabristonning yo‘q bo‘lib ketishiga yo‘l qo‘ymagan. Shu boisdan Miroqil Fozilov 2017 yil Yaponiya imperatorining yuksak ordeni bilan taqdirlandi. 

Suhbatni to‘liq tomosha qilish uchun quyidagi havola orqali Youtube yoki Mover platformasiga tashrif buyuring.

Tas-IX

YouTube

Mavzuga oid
Top